Kichik grantlar dasturida ishtirok etish boʻyicha arizalarni qabul qilish

27-November, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasidagi Kichik grantlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur deb yuritiladi) “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasining (keyingi oʻrinlarda – Loyiha deb yuritiladi) tashabbusi hisoblanib, u BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi moliyaviy koʻmagida amalga oshirilmoqda.

Dasturning maqsadi:

Kichik grantlar dasturi Oʻzbekistonning chekka hududlaridagi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga (shu jumladan ayollar, nogironligi boʻlgan shaxslar va yoshlarga) birlamchi yuridik yordam koʻrsatish tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, birlamchi huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish orqali nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Byudjet:

Kichik grantlar dasturining umumiy byudjeti 50  ming AQSH dollarini tashkil etadi.

BMTTD qoidalariga muvofiq, har bir loyiha arizasi uchun soʻralgan eng koʻp miqdor loyiha arizasi topshirilgan kundagi BMTTD kursi boʻyicha milliy valyutada 9 900 AQSh dollaridan oshmasligi kerak.

Grant yoʻnalishlari:

  • aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga (shu jumladan ayollar, nogironligi boʻlgan shaxslar va yoshlarga) birlamchi yuridik yordam koʻrsatish;

  • huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;

  • Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi toʻg‘risidagi axborotni keng tarqatishga qaratilgan bosma va elektron materiallarni (nashrlarni) tayyorlash va chop etish.

Kichik grantlar dasturida ishtirok etish uchun nodavlat notijorat tashkilotlari quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • loyiha arizalarini qabul qilish boshlanganligi toʻg‘risida e’lon qilingan vaqtda Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxs boʻlishi;

  • Kichik grantlar dasturining maqsadlariga mos keladigan sohalarda faoliyat olib borishi;

  • taqdim etilgan loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun tashkiliy-texnik tuzilma va salohiyatga ega boʻlishi.

Kichik grantlar dasturi qoidalari haqida batafsil ma’lumotni bu yerdan topishingiz mumkin. Qiziqish bildirgan NNTlar 2023-yil 15-dekabr kunidan kechiktirmay oʻz arizalarini ushbu havolada keltirilgan shablondan (oʻzbek yoki rus tillarida) foydalangan holda zarur ilovalar bilan birgalikda gulnoza.akhmedova@undp.org elektron manziliga yuborishlari kerak.