O‘quvchilar ta’limi orqali ularning oilasi va jamiyatlar xavfsizligini oshirish sari

24-October, 2024
a group of people posing for the camera

Photo: UNDP Uzbekistan

BMTTD tomonidan FVV va FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi 13-son maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari uchun maxsus o‘quv tadbiri o‘tkazildi. Ushbu tadbirning maqsadi ishtirokchilarni tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz berganida to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatishdan iborat bo‘ldi. Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuniga bag‘ishlangan mazkur tadbir Fuqaro muhofazasi institutida tashkil etildi.

Tabiiy ofatlar qarshisida zaif hisoblangan bolalar va yoshlar himoyaga muhtojdir. Aynan shu sababdan 2024-yilda Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni uchun “Barqaror kelajak uchun yosh avlodning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusi tanlandi. Bu yilgi tadbir maktab o‘quvchilarini o‘qitish yordamida nafaqat bolalar, balki ular yashovchi oilalar va jamiyatlarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi hududi o‘zining geografik va geologik xususiyatlari bo‘yicha tabiiy ofatlar va xatarlar faol yuz beradigan maskan hisoblanadi. O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari tufayli aholi va hududlarni tabiiy ofatlardan himoya qilishga katta e’tibor qaratilayotgan bo‘lib, respublikada boshlangan va davom ettirilayotgan qator tegishli islohotlar doirasida joylarda keng ko‘lamli profilaktika ishlari amalga oshirilmoqda”, –  deya qayd etdi o‘zining chiqish so‘zida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sanjar Zuparov.

a group of people in a room

Photo: UNDP Uzbekistan

BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Akiko Fudzii tadbir ishtirokchilari murojaati chog‘ida quyidagilarni ta’kidladi: “Hech bir mamlakat tabiiy ofatlarning oldini olishga qodir emas, ammo biz ularga tayyor turishimiz mumkin. Bugun biz tabiiy ofatlar xafini kamaytirishga doir o‘quv mashg‘uloti yordamida yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun jamlandik. Muhimi, siz – yoshlar va bolalar – o‘zingizni himoya qilishni o‘rganishingizdir. Mazkur tadbirdan so‘ng siz olgan bilimlaringizni ota-onangiz, oilangiz va qo‘shnilaringiz bilan bo‘lishib, jamiyatlaringizni tabiiy ofatlar qarshisida yanada xavfsiz va barqaror qilishga o‘z hissangizni qo‘shasiz”.

Tadbir davomida ishtirokchilar zilzila muzeyiga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining avariya-qutqaruv, yong‘inga qarshi va boshqa texnik uskunalari bilan tanishdilar, shuningdek simulyatsiya markazida zilzila kuchini sinovdan o‘tkazib, bu vaqtda harakatlanish ko‘nikmalarini o‘rgandilar. Bundan tashqari, o‘quvchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamda FVV kinologlari ishtirokida qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borish jarayoni namoyish etildi.

 

Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuniga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriluvchi FVV va O‘zgidromet hamkorligida amalga oshirilayotgan BMTTD loyihasi uchun an’anaga aylangan. Ushbu tadbirlar chog‘ida tabiiy ofatlarga moyil hududlardagi maktab o‘quvchilari va mahalliy fuqaro yig'inlarida yashovchi aholi favqulodda vaziyatga tayyorgarlik ko‘rish va to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar olib, tabiiy ofatlar yuz berishi tahdidi va ularning oqibatlari yuzasidan o‘z xabardorligini oshirdi.

***

BMTTD, FVV va O‘zgidromet xizmatining “O‘zbekiston aholisining iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga nisbatan chidamliligini oshirishgaqaratilgan kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish” nomli qo‘shma loyihasi Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha faoliyati Farg‘ona vodiysining aholisi zich va iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan tog‘li hududlaridagi suv toshqinlari, sellar, ko‘chkilar, qor ko‘chkilari va gidrologik qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlarga urg‘u bergan holda mamlakatdagi erta ogohlantirish tizimini modernizatsiya qilish va qayta shakllantirishga qaratilgan.