Innovatsion guruhlarni rivojlantirish bo'yicha seminar
19-August, 2022
2022-yilning 19-20-avgust kunlari Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” (EU-AGRIN) loyihasi doirasida o‘quv seminari bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarida shakllantirilgan 13 ta innovatsion guruhlar faoliyatini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqotlar asosida loyihalar ishlab chiqish va uni moliyalashtirishdan iboratdir.
Seminarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning viloyatlardagi ilmiy-tajriba stansiyalari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Farg‘ona, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi agroxizmatlar markazlari, qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan o‘rta-maxsus taʼlim muassasalari hamda fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etmoqda.
BMTTD loyihasining milliy koordinatori Ulug‘bek Islamovning aytishicha, Innovatsion guruhlarning asosiy maqsadi, qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan kengroq foydalanish hamda mavjud muammolarni ilm-fan, tadqiqot, xizmat ko‘rsatish tizimi va ishlab chiqarishni o‘zaro integratsiya orqali bartaraf etishdan iborat.
Taʼkidlash lozim, Innovatsion guruhlar qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashib, uning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan ilmiy-amaliy yechimga ega innovatsion loyihalarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Ushbu guruh tarkibi fermer, dehqon xo‘jaliklari, tadqiqotchi, agrobiznes vakillari, tadbirkorlar va tashkilot vakillaridan iborat bo‘lishi mumkin. Ular turli muammo va kamchiliklarni jamoaviy tadqiqotlar olib borish orqali bartaraf etishga qaratilgan innovatsion yechim va yondashuvdan iborat loyihalarni ishlab chiqib, amalga oshiradilar.
Tadbirda shuningdek, oziq-ovqatlar yetishtirishda xalqaro standartlarni joriy etishning ahamiyati, qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashishning dolzarb masalalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Jumladan, sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari asosida qishloq xo‘jaligi maydonlaridan unumli foydalanish mavzularida ekspertlar tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Innovatsion guruhlarga “EU-AGRIN” loyihasi tomonidan taqdim etiladigan grant mablag‘lariga ega bo‘lish mezon va shartlari haqida ma’lumotlar berildi.
So‘ngra 13 ta innovatsion guruh vakillari tomonidan grant mablag‘lari uchun loyiha hujjatini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. Har bir guruh o‘z yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiradigan chora-tadbirlari hamda amalda joriy etiladigan innovatsion g‘oyalari aks etgan loyiha hujjatini ishlab chiqdi.
Tadbir yakunida 13 ta innovatsion guruh tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti qatnashuvchilar tomonidan muhokama qilindi. Har bir loyihaning faoliyati davomida uchrashi mumkin bo‘lgan to‘siqlari, muammo va kamchiliklarini bartaraf etish bo‘yicha fikr-mulohazalar, qo‘shimcha taklif va tavsiyalar bildirildi.