Koreyalik va oʻzbekistonlik ekspertlar korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyoti va mexanizmlarini mustahkamlash boʻyicha tajriba almashdilar

11-July, 2024
a group of people in a room

Halollikni baholash sohasida oʻzaro onlayn tajriba almashish

Rasm: BMTTD O'zbekiston

Toshkent, 2024-yil 11-iyul – BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari boʻyicha komissiyasi tomonidan halollikni baholash sohasida oʻzaro tajriba almashish maqsadida onlayn davra suhbati oʻtkazildi. Ushbu xalqaro darajadagi amaliyot almashinuvi ishtirokchilarga Koreyaning korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyalari bilan tanishish va Oʻzbekistonning halollik tizimini yaxshilash yoʻllarini koʻrib chiqish imkonini berdi. 

Davlat organlarining huquqiy masalalar boʻyicha masʼul xodimlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mutaxassislari va vazirliklar vakillaridan iborat 50 nafar ishtirokchini jamlagan bu tadbir Koreya Respublikasida korrupsiyaga qarshi faoliyatning samaradorligini baholash boʻyicha namunali yondashuvlar haqida maʼlumot olish uchun ajoyib platforma vazifasini oʻtadi. Qolaversa, bu tajriba almashinuvi Oʻzbekistonning halollik tizimini mustahkamlash yoʻlida tavsiyalar ishlab chiqish imkonini berdi.

Ushbu kompleks mexanizm barcha davlat muassasalarining faoliyatlarini halollik standartlariga javob berishini hamda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashni baholashga qaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda halollikni baholash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, u Agentlik xodimlari va boshqa davlat qonunchiligiga rioya qilish bo‘yicha mansabdor shaxslarga treninglar tashkil qilib, davlat organlari faoliyatida shaffoflik va javobgarlikni ta’minlash maqsadida turli baholashlar oʻtkazmoqda. Mazkur chora-tadbirlar Agentlik hamda Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari boʻyicha komissiyasi o’rtasida 2023 yilda imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilmoqda.

a person sitting at a table

Umida Tuxtasheva, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori oʻrinbosari

Rasm: BMTTD O'zbekiston
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori oʻrinbosari Umida Tuxtasheva O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini baholash tizimi joriy etilganini ta’kidladi. Bu amaliyot O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida joriy etilgani, mazkur baholash metodologiyasi agentlik ekspertlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash milliy tizimiga moslashtirilganini aytib oʻtdi.

Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari boʻyicha komissiyasi raisi Ryu Chul Van oʻzining kirish soʻzida Koreya Respublikasida 2002-yilda yaratilgan, Davlat muassasalaridagi xodimlarning halolligini kompleks baholash tizimi 2012-yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining Davlat boshqaruvi sohasidagi maxsus mukofoti bilan taqdirlanganini eʼtirof etdi.

a man wearing a suit and tie
Rasm: BMTTD O'zbekiston
“Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qoʻshgan katta hissasi tufayli ushbu tizim boshqa 13 ta mamlakatda, jumladan Indoneziya, Vetnam va Tailand kabi davlatlarda muvaffaqiyat qozondi”,
- dedi janob Ryu Chul Van, Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari boʻyicha komissiyasi raisi.

Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi Hamkorlik boʻlimi rahbari Vim Riepma, Koreyaning halollikni kompleks baholash tizimi dunyodagi eng yaxshilaridan ekanini ta’kidlab oʻtdi.

a group of people sitting at a desk

Vim Riepma, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi Hamkorlik boʻlimi rahbari

Rasm: BMTTD O'zbekiston
“Halollik tizimlarini mustahkamlash jamiyatimizning barcha sohalarini yaxshilashga yordam beradi. Yevropa Ittifoqi esa, Oʻzbekistonni korrupsiyaga qarshi salohiyatini mustahkamlash, muvofiqlikni taʼminlash boʻyicha hukumat vakillari va mansabdor shaxslarniga oʻquv kurslari tashkil qilish orqali qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi”,
- dedi Vim Riepma, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi Hamkorlik boʻlimi rahbari.
a man standing in front of a mirror posing for the camera

Anas Qarman, BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili o’rinbosari

Rasm: BMTTD O'zbekiston
“2019-yilda BMTTD Koreya Respublikasi bilan Oʻzbekistonda davlat muassasalarining halolligini kompleks baholash tizimini joriy qilish boʻyicha yaqindan hamkorlik qilgan. Koreyalik mutaxassislarning ilgʻor tajribasini oʻrganish orqali biz Oʻzbekiston uchun moslashtirilgan mustahkam strategiyalar, jumladan halollikni baholash boʻyicha alohida tizim ishlab chiqishimiz mumkin”,
- degan holda, BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili o’rinbosari Anas Qarman, korrupsiyaga qarshi samarali va muvaffaqiyatli mexanizmlarni yaratish bo‘yicha hamkorlikda faoliyat ishlashning oʻta muhim ekanligini ham ta’kidlab o'tdi.

Mazkur tadbir BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil qilindi. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan bu loyihaning asosiy yoʻnalishlari huquqiy va institutsional islohotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish va bu jarayonga fuqarolik jamiyatini jalb qilish orqali ijtimoiy mas’uliyatni oshirishdan iborat. Bu sa’y-harakatlar sezilarli natijalarga olib kelishi, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishning milliy mexanizmlarini mustahkamlashi, halollik va vijdonlilikni mintaqaviy va mahalliy darajada oshirishi, bu jarayonlarda fuqarolarning faol ishtiroki va xabardorligini oshirishi kutilmoqda.



Loyiha haqida batafsil ma’lumot olish uchun biz bilan bogʻlanishingiz mumkin: