Orol mintaqasi koʻllari, suv-botqoq hududlarini saqlash va barqaror boshqarish boʻyicha yangi loyiha ish boshladi
30-November, 2022
Oʻzbekistonda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat Qoʻmitasi (Ekologiya davlat qo’mitasi) ning Global ekologik jamg’arma (GEJ) tomonidan moliyalashtiriladigan “Orol dengizi xavzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” qo’shma loyihasi o’z ishini boshlamoqda.
Suv-botqoq hududlari jahondagi biologik xilma-xillik va eng qimmatli ekotizimlardan biridir. Orol dengizi qurib ketganiga qaramay, uning havzasida beqaror gidrologik rejim ta'siriga zaif bo'lsa-da, hanuzgacha o’ta muhim ko'llar, botqoq hududlar va qirg'oq ekotizimlari saqlanib kelmoqda. Oʻzbekiston koʻchmanchi qushlarning koʻp turlari uchun Shimoliy Yevropa va ularning Afrika va Osiyodagi qishlash joylari oʻrtasida juda muhim uchish yoʻlida joylashgan. Yirik irrigatsiya va oqava ko'llari (masalan, Sudoch’ye va Dengizko'l) va Aydar-Arnasoy ko'llar tizimi qishlovchi-ko'chmanchi qush turlarining asosiy uyalash makonlariga aylandi. Qolaversa, suv-botqoq hududlari suv, oziq-ovqat bilan ta’minlab, aholi turmushining farovonligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo‘lib, butun mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Loyihaning maqsadi – muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni (MTH), asosiy biologik xilma-xillik hududlari / asosiy ornitologik hududlar (AOH) atrofidagi mahsuldor landshaftlarni yer va suv resurslarini komplex boshqarish bilan birgalikda tuproq degradatsiyasining oldini olish orqali Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasi (QAODH) hududida ekotizimlar barqarorligini va hayot faoliyatini oshirishdan iboratdir.
Loyihaning maqsadli hududi Oʻzbekistonning janubiy va janubi-gʻarbiy qismlarida Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi havzasi hisoblanadi. Bu hudud maʼmuriy jihatdan Buxoro viloyatining Olot va Qorakoʻl tumanlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo va Moʻynoq tumanlarini oʻz ichiga oladi.
Loyihaning maqsadli hududlarida hayotni qoʻllab-quvvatlovchi tabiiy ekotizimlarning koʻpchiligi, ya’ni – botqoq hududlar, koʻllar va Amudaryo havzasining qirgʻoqboʻyi maydonlari joylashgan. Bundan tashqari, bu hududlarda degradatsiyaga eng ko’p uchragan yaylovlar va sug'oriladigan maydonlar mavjud bo'lib, ularning aksariyati sho'rlanishga moyil.
Loyiha faoliyati ushbu qurg'oqchil landshaftdagi ko'llar, botqoq yerlar va qirg'oq bioxilma-xilligining qisqarishi va yo'qolishi bilan bevosita bog'liq bo'lgan yerlarning degradatsiyasi, suv tanqisligi va biologik xilma-xillikning yo'qolishiga olib keluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan.
Loyiha doirasida umumiy maydoni 3 million gektardan ortiq boʻlgan beshta yangi muhofaza etiladigan quyidagi tabiiy hududlarni rivojlantirish kutilmoqda: Janubiy Ustyurt, Beltau, Sudoch’ye koʻllari tizimi, Oqdaryo-Qozogʻdaryo oralig’i va Akpetki qoʻriqxonalari. Bu hududlarning barchasi ushbu mintaqada joylashgan asosiy qushlar hududlarini to'liq yoki qisman qamrab oladi.
Loyiha maqsadlariga erishish uchun uning to'rtta asosiy faoliyat yo'nalishlari belgilandi:
- Tuproq degradatsiyasining oldini olish uchun suv resurslarini muvofiqlashtirilgan tarzda boshqarish;
- Maqsadli landshaftda yer resurslarini barqaror boshqarish;
- Orol dengizi havzasining global ahamiyatga ega bioxilma-xilligini saqlab qolish;
- Xalqaro hamkorlik va bilimlarni boshqarish.
Loyiha doirasida koʻplab manfaatdor tomonlar, jumladan, vazirlik va idoralar vakillari, soha boʻyicha mutaxassislar, olimlar, jamoatchilik vakillari, mahalliy tuzilmalar, xalqaro tashkilotlar, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqalar bilan yaqin hamkorlik taʼminlanadi.
Loyiha o'z faoliyatida manfaatdor tomonlarning loyiha faoliyatida ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlarni ta'minlash, gender tengligi va ayollar, shuningdek, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarning huquqlarini kengaytirish yondashuviga amal qiladi.
Loyihani rasmiy taqdim etish va ishga tushirish, shuningdek, asosiy manfaatdor tomonlar bilan loyihaning strategiyasi, maqsadlari va rejalashtirilgan natijalarini muhokama qilish uchun kirish seminari tashkil etiladi.