O‘zbekiston bioxilma-xillikka oid milliy siyosatini “Bioxilma-xillik bo‘yicha Kunming-Monreal global dasturi”ga moslashtiradi

O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, BMTTD va GEFning Bioxilma-xillik bo‘yicha global dasturini erta qoʼllab-quvvatlash qo‘shma tashabbusi

12-April, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

2023-yil 12-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida Global ekologik jamg‘armasining (GEF) grant mablag‘lari hisobidan amalga oshiriluvchi “Bioxilma-xillik bo‘yicha global dasturi”ni erta qoʼllab-quvvatlash qo‘shma loyihasining boshlang‘ich yig‘ilishi tashkil etildi.

Qayd etish joizki, “Bioxilma-xillik bo‘yicha Kunming-Monreal global dasturi” (GBF) 2022-yilning 19-dekabr kuni 190 mamlakat tomonidan kelishuvga erishilgan. Ushbu tarixiy dastur 2050-yilga kelib tabiat bilan uyg‘unlikda yashaydigan dunyo global konsepsiyasi maqsadlariga erishish yo‘lini belgilaydi. Dasturning asosiy ko‘rsatkichlari sifatida 2050-yilga qadar 4 maqsad va 2030-yilga qadar 23 nishonga erishish hisoblanadi. Dastur bioxilma-xillik bo‘yicha global harakatlar uchun mustahkam asos bo‘lib, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimini to‘ldiradi va 2050-yilga kelib iqlim o‘zgarishiga chidamli va va barqaror dunyoga yo‘l ochadi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

“Bioxilma-xillik bo‘yicha Kunming-Monreal global dasturi”ni qabul qilish bilan bir vaqtda O‘zbekiston dunyoning boshqa ko‘plab davlatlari kabi uni amalga oshirish uchun o'zining milliy maqsadlarini belgilash majburiyatini oldi. Boshlangan loyiha O‘zbekistonning bioxilma-xillikni saqlash shuningdek, tabiatni muhofaza qilish, monitoringini amalga oshirish va moliyalashtirish bo‘yicha siyosatini belgilab beruvchi Milliy strategiyasini va Harakatlar rejasiniglobal dasturining kun tartibiga mos keladigan tarzda qayta ko‘rib chiqishga ko‘maklashadi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduxakimov o‘z murojaatida 

“O‘zbekiston global integratsiya masalalarida faol pozitsiyani egallab turishini hamda bioxilma-xillik va umuman tabiatga jamiyatning munosabatini o‘zgartirishga qaratilgan keng chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan rejaga erishishga salmoqli hissa qo‘shishga intilishini”- takidlab o‘tdi.
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

BMT Taraqqiyot dasturining Oʼzbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska xonim oʼzining qutlov nutqida quyidagilarni taʼkidlab oʼtdi: 

“Nafaqat aksariyat insonlarning daromad manbalari tabiiy resurslar va ularni boshqarish bilan bog‘liq, balki biologik xilma-xillik va ekotizim xizmatlarining yoʼqotilishi xarajatlar hamda xavf-xatarlarning oshishiga va iqtisodiy koʼrsatkichlarning pasayishiga ham olib kelishi mumkin. Orol dengizining qurib borayotgani, mamlakat boʼylab tez-tez sodir boʼlayotgan chang boʼronlari misolida biz bu jarayon allaqachon sodir boʼlayotganini koʼrishimiz mumkin. Binobarin, tezkor harakatlar amalga oshirish zarurati kundek ravshan!”
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Asosiy global maqsadlardan biri bu 2030-yilga qadar dunyo bo‘ylab tanazzulga uchragan ekotizimlarning 30% qayta tiklash, maʼlum turlarning yo‘q bo‘lib ketishini to‘xtatish, va 2050-yilga kelib barcha turlarning yo‘q bo'lib ketish xavfini va tezligini o‘n baravar kamaytirish, 2030-yilgacha pestitsidlarni qoʼllash xavfini kamida 50% ga kamaytirish, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va o‘rmon xo‘jaligi uchun ajratilgan hududlarni barqaror boshqarish va biologik xilma-xillik uchun bezarar boʼlgan agroekologiya va boshqa amaliyotlar koʼlamini sezilarli darajada kengaytirish kiradi. (Maqsadlarning toʼliq roʼyxati bilan mazkur havola orqali tanishishingiz mumkin). 

Kelgusi ikki yil davomida loyiha 2020-yildan keyingi davrda bioxilma-xillikni saqlashning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish va milliy maqsadlar, monitoring, siyosat va moliyaviy asoslarni Global dastur bilan muvofiqlashtirishga tayyorgarlikni va erta harakatlarni tezlashtirish maqsadida vazirlik va idoralar, ilmiy doiralar, NNTlardan iborat milliy va xalqaro manfaatdor tomonlarning turli guruhlari bilan hamkorlik qiladi.