O‘zbekistonda Ozon qatlamini buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal bayonnomasi bilan erishilgan yutuqlarning 35 yilligi nishonlanmoqda
19-September, 2022
Toshkent sh.: 2022-yil, 19-sentabr. - O'ttiz besh yil oldin dunyo sayyorani va undagi butun hayotni quyoshdan keladigan ultrabinafsha nurlanishining zararli ta'siridan himoya qiladigan ozon qatlamini yo'qotish xavfi ostida edi. Qatlam xlorftoruglerodlar, metil bromid va uglerod tetraxlorid kabi sanoatdagi kimyoviy moddalar tomonidan yo'q qilinib, butun hayotni yo'q bo'lib ketish xavfi ostida qoldirdi.
1994-yil 19-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi, 1987-yilda Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar boʻyicha Monreal bayonnomasi imzolangan sanani nishonlash maqsadida 16-sentabrni Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuni deb eʼlon qildi. Monreal bayonnomasi - ozonni buzuvchi moddalar deb ataladigan kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish va iste'mol qilishni tartibga soluvchi xalqaro ekologik bitim hisoblanadi. Bu kimyoviy moddalar atmosferaga ko’tarilganda ozon qatlamini, ya’ni, Yerning insonlarni va atrof-muhitni quyoshning zararli ultrabinafsha nurlaridan himoya qiluvchi qatlamini yemiradi. Monreal bayonnomasi BMTga a'zo bo’lgan 198 ta davlat tomonidan qabul qilingan tarixdagi eng muvaffaqiyatli ekologik bitimlardan biri hisoblanadi.
2022-yilgi Xalqaro ozon qatlamini saqlash kunining shiori “Monreal protokoli@35: Sayyoramizdagi hayotni himoya qilish bo'yicha global hamkorlik” bo’lib, har qachongidan ham sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqiradi. Agar Ozon qatlamini muhofaza qilish bo'yicha Vena konventsiyasi va uning Monreal bayonnomasi kabi boshqa barcha xalqaro ekologik shartnomalar ham muvaffaqiyatli bo'lganida, insoniyat yanada do'stona va sog'lom muhitga ega bo'lar edi. Shu bois Yerdagi hayotni o‘zimiz va kelajak avlodlar uchun asrash maqsadida global hamkorlikni kuchaytirish zarur.
O‘zbekistonda erishilgan yutuqlarni belgilash uchun, Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Global ekologik jamg’armasi (GEJ) va BMT Taraqqiyot Dasturining qo’shma loyihasi doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazildi.
“Bu yil O'zbekistonda ozon qatlamini muhofazasini ilgari suradigan tomonlar hamkorlikdagi tashabbuslarini ko’rish quvonarli. Sovutish va havoni konditsionerlash sohasida tahsil olayotgan ayol talabalarni keyinchalik namunaviy faoliyat olib borishga undash, va bu orqali texnik sohada ularning rolini oshirish va gender tengligini kuchaytirishga o’z hissalarini qo’shish maqsadida tahsil olish uchun bir yillik grant ajratdik”, deydi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Doina Muntyanu.
Bugun ushbu sanani Toshkent davlat texnika universiteti bilan birgalikda nishonlar ekanmiz, Оzon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma loyiha doirasida o‘tkazilgan qator tanlovlar g‘oliblari tabriklandi va sovg’alar bilan taqdirlandi. Gender tengligi siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi tanlovda TDTU Mexanika fakultetida “Texnologik mashinalar va jihozlar
(Sovutish mashinasozligi)” yo’nalishida qizlarning ta’lim olishi uchun bir yil muddatga grantni qo’lga kiritgan uch nafar g‘oliba aniqlandi. Bu esa texnik sohasida ayollar safi kengayib borayotganidan dalolat.
Tadbirning navbatdagi qismida ozon qatlamini muhofaza qilish bo’yicha xalqaro ilmiy maqolalar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash ham bo‘ldi. Tanlov ishtirokchilari o‘z bilim va tajribalarini namoyish etdilar, bu esa, baholash qo‘mitasi fikricha, manfaatdor tomonlarga ozon qatlamini himoya qilish bo‘yicha keyingi tashabbuslarda qaror qabul qilishda yordam beradi.
Shu bilan bir qatorda, Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda mamlakatimiz bo‘ylab ozon qatlamini muhofaza qilishning ahamiyati haqida ochiq darslar o‘tkazilmoqda. O'ylaymizki, maktab o'quvchilarining ekologiya bilimlari atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarimizni kuchaytiradi.