Biologik xilma-xillikni saqlashning Yangi Milliy Maqsadlari
Biologik xilma-xillikni saqlashning Yangi Milliy Maqsadlari
18-February, 2025
Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiya 1992-yil 5-iyunda Rio-de-Janeyroda qabul qilingan yuridik kuchga ega bo‘lgan xalqaro shartnoma bo‘lib, uning maqsadlari biologik xilma-xillikni saqlash, uning tarkibiy qismlaridan barqaror foydalanish va ulardan kelib chiqadigan foydalarni adolatli va teng taqsimlashdan iboratdir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-maydagi 82-I-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Rio de Janeyro, 1992-yildagi Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shilishi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyaga qo‘shildi.
Konvensiyaning bajarilishini nazorat qilish uchun har ikki yilda bir marta Tomonlar konferensiyasi o‘tkaziladi. 2022-yilda bo‘lib o‘tgan Tomonlarning 15-konferensiyasida (COP 15) dunyo hukumatlari Kunming-Monreal global bioxilma-xillik dasturini qabul qildi. Ushbu dasturda 2050-yilgacha erishilishi kerak bo‘lgan to‘rtta asosiy maqsad qo‘yilgan bo‘lib, ular ekotizimlar va turlarning sog‘lig‘iga e’tibor qaratadi, jumladan, inson faoliyati sababli turlarning yo‘q bo‘lib ketishini to‘xtatish, biologik xilma-xillikdan barqaror foydalanish, imtiyozlarni adolatli taqsimlash, shuningdek, ularni amalga oshirish va moliyalashtirishdan iborat. Shuningdek, u 2030-yilgacha erishilishi kerak bo‘lgan 23 ta maqsadni o‘z ichiga oladi, masalan, quruqlik, dengiz va ichki suvlarning 30 foizini saqlash; tanazzulga uchragan ekotizimlarning 30 foizini tiklash; invaziv turlarning kiritilishini va zararli subsidiyalarni kamaytirish..
Tomonlarning 15-konferensiyasida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish doirasida Kunming-Monreal global bioxilma-xillik dasturini imzolagan 188 davlatning har biri qabul qilingan dasturga muvofiq o‘z milliy maqsadlarini ishlab chiqishlari talab etiladi. Ushbu ulkan maqsadlarga erishish uchun BMTTD 69ta mamlakatda, jumladan, O‘zbekistonda ham Global bioxilma-xillik dasturining erta harakatlarini qo‘llab-quvvatlash loyihasini boshlagan edi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda BMTTD Global bioxilma-xillik dasturiga muvofiqlashgan milliy maqsadli ko‘rsatkichlarni tayyorladi. Ushbu nashr O‘zbekistonning yangi ishlab chiqilgan milliy maqsadli ko‘rsatkichlarini keng doiradagi manfaatdor tomonlarga taqdim etadi va ularni Global Biologik xilma-xillik dasturiga moslashtiradi.