Muallif: Otabek Eshmatov
Qishloq ayollarining hayotiga nazar: Bahriniso opaning hikoyasi
15-October, 2022
15-oktabr kuni Xalqaro qishloq ayoli kuni nishonlanadi. Bu muhim sana gender tenglikka erishish hamda ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilib, qishloqda kambagʻallikni qisqartirish, ayollarning ijtimoiy va iqtisodiy mavqeini yaxshilashga qaratilgan.
Qishloq ayollari jamiyatda alohida oʻrin egallaydi. Ular qishloq xoʻjaligini rivojlanishda, eng asosiysi oʻz oilalarining moliyaviy va ijtimoiy ahvolini yaxshilashga hissa qoʻshadilar Yetishtirilayotgan chorvachilik mahsulotlarining 94 foizdan ortigʻi shaxsiy-yordamchi xoʻjaliklariga toʻgʻri kelib, unda sut ishlab chiqarish alohida ahamiyat kasb etadi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumani tuproq-iqlim sharoiti chorvachilikka mos boʻlgani sabab, u yerdagi aholi asosan chorva mollarini parvarishlash va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadilar. Shu sabab, tumanda sut va goʻsht ishlab chiqarish xajmlari yil sayin ortib bormoqda.
Bahriniso opa Nartayeva Ohangaron tumanida istiqomat qiladi. U 30 yildan buyon xonadonida sut mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Uning taʼkidlashicha, bir dona sigir 3-4 kishidan iborat oilaning ijtimoiy ahvolini yaxshilashga xizmatga qiladi. Sut mahsulotlaridan kelgan foyda esa uy-roʻzgʻor harajatlariga, farzandlar tarbiyasi va kundalik ehtiyojlarni qondirishga imkon yaratidi.
“Birinchi sigirimni kenja farzandim uchun berilgan dekret puliga olganmiz. Oʻsha payt turmush oʻrtogʻim bozorga tushib ola zotdor sigirni olib kelgan. Sigirimizni sutini oilamizdan ortganini bozorga borib sotib kelib uyga roʻzgʻor qilardim. Turmush oʻrtogʻim esa oʻz oyligini uy qurish va taʼmirlashga sarflardi, mening sigirim oilamiz roʻzgʻorini tebratishga yordam berardi. Bugunga kelib, farzandlarim ulgʻayib, turmush qurgach sigirlarimiz soni 3 barobarga koʻpaytirdik” - deydi Bahriniso opa Nartayeva.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, BMT Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv oʻtishini qoʻllab-quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida, Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi tomonidan shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarda sigirlarni toʻgʻri parvarishlash, sogʻlom nasl olish, mahsuldorlikni oshirish va yetishtirilgan sutni kooperatsiya asosida qayta ishlashni tashkil etishga qaratilgan amaliy seminarda qatnashgani, Bahriniso opani yangi gʻoyalarni amalga oshirishga undadi. U endi qishlogʻidagi ayollarni birlashtirib sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kooperatsiyani ishga tushirishni rejalashtirmoqda. “Seminar-treningda sut mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi va turini koʻpaytirish, kooperatsiya tashkil etib, qishloq aholisi daromadlarini oshirish yoʻllari bilan bogʻliq bilim koʻnikmalarimni oshirdim. Shuningdek, qoramollarni parvarish qilish boʻyicha foydali maslahatlarga ega boʻldim. Endi qishloq ayollari kooperatsiyasini tuzish boʻyicha harakatimni boshlab yubordim” - deydi Bahriniso opa. BMTTDning EU-AGRIN loyihasi esa Ohangaron tumanida bunday kooperatsiyani tashkil etish uchun amaliy yordam koʻrsatishi koʻzda tutilmoqda.
“Koʻplab qishloq ayollari oʻz uylariga yaqin joyda ish topishga qiynaladilar. Hatto shahardan ham ish topish mushkul ish sanaladi. Ustiga ustak, bolalar va keksa ota-onalarni kun boʻyi qarovsiz qoldirishga koʻz qiymaydi. Tomorqadagi jonivorlar ham doimiy eʼtiborni talab etadi” – deb bayon etadi Baxriniso opa.
«Bunday hollarda qishloq ayollarini mustaqil biznes boshlashiga yoki jamoaviy kooperatsiya tashkil etish qishloq ayollarining bandligi taʼminlash va ularning ijtimoiy aholini yaxshilashga xizmat qiladi” – deb taʼkidladi Baxriniso opa.