Yoshlar o‘zbek tilida sun’iy intellekt yordamida yechimlar ishlab chiqmoqdalar

31-March, 2022

Fotosurat: O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi vakolatxonasi

“Axborot texnologiyalari yoʻnalishida rivojlanishni tanlaganim menga deyarli barcha qiziqishlarimni uyg’unlashtirishga imkon bergan qaror boʻldi, – deydi “Ovozli AI” (Voice AI) Xakatonida sovrinli o’rinni qoʻlga kiritgan “Xabarchi” jamoasi vakillaridan biri Yasmina. "Bolaligimdan me'mor bo'lishni orzu qilganman, ijod va dizaynni yaxshi ko'rganman, buvim esa menda matematika va fizikaga bo’lgan mehrni uyg’otgan." Vaholanki, XXI asr – texnologiya asri – yoshlarga texnologiya yordamida dolzarb muammolarni yechish uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etadi. Hozirda INHA universitetining Kompyuter va dasturiy injiniring fakultetining 3-kursida tahsil olayotgan Yasmina raqamli mahsulotlar uchun qulay interfeyslarni yaratish bilan birga dizaynga bo‘lgan qiziqishini ham mohirona qo‘llamoqda.

Yasminaning kursdoshi va jamoaning ikkinchi a’zosi Maftuna maktab davridanoq dasturlashga qiziqqan. Aynan o'sha paytda u yengil ilova yaratgan. Bu esa unga nafaqat axborot texnologiyalari sohasidagi qizlar uchun tashkil qilingan “Technovation” tanlovida g'alaba qozonishga, balki ushbu yo'nalishda ixtisoslashishni ongli ravishda tanlash imkonini berdi. Xozirgi kunda Maftuna veb-ilovalarning dasturiy ta'minoti va ma'muriy qismini ishlab chiqaruvchi backend dasturchisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

“Men dadam bilan doimo g’urulanganman, u dasturchi”, - deydi jamoaning yana bir a’zosi Muhammadsaid. Shuning uchun u bolaligidan dasturlashga qiziqqan va hozirda paytda bir nechta shaxsiy raqamli loyihalar ustida ishlamoqda.

“Darslarimizning birida domlamiz o‘zbek tilidagi ovozli ma’lumotlar va sun’iy intellektdan foydalangan holda raqamli yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha xakaton o‘tkazilayotgani haqida gapirib berdi”, — deydi Maftuna xakaton haqida qanday xabar topganini aytar ekan. Xakaton - bu dizaynerlar, dasturchilar va boshqa mutaxassislarni birlashtirgan platforma bo'lib, taklif etilayotgan mavzuni hal qilishga qiziqqan faol insonlar tarmog'ini yaratadi, ishtirokchilarimiz esa uning bir qismiga aylandilar.


“Voice AI” xakatonining asosiy maqsadi O‘zbekistonning iqtidorli va ijodkor yoshlari o‘rtasida sun’iy intellekt texnologiyasini targ‘ib qilish va kelgusida amalga oshirilajak o‘zbek tilidagi ovozli ma’lumotlarga asoslangan istiqbolli loyihalarni tanlashdan iborat.

“Xakatonda ishtirokimizning birinchi kuni biz uchun tajribalar kuniga aylandi: biz mutlaqo yangi g‘oyalarni o‘ylab topdik, turli soha mutaxassislari bilan o‘rtoqlashdik, ularni tubdan o‘zgartirdik, yangi yo‘nalishlarni tanladik va ularni kelgusida loyihamizda amalga oshirish uchun ishlab chiqdik. Loyihamiz g'oyasi shunday tug'ildi”, - deydi Yasmina.

Ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqilgan yangiliklar agregatori – bu tuzilmali yangiliklar tasmasini aks ettiruvchi dasturdir. U turli oʻzbek ommaviy axborot vositalarining tasmalariga ulanadi va o’rnatilgan mezonlarga (filtr, kalit soʻzlar, sanalar) asoslanib yangiliklarni tanlaydi, bu esa oʻquvchiga moslashtirilgan tanlovni taqdim etish imkonini beradi. Ilovaning afzalliklaridan biri – uning sun'iy intellekt yordamida amalga oshiriladigan matnlarni o'zbek tilida ovozlantirish rejimida ishlashidir.


“Men xakatonni ijodkorlik va hamkorlik platformasi sifatida eslayman. U bizga erkin, qulay muhitda, turli soha mutaxassislari bilan xamkorlik qilish, bilim, fikr va tajriba almashish uchun noyob imkoniyat berdi” – deb xotirlaydi Muhammadsaid. "Biz qisqa vaqt ichida yangi narsalarni o'rgandik va o'rganganlarimizni darhol startap loyihamizga amalda tadbiq qildik", – deb qo'shimcha qiladi Yasmina. Haqiqatan ham, “Xabarchi” jamoasi xakatonda ilk bor ishtirok etib, inklyuziv raqamli yechimlarni yaratishda texnologiyalardan foydalanishning muvaffaqiyatli namunasiga aylangan yangi g‘oyani yarata oldi.

G'alabadan ruhlangan jamoa a’zolari o'z oldiga yangi maqsadlarni qo'ygan. Muhammadsaid hozirgi paytda MS Word, Chrome, plaginlar, mobil ilovalar va klaviaturalarda ishlatiladigan o‘zbek tilida imloni to‘g‘rilashga qaratilgan yangi loyihalar ustida ishlamoqda. Maftunaning tan olishicha, xakatondan so‘ng u bir nechta biznes g‘oyalarni ishlab chiqqan va ularni amalga oshirishga intilyapti. Ammo hozircha nafaqat texnologiya, balki biznes yuritish borasida ham tajriba orttirmoqda. Yasminaning fikricha, magistraturasiz ta’limni to‘liq deb hisoblab bo’lmaydi. U ayni paytda texnologiya, sun’iy intellekt va STEM yo‘nalishlarida o’z ustida ishlashni rejalashtirgan.

Hackathon BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan 2021-yil 24-26-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT-Park, Toshkent shahridagi INHA Universiteti, shuningdek, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu O‘zbekistonda birinchi Sun’iy Intelekt xakatoni edi. Ta’kidlash joizki, ushbu xakaton Mozilla Common Voice tashabbusi doirasida birinchi raqamli o‘zbek ovozli ma’lumotlar to‘plamini yaratish orqali amalga oshirildi. 2021-yil avgust-dekabr oylarida BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, IT-Park, xususiy sektor va ko‘ngillilar bilan birgalikda, ovozni matnga aylantirish va boshqa yechimlarni amalga oshirish uchun har kim uchun ochiq manbaada  API orqali mavjud bo’lgan,  o‘zbek tilida 193 soatlik ovozli ma’lumotlarni yig‘ish maqsadida kraudsorsing kampaniyasini (https://uzbekvoice.ai/) o‘tkazdi.