Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Jahon banki bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda inklyuziv raqamlashtirish va biznes-jarayonlarni autsorsing qilish (BPO)” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazdik.
Raqamli hukumatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, aholi ishonchi va shaffofligini ta’minlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda ishtirok etish barchaga adolatli asosda va samarali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda muhim o‘rin tutadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining uzluksiz rivojlanishi jamiyatni, madaniy muhitni va iqtisodiyotni tubdan o‘zgartirmoqda.
Surat: BMTTD O'zbekiston
Bugungi kunda COVID-19 pandemiyasi fonida global raqamli ekotizimda texnologiyalarning jadal rivojlanishi tendentsiyasi kuzatilmoqda. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar, blokcheyn texnologiyalari, sun'iy intellekt texnologiyalari sohasidagi biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) va bilimlar autsorsingi (KPO).
O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishida raqamli rivojlanish muhim rol o‘ynashini tan olgan holda, hukumat raqamli transformatsiyani eng muhim strategik kun tartibi sifatida belgilab oldi. “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasining tasdiqlanishi va 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida inson manfaatlarini o‘zida mujassam etgan raqamlashtirish masalalariga e’tibor qaratish shular jumlasidandir.
Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston hukumati O‘zbekistonda raqamli ko‘nikmalarni mustahkamlash va raqamli ish o‘rinlarini yaratish, xususan, yoshlar salohiyatini oshirish maqsadida – biznes jarayonlarini autsorsing qilish (BPO) va bilim autsoringi xizmatlari (KPO) bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. O‘zbekiston hukumati tomonidan IT-autsorsing imkoniyatlarini namoyish etish orqali aholi, ayniqsa, yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish maqsadida barcha viloyat va tumanlarda ixtisoslashtirilgan BPO ta’lim muassasalari tashkil etilib, ularning imkoniyatlari kengaymoqda.
Surat: BMTTD O'zbekiston
Ushbu tadbirda keng doiradagi mahalliy mutaxassislar, IT sohasi manfaatdor tomonlari, diplomatik missiyalar va xalqaro ekspertlar ishtirok etib, raqamli rivojlanishning hozirgi holati va istiqbollari, baholash usullari va O‘zbekistonni inklyuziv raqamli rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalarni muhokama qildilar.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ta’kidlaganidek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan Raqamli tayyorgarlikni baholashda 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha: infratuzilma, hukumat, tartibga solish, biznes va aholi yo’nalishlarida 5 balldan 3,57 ball bilan baholandi. Bu degani, mamlakat belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida raqamli transformatsiyaning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tizimli ravishda olg‘a bormoqda. “Endi yanada yaxshi rivojlanish uchun raqamlashtirishdan qanday foydalanishni o‘rganish, O‘zbekistonning o‘sishini jadallashtirish hamda global raqamli iqtisodiyotga integratsiyalashuv milliy salohiyatini kuchaytirish orqali uning yanada inklyuziv va barqaror bo‘lishini ta’minlash vaqti keldi”, deb qo‘shimcha qildi u.
Surat: BMTTD O'zbekiston
Tadbir davomida ishtirokchilar huquqiy va institutsional asoslar, raqamli infratuzilma, raqamli ta’lim va boshqa jihatlar, jumladan, yosh ayollar va erkaklarni ushbu jarayonlarga keng jalb qilish nuqtai nazaridan BPO va KPO’dan foydalanish uchun mamlakat qanchalik yaxshi pozitsiyaga ega ekanligini ko‘rib chiqdilar.