Toshkent, 16 noyabr - 2021-yil 13-14-noyabr kunlari yurtimizning barcha viloyatlaridagi monomarkazlar xodimlari uchun “Ishga marhamat monomarkazi: ishsizlarga sifatli xizmat ko‘rsatishga kompleks yondashuv” mavzusida ikki kunlik amaliy seminar tashkil etildi.
Yoshlar ishsizligini hal qilish va bandlik istiqbollarini o‘zgartirish hukumatlar oldida turgan eng dolzarb muammolardan biridir. BMTTD O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qiladi va ishsiz yoshlarni (ayniqsa, umumiy aholining 2/3 qismini 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tashkil etishini hisobga olgan holda), oliy o'quv yurtlari bitiruvchilarini, mehnat bozoriga kirib kelayotganlarni ish bilan ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida kasbiy ko‘nikma va kasblar, shuningdek, kasbiy ta’limni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Ushbu seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston viloyatlaridagi monomarkazlar vakillari tomonidan kasb-hunar ta'limi sohasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mavjud bo‘lgan ko‘nikmalarni takomillashtirish va yangi ko‘nikmalarga ega bo‘lishdir. Seminar doirasida o‘tkazilgan tadbirlar monomarkaz xodimlarining quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha salohiyatini oshirishga qaratilgan: 1) jamoatchilik bilan samarali kasbiy hamkorlikning asosiy tamoyillari; 2) malakani baholashning xalqaro standartlari; 3) ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik; 4) monomarkaz bitiruvchilarini ishga joylashtirishga ko‘maklashish mexanizmlari. Bu, o‘z navbatida, Monomarkazlar tomonidan aholiga, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ishsizlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga ta’sir qiladi.
Seminar ishtirokchisi Shohrux Nuraliev “mutaxassis trenerlardan juda ko‘p foydali va dolzarb ma’lumotlar olganligini va bu bilim va ko‘nikmalar ishsizlar bilan ishlashda juda qo‘l kelishini” ta’kidladi.
BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Inklyuziv va barqaror o‘sish klasteri rahbari Diyora Kabulova bu borada shunday deydi: “Aholining malakasini oshirish sohasidagi muammolarni hal etish, ayniqsa, pandemiyadan keyingi davrda ishchi va xodimlar malakasini oshirishga qodir mutaxassislarni tayyorlash samarali tizimini yaratish zarur. Ma'lumki, O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish bo‘yicha sakkizinchi maqsadi mehnat unumdorligini oshirish hamda erkaklar va ayollar uchun munosib mehnatni ta'minlashni nazarda tutadi. Shuningdek, ushbu maqsad ishsiz, ta'lim va malaka oshirishdan mahrum bo‘lgan yoshlar sonini sezilarli darajada kamaytirishga ham qaratilgan”.
Bundan tashqari seminar davomida “Ishga Marhamat” monomarkazlariga 9 ta kasb bo‘yicha WorldSkills standartlariga mos ravishda ishlab chiqilgan va moslashtirilgan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, o‘quv jurnallarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu o‘quv qo‘llanmalar BMTTDning “O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta'minlashga ko‘maklashish” loyihasi doirasida hamda Toshkent shahar Yashnobod tumani Monomarkazi bilan hamkorlikda erkak sartaroshi, ayol sartaroshi, kosmetologiya, tikuvchilik, pazandachilik, santexnik xizmatlar, qandolatchilik, ofisiantlik, elektr xizmatlari kabi talabgir sohalarni qamrab olgan.
Toshkentning Yashnobod tumanidagi “Ishga marhamat” ishsiz aholiga xizmat ko‘rsatish monomarkazi direktori Nodira Umarova seminar bo‘yicha fikr bildirar ekan, shunday deydi: “Mazkur seminar Monomarkazlar xodimlarining aholi bilan ishlash, shuningdek, xalqaro tashkilot va boshqa hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha malakasini oshirishi uchun yaxshi imkoniyatdir. Umid qilamizki, seminar natijasida monomarkazlar xodimlarining ish sifati tubdan yangi bosqichga ko‘tariladi”.
Eslatib oʻtamiz, “Fargʻona vodiysida pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga aholining koʻnikmalarini moslashtirish” qoʻshma loyihasi Rossiya Federatsiyasi hukumatining moliyaviy koʻmagida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMTTD tomonidan amalga oshirilmoqda.