Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi mahallalarda kasb-hunarga o‘qitish maskanlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
23-September, 2022
Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv jarayonlarini amaliyot bilan bog‘lagan holda tashkil etish, ishsiz aholi, jumladan yoshlar va xotin-qizlarda zamonaviy kasb ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash maqsadida respublikaning viloyat va tumanlaridagi mahallalarda kasb-hunarga o‘qitish markazlari ochilmoqda.
Mazkur kasb-hunarga o‘qitish maskanlarida mehnat bozorida yuqori talabga ega bo‘lgan qandolatchilik, sartaroshlik, tikuvchilik va axborot texnologiyalari kabi kasb-hunarlarni o‘rgatish nazarda tutilgan.
Joriy yilning 21-23-sentabr kunlari Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Farg‘ona vodiysida pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga aholining ko‘nikmalarini moslashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida jihozlar bilan ta’minlangan mahalla kasb-hunarga o‘qitish markazlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimliklari vakillari, vazirlikning viloyatlardagi bandlik bosh boshqarmalari boshliqlari, vazirlik huzuridagi “Mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi” vakili, BMTTD loyihasining xodimlari, shuningdek, mahalla vakillari ishtirok etdi.
Yuqorida keltirilgan kasblar bo‘yicha jami 369 million so‘mlik 78 dona jihoz, jumladan, 137 million so‘mlik 21 dona qandolatchilik uskunasi, 100,7 million so‘mlik 24 dona axborot texnologiyalari jihozi, 28 million so‘mlik 12 dona sartaroshxona jihozi hamda 102,3 million so‘mni tashkil etadigan 21 dona tikuvchilik uskunaқi mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish markazlariga bepul asosda berildi.
Andijon viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig'i Akmaljon Mamayusupov ta’kidlab o’tganidak, “Mahalla aholisiga jihozlarning taqdim etilishi ularga yetishmayotgan kasbiy ko‘nikmalarni egallash, Covid-19 pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish hamda ishsiz fuqarolarning, jumladan, ayollar va yoshlarning bandligi va daromad olish imkoniyatlarini kengaytiradi”.
Ma’lumot uchun
Mahallardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlari manzillari:
- Andijon viloyati Xonobod shahar “Mustaqillik” MFY;
- Bag‘dod tumanidagi 1-sonli kasb-hunar ta’limi muassasasi, Farg‘ona viloyati;
- “Bunyodkor” MFY binosi, Yangi Namangan tumani, Namangan viloyati.