BMTTD mahallalar aholisiga favqulodda vaziyatlar to‘g‘ri harakatlanishni o‘rgatmoqda
27-November, 2023
“Bizning mahalla Qirg‘iziston bilan chegaradagi tog‘oldi hududida joylashgan va bizni Chust kanali (xalq orasida Xitoy-soy deb tanilgan) ajratib turadi. Tog‘larda qor eriganida yoki kuchli yomg‘irlar bo‘lganida, soy to‘lib ketadi va sellar yuzaga keladi”, - deydi Namangan viloyati, Kosonsoy tumani, “Obodon” mahallasida yashovchi 60 yoshli Inobat Rahimova qarshimizdagi tog‘larni ko‘rsatgan holdi. “Ota-bobolarimiz davrida sellar imoratlarni yuvib ketib, odamlarni uysiz va yashash uchun vositalarsiz qoldiradigan darajada kuchli sellar bo‘lgan”.
Inobat Rahimova yetti yoshli nabirasi bilan BMTTD tomonidan FVV, O‘zbekistondagi Qizil Yarim Oy Jamiyati hamkorligida, Yashil iqlim jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi ostida tashkil qilingan taktik-strategik o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi.
Haqiqiy vaziyatlarga yaqinlashtirilgan o‘quv doirasida mahallada yashovchi 350 nafar odam, jumladan ayollar, bolalar va keksalar, shuningdek turli xizmatlarning xodimlari, tibbiyot vakillari sel yuz berishi ehtimoli hamda uylar qulashi, gaz sirqishi oqibatida buzilgan imorat hududida yong‘in chiqishi kabi vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalari ustida ish olib borildi. Ssenariy bo‘yicha odamlarning chodirlar qarorgohiga evakuatsiyasini tashkil qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish va mahalla aholisini vaqtincha joylashtirish jarayonlari o‘tkazildi. O‘quv tamomlanganida yakunlar hisoblanib, takomillashtirish zarur bo‘lgan holatlar tahlil qilindi.
Keyingi bosqich mazkur mahalla aholisi va mutaxassislari, shuningdek Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlaridan qolgan olti mahalla uchun o‘quv treninglaridan iborat bo‘ladi. Treninglar doirasida odamlar iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelgan tabiiy ofatlarni batafsil o‘rganib, o‘z mahallalari bo‘yicha sodda xatarlar xaritasini tuzadilar hamda ofatlar xavfini kamaytirishga yordam beradigan tadbirlarni rejalashtiradilar.
O‘zbekiston aholisining 26 foizi tog‘ va tog‘oldi hududlarida yuzaga keladigan sel va ko‘chkilarga to‘qnash kelishini inobatga olib, BMTTD tomonidan FVV va O‘zgidromet bilan hamkorlikda kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Mazkur tizim iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlar o‘sishini hisobga olgan holda, O‘zbekiston aholisi, jumladan tog‘li hududlarda yashovchi va hozirda xavfli tabiiy ofatlar xavfi ostida bo‘lgan eng zaif qishloq hamjamiyatlarining chidamliligini oshirishga xizmat qiladi.
BMTTD, FVV va O‘zgidromet xizmatining “O‘zbekiston aholisining iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga nisbatan chidamliligini oshirishgaqaratilgan kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish” nomli qo‘shma loyihasi Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha faoliyati Farg‘ona vodiysining aholisi zich va iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan sharqiy tog‘li hududlaridagi suv toshqinlari, sellar, ko‘chkilar, qor ko‘chkilari va gidrologik qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlarga urg‘u bergan holda mamlakatdagi erta ogohlantirish tizimini modernizatsiya qilish va qayta shakllantirishga qaratilgan.