Orolbo'yi mintaqasini va butun O'zbekistonni barqaror rivojlantirish uchun Grant loyihalari platformasi ishga tushirildi

7-June, 2024
Surat: BMTTD O'zbekiston

O'zbekiston, 2024-yil 7-iyun. BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), O'zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda grant loyihalarini monitoring qilish platformasini ishga tushirilganini g'urur bilan e'lon qiladi. Ishga tushirish marosimi butun mamlakat bo'ylab loyihalarni amalga oshirish va grant loyihalarini muvofiqlashtirishda shaffoflik va hisobdorlikni oshirish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi.

Grant loyihalari platformasi - O'zbekistonda xorijiy yordam ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarni monitoring qilish uchun mo'ljallangan avtomatlashtirilgan axborot tizimi hisoblanadi. Dastlab u Orolbo'yi mintaqasida amalga oshirilayotgan loyihalarni monitoring qilish uchun ishlab chiqilgan, keyin hukumat O'zbekistonda xorijiy yordam ishtirokidagi barcha loyihalarni monitoring qilish maqsadida platformani kengaytirdi. Platforma amalga oshirilgan, joriy va taklif etilayotgan grant loyihalarni, loyiha yo’nalishi, xarajatlari, davomiyligi, joylashuvi, samaradorligi va boshqa tegishli ma'lumotlarni nashr etadi. Platforma shuningdek, loyihani moliyalashtirishni ta'minlash uchun O'zbekiston davlat muassasalarining xorijiy donorlar bilan aloqalarini osonlashtiradi.

Tadbirda asosiy manfaatdor tomonlar, jumladan, davlat amaldorlari, Vazirliklar vakillari va xalqaro hamkorlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar monitoring platformasining funksional imkoniyatlari bilan tanishish, tajriba almashish va O'zbekistonning taraqqiyot yo’li uchun ilgari surishda kelgusidagi hamkorlikni belgilash imkoniyatiga ega bo'ldilar.

Surat: BMTTD O'zbekiston
“Biz loyiha boshqaruvini takomillashtirish va resurslardan samarali foydalanishni ta'minlash uchun transformatsion vosita bo'lgan grant loyihalarini monitoring qilish platformasini taqdim etishdan mamnunmiz",
dedi O'zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi Hashimov Abdulla Shukrullayevich.
Surat: BMTTD O'zbekiston
"Dastlab mintaqadagi loyihalarni monitoring qilishga mo'ljallangan ushbu platforma BMTTD va O'zbekiston hukumatining Orolbo'yi mintaqasida barqaror rivojlanishga ko'maklashish borasidagi hamkorlikdagi sa'y-harakatlari va fidoyiligidan dalolat bo'ldi”,
dedi BMTTD ning O'zbekistondagi doimiy vakili v.b. Anas Fayyad Qarman. Shuningdek, u ushbu platforma 3668 ta ma'lumotlar to'plamiga ega va allaqachon 429 ta loyiha haqida ma'lumotlar mavjudligi haqida ham to’xtalib o’tdi.

Biz farovonlik va barqaror rivojlanish yo'limizni davom ettirar ekanmiz, grant loyihalarini monitoring qilish platformasi ijobiy o'zgarishlarni ilgari surishda hamkorlik va innovatsiyalarning kuchidan dalolat beradi. Kelishilgan sa'y-harakatlar va umumiy qarashlar bilan manfaatdor tomonlar yangi imkoniyatlarni ochib, hamma uchun yorqin kelajakni qurishlari mumkin.

Eslatma: Platforma BMTning O‘zbekistondagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi tomonidan moliyalashtiriladigan BMT Taraqqiyot dasturi, YuNISEF va FAO hamkorlikdagi "Orolbo‘yi mintaqasida yashil va innovatsion rivojlanish orqali yoshlarning porloq kelajakka erishish yo‘lida imkoniyatlarini kengaytirish" dasturi doirasida ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-yanvardagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 41-sonli qaroriga muvofiq, BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda tashqi beg‘araz ko‘mak (grant) mablag‘lari ishtirokidagi dastur valoyihalar amalga oshirilishini monitoring qilish avtomatlashtirilgan elektron axborot tizimi (“Platforma”) yaratildi.