Zo‘ravonlikdan najot topgan ayol hikoyasi

Muallif: Ikhtiyor Abdurakhmanov

13-August, 2024
a large empty room

Oydin Nur markazi binosi

Foto: Ikhtiyor Abdurakhmanov, BMT Tarqqiyot Dasturi

Zamira Shodiyeva (maqoladagi ism va familiyalar o‘zgartirilgan) "Oydin Nur" markaziga murojaat qilganida hayoti  muammolar va xavotir bilan to‘la edi. Turmush qurgandan so‘ng uning hayot yo‘li oilaviy zo‘ravonlikning og‘ir yukini ko‘tarishga majbur bo‘ldi va bu yillar davomida ruhiyatida chuqur iz qoldirdi. Turmush o‘rtog‘i tomonidan qilingan jiddiy zo‘ravonliklar uning hayotini o‘zgartiradigan qarorga kelishiga sabab bo‘ldi: Zamira "Oydin Nur" markazidan yordam so‘radi.

2023-yilning noyabrida Zamira turmush o‘rtog‘i tomonidan navbatdagi jiddiy zo‘ravonlikka uchragach, muhlat bermasdan ajratishni so‘rab, Buxoro viloyatining Romitan tuman fuqarolik sudiga da’vo arizasini beradi. Biroq, sud er-xotinga yarashish uchun to‘rt oylik muhlat tayinlaydi. Shundan so‘ng ham ota-onasining uyida yashab yurgan Zamirani turmush o‘rtog‘i uning ixtiyoriga qarshi olib qochib ketib, unga jismoniy zo‘ravonlik qiladi.

- Ishga ketayotganimda majburlab mashinasiga o‘tkazdi va hushimni yo‘qotgunimcha kaltakladi. Ko‘zimni shifoxonada ochdim. Shifoxonada uzoq davolanishimga to‘g‘ri keldi, - deydi ayol.

Buxoro viloyatida tashkil etilgan “Oydin Nur” oilani ijtimoiy himoyalash markazi bugungi kunda nafaqat ayollar uchun boshpana, balki ularga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatishda ham alohida o‘rin tutadi. Bu markaz ko‘plab ayollar uchun yangi hayot boshlash, o‘zlarini qayta topish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallash imkoniyatini taqdim etadi. Zamiraning hikoyasi ham shunday qiyinchiliklarga duch kelgan ayollar hayotida ushbu markaz qanday o‘zgarishlar qilishini yaqqol namoyish etadi.

Zamiraning hikoyasi markazda yordam olgan ko‘plab ayollar hikoyalaridan biridir. Uning turmushidagi hayoti oilaviy zo‘ravonlik tufayli murakkab va og‘ir o‘tgan. Farzand ko‘rgach hammasi yaxshi tomonga o‘zgarishiga katta umid qilgan ayolning onalik baxti ham to‘kis bo‘lmadi.

- Nafaqat turmush o‘rtog‘im, oilaning boshqa a’zolari ham menga kun berishmadi. Juda uzoq chidadim. Lekin, oxiri bu haqda otamga aytdim. Bunday davom etishi mumki emas edi. Hatto farzandli bo‘lishimiz ham oilamizga farovonlik olib kelmadi, - deb eslaydi Zamira.

Sud jarayonlari, himoya orderlari, va turli tashkilotlarga murojaatlar Zamiraning holatini yaxshilashga yordam bermagan. "Oydin Nur" markaziga murojaat qilgachgina, u o‘zini nihoyat xavfsiz his qildi.

Markaz Zamiraga nafaqat huquqiy yordam ko‘rsatdi, balki unga ruhiy madam ham berdi. Markazning huquqshunoslari Zamirani himoya qilishda katta yordam berdi. Ular Zamiraga qonuniy yo‘llarni ko‘rsatib, uni sud jarayonlarida qo‘llab-quvvatlashdi. Zamira bu yordamni qabul qilganidan so‘ng, sud jarayonlari tezlashdi va nihoyat, Zamira sobiq turmush o‘rtog‘idan ajrashishga muvaffaq bo‘ldi. Bu qaror unga zo‘ravonlikdan qutulish va yangi hayot boshlash imkoniyatini berdi.

- Ayollar ko‘pincha zo‘ravonlik holatlarida o‘z huquqlarini bilmasligi yoki o‘zlarini himoya qila olmasligi mumkin. Huquqshunoslar tomonidan taqdim etilgan huquqiy yordam ayollarni adolatli sud jarayonlariga kirishga, ruhiy ko‘mak olish va zo‘ravonlikdan himoyalanishga yordam beradi. Xuddi shu yordamni o‘zim ham oldim va bir necha marta qoldirilgan sud ishi majlisining tezlashishiga erishdim, - deydi Zamira.

Zamira boshidan kechirgan qiyinchiliklarini boshqa ayollar ham boshdan kechirishini isitmaydi. U bugungi kunda o‘zining huquqlarini to‘liq anglab, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga muvaffaq bo‘ldi. Zamira bugungi kunda markazning faoliyati, ayollarning huquqlari haqida boshqalarga ham ma’lumot berib, o‘zi boshdan kechirgan vaziyatga tushgan ayollarga qo‘ldan kelgancha yordam berish niyatida.

BMT Taraqqiyot Dasturining gender tengligi va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha mutaxassisi Gulnoza Ahmedovaning tushuntirishicha, oilaviy zo‘ravonlik va oiladagi nizoni farqlash juda muhim rol o‘ynaydi. Oiladagi zo‘ravonlikning birinchi xususiyati shundaki, u oilaviy nizodan farq qiladi - u ma’lum bir ssenariy bo‘yicha rivojlanadi. Agressiyaning avj olishi, ehtimol, hatto jismoniy kuch ishlatish, keyin yarashuv va yana zo‘ravonlik holati.

- Zo‘ravonlikning ikkinchi xususiyati shundaki, u vaqt o‘tishi bilan kuchayadi: zo‘ravonlik harakatlarining o‘zi tez-tez yuzaga kelib, zo‘ravonlik yanada kuchayadi, - deya tushuntiradi mutaxassis Gulnoza Ahmedova. - Zo‘ravonlikning uchinchi, o‘ziga xos xususiyati shundaki oilaviy nizo holatida ikkala sherik ham teng pozitsiyani egallaydi. Oilaviy zo‘ravonlik holatlarida esa bir kishi boshqa birovning hayoti ustidan nazorat o‘rnatishga harakat qiladi, ya’ni nima qilishi, kim bilan muloqot qilishi kerakligini belgilab berishga harakat qiladi. Bunday holatlarda vaqtida chora ko‘rilmasa, zo‘ravonlik jabrlanuvchilarning jarohat olishi, o‘z joniga suiqasd qilishi yoki o‘limiga olib kelishi mumkin.

Markazning yordami faqatgina Zamira bilan cheklanmaydi. “Oydin Nur” markazi bugungi kunda ko‘plab ayollarga yangi hayot boshlashda yordam bermoqda. Markaz tomonidan berilayotgan huquqiy va psixologik yordamlar, tashkil etilayotgan seminarlar va treninglar orqali ayollar o‘z huquqlarini himoya qilishni o‘rganishmoqda. Bu jarayonlar ularga yangi imkoniyatlar eshigini ochib, o‘zlarini jamiyatda teng huquqli a’zo sifatida his qilishlariga yordam bermoqda.

"Oydin Nur" markazi faoliyatida BMT Taraqqiyot Dasturining kichik grantlari muhim rol o‘ynaydi. Ushbu grantlar orqali markaz o‘z loyihalarini amalga oshirish va ijtimoiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Grantlar asosan ayollar huquqlarini himoya qilish, ularni huquqiy bilimlar bilan ta’minlash va ularning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishlarini ta’minlashga qaratilgan.


Kichik grantlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) Oʻzbekistondagi BMTTD va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi  tomonidan moliyalashtiriladigan dasturdir. Ushbu dastur doirasida to‘qqizta kichik grant ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda ular orqali O‘zbekistonning turli hududlarida NNTlar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga bepul yuridik yordam ko‘rsatilmoqda.

Dastur nafaqat loyihalarni moliyalashtiribgina qolmay, balki nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini mustahkamlashga yordam, ularga manfaatdor tomonlar bilan muloqot qilish va o‘z faoliyat sohalarida mazmunli ta’sir ko‘rsatish imkonini beradi. Bu O‘zbekistonda ijtimoiy-huquqiy muhitni bosqichma-bosqich takomillashtirish, adolatli va inklyuziv jamiyatni ta’minlash uchun sharoit yaratish imkonini oshiradi.