BMT Taraqqiyot Dasturi gender tenglikni targ‘ib qilish uchun bixevioral tahlil bo‘yicha tajriba hisobotini chiqardi

11-October, 2024
icon

Toshkent, O‘zbekiston - BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekistonda zo‘ravon ekstremizmining oldini olish uchun zararli gender stereotiplariga qarshi kurashda xulq-atvorni o’rganuvchi fanlaridan foydalanish va jamiyat barqarorligini oshirish to‘g‘risida hisobot chiqardi. Ushbu hisobot milliy va xalqaro hamkorlar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatidan so‘ng chop etildi. Mazkur tadbirda genderga sezgir siyosat orqali zo‘ravon ekstremizmning oldini olishning innovatsion strategiyalari ko‘rib chiqildi.

Xulq-atvor fanlari xulosalari yoki odatda xulq-atvor qarashlari (Behavioral Insights - Bixevioral tadqiqotlar) deb ataladigan tushuncha odamlarning real hayotda o‘zlarini qanday tutishlari, fikrlashlari va qaror qabul qilishlarini tushuntirishga qaratilgan bo‘lib, asosan psixologiya, sotsiologiya va kognitiv fanlar asosida shakllanadi. Bu jarayon insonlar nima deyishi, nima qilishi yoki oqilona xatti-harakat deb hisoblanishidan farq qilishi mumkin bo‘lgan qonuniyatlar, tendensiyalar va motivlarni aniqlash uchun inson xulq-atvorini tahlil qilishni o‘z ichiga oladi. Xulq-atvor insaytlari odamlarning tabiiy xatti-harakatlariga mos keladigan choralar, siyosatlar va dasturlarni ishlab chiqish uchun qo‘llaniladi. Bu esa ijobiy xulq-atvorni rag‘batlantirishni osonlashtiradi va qaror qabul qilish jarayonini takomillashtiradi.

Asosiy xulosalar: Xulq-atvor statistikasi orqali gender normalarini o‘zgartirish

2024-yil boshida BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan mahalla darajasida o‘tkazilgan kichik tajriba: zararli gender normalariga qarshi kurashish va ularni o‘zgartirish quyidagilarga chuqur ta’sir qilganini ko‘rsatdi:

  • Ishlash uchun teng imkoniyatlar: Erkaklar ayollarga qaraganda ko‘proq ishlash huquqiga ega bo‘lishi kerak degan qarash ikki baravar kamaydi ( 60% dan 30% gacha). Bundan tashqari, 100% erkak ishtirokchilar endi ayollar uchun biznesda imkoniyatlarni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan, 80% ayollar esa o‘z daromadlariga ega bo‘lish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

  • Jinsiy sherik tomonidan zo‘ravonlik: Aralashuv jinsiy sherigiga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yish darajasini pasaytirdi: "erkak o‘z xotinini kaltaklashi mumkin" degan fikrga qo‘shilish 67% ga kamaydi.

  • Siyosat va ta’lim: "Siyosatda ayollar uchun ko‘proq imkoniyatlar bo‘lishi kerak" g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash 65 foizdan 85 foizga ko‘tarildi, shuningdek, ayollar erkaklar bilan teng huquqqa ega bo‘lishi demokratiya uchun zarur degan fikr 20 foizdan 50 foizgacha o‘sdi. Bundan tashqari, ayollarning oliy ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash 100 foizga yetdi.

  • Oiladagi xulq-atvordagi o‘zgarishlar: Aralashuvdan so‘ng ishtirokchilarning 85 foizi erlarining ko‘proq uy-ro‘zg‘or ishlarini o‘z zimmalariga ola boshlaganliklarini ma’lum qildilar. Bu oilada gender rollarining sezilarli darajada o‘zgarganligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, ishtirokchilarning 80 foizi gender tenglik masalalarini muntazam ravishda muhokama qilishni boshlashgan.

  • Jamoatchilik fikri yetakchilarining ta’siri: Ayollar uchun namuna bo‘lgan shaxslar, diniy rahbarlar va jamoat arboblari, ayniqsa ayollar orasida, muammoga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Nufuzli jamoatchilik fikri yetakchilarini jalb etish orqali amalga oshirilgan harakatlarning muvaffaqiyati jamiyatni gender tengligini rivojlantirishga jalb qilishning qudratini namoyon etdi.

Ushbu kichik tajriba davomida chiqarilgan xulosalar mulohaza yuritishga asos beradi va zararli ijtimoiy me’yorlarga qarshi kurash va profilaktika choralarini ishlab chiqish haqida gap ketganda, bunday tajribalar ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlari haqida o‘ylashga asos beradi.

Muhokamaning asosiy jihatlari: Gender tenglikni ta’minlash uchun innovatsion yechimlar

Davra suhbati manfaatdor tomonlarga ushbu diqqatga sazovor natijalarni tahlil qilish va ushbu muvaffaqiyatni butun O‘zbekiston bo‘ylab takrorlash yo‘llarini o‘rganish uchun zamin yaratdi. Ishtirokchilar gender tengsizlikning tub sabablarini bartaraf etishga barqaror yondashuv sifatida genderga sezgir siyosatni ishlab chiqishda xulq-atvor omillarini integratsiyalash muhimligini ta’kidladilar.

BMTTDning "Xulq-atvor tahlili" dasturi zararli gender stereotiplarini o‘zgartirish va yanada inklyuziv jamiyatni qurishda sezilarli muvaffaqiyatga erishdi. O‘zbekiston o‘zining 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha oldinga siljigani sari, ushbu ilmiy asoslangan yondashuv ko‘proq gender tengligi va barqaror rivojlanishga erishishda asosiy rol o‘ynashi mumkin.

Qo‘shimcha ma’lumot olish va hisobotning to‘liq matni bilan tanishish  uchun ushbu saytga tashrif buyuring: Zararli gender stereotiplarini bilan kurashish: bixevioral tadqiqotlarni qo‘llash