13-oktabr — Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni. 2024-yilda u bolalarni himoya qilish va ularga tabiiy ofatlardan xoli kelajakda yashash huquqini berishda ta’limning roliga e’tibor qaratadi. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii o‘z ruknida jamiyatning chinakam barqarorligining asosi ta’lim, xabardorlik va tayyorgarlik ekanligini ta’kidlaydi.
O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga bardoshlilikni oshirish: jamoatchilik bilan samarali aloqa va aholi tayyorgarligining ahamiyati
13-October, 2024
Yaponiya tabiiy ofatlarga, ayniqsa zilzilalarga qarshi kurashish sohasida keng ko‘lamli tayyorgarlik choralari bilan mashhur. Mamlakat bu borada har tomonlama yondashuvlar ishlab chiqqan. Bu yondashuvlar jumlasiga binolarni zilzilaga chidamli qiladigan qat’iy qurilish me’yorlari va qoidalari, keng qamrovli ma’rifiy tadbirlar hamda erta ogohlantirish tizimlari kiradi.
Biz Yaponiyada ulg‘aygan davrimizda zilzilaga oid bilimlar hayotimizning odatiy qismiga aylangan. Biz oddiy, ammo o‘ta muhim harakatlarni, jumladan, boshimizni yostiq bilan yopib, mustahkam stol ostiga yashirinish va xotirjamlik bilan xavfsiz joyga ko‘chishni o‘zlashtirib olganmiz. Tayyorgarlikni ta’minlash bo‘yicha bunday chora-tadbirlar — masalan, tokchalar yonida uxlamaslik va ularga og‘ir buyumlarni qo‘ymaslik — o‘zimizni tayyor his qilishimizga yordam berardi. Ushbu qoidalarga rioya qilish, ayniqsa, keksa avlod vakillari orasida odatiy amaliyot hisoblanib, ular falokat yuz berganda foydalanishga tayyor holatdagi favqulodda haltani saqlaydilar.
Biroq, mening 1995-yil yanvar oyida sodir bo‘lgan Xansin zilzilasidan (7 magnitudali) keyin ko‘ngillilar bilanbirgalikdagi ish tajribam shuni ko‘rsatdiki, turli jamoalar uchun oqibatlar bir xil bo‘lmas ekan. Ushbu zilzilada aholining zaif va kambag‘al qatlamlari eng ko‘p zarar ko‘rdi. Kamroq himoyalangan uylarda yashab, hech qanday mablag‘ga ega bo‘lmagan yoki arzimas jamg‘armaga ega bo‘lgan ko‘pchilik hamma narsasidan mahrum bo‘ldi. Ba’zi tumanlar esa, aksincha, tabiiy ofatlarga qarshi turishga yaxshiroq moslashgan.
Iqlim o‘zgarishi kuchaygani sari biz to‘qnash keladigan eng katta muammolardan biri – bu jamiyat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashdir. O‘zbekistonda haroratning ko‘tarilishi va kutilmagan ob-havo sharoitlari tabiiy ofatlar, shu jumladan suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va sellarning ko‘payishiga olib keldi.
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bu hodisalar tobora tez-tez sodir bo’lish barobarida yanada jiddiy tus olib, aholi va iqtisodiyot uchun katta xavf tug‘dirmoqda. O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 1,4 million odam tabiiy ofatlardan zarar ko‘radi, iqtisodiy yo‘qotishlar esa qariyb 3 milliard dollarni tashkil etadi. Kuchli suv toshqini iqtisodiyotga yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha zarar yetkazishi mumkin, kuchli qurg‘oqchilik ham xuddi shunday oqibatlarga olib kelishi kutilmoqda. Iqlim o‘zgarishi bu oqibatlarni yanada kuchaytirishi taxmin qilinmoqda, shuning uchun mamlakatning har bir fuqarosi bunday vaziyatlarga tayyor turishi zarur.
Ushbu muammolarni hal qilish maqsadida O‘zbekiston hukumati iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish masalalarini milliy ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylantirdi. O‘zbekiston hukumati BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda potensial xavflar to‘g‘risida o‘z vaqtida va aniq ma’lumot taqdim etadigan, aholiga ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga imkon beradigan kompleks erta ogohlantirish tizimini (EOT) takomillashtirmoqda. Maqsad: 2030-yilgacha "aholining EOT, axborot va tabiiy ofatlar xavfini baholashdan foydalanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish"dan iborat.
Shuni ta’kidlash joizki, EOT to‘rtta asosiy elementdan iborat bo’lib, ular jumlasiga xavflar haqidagi bilimlar, monitoring va ogohlantirish xizmatlari, tarqatish va kommunikatsiya, shuningdek, javob berish qobiliyati kiradi. Bu shuni anglatadiki, EOT faqatgina texnologiyadan iborat emas. Haqiqatan ham barqaror jamoalarni shakllantirish uchun keng qamrovli ijtimoiy muloqot va har bir fuqaroning tezkor harakat qilishga tayyorligi zarurdir.
Nima uchun inklyuziv ijtimoiy muloqot muhim ahamiyatga ega
Favqulodda vaziyatlar vazirligi SMS-xabarnomalar, radio eshittirishlar va ijtimoiy tarmoqlar kabi zamonaviy aloqa vositalaridan foydalangan holda, tabiiy ofatlar xavfi mavjud hududlar aholisiga real vaqt rejimida ma’lumot yetkazib bermoqda. Biroq, bu xabarlar samarali bo‘lishi uchun ular aholining turli qatlamlari ehtiyojlariga moslashtirilishi lozim. Bu esa jinsi, yoshi, qobiliyati yoki tilidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun xabarlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashni o‘z ichiga oladi.
Samarasiz aloqa va ogohlantirishlarning yetarli darajada tarqatilmasligi ko‘pincha noto‘g‘ri choralar ko‘rilishiga yoki umuman hech qanday choralar ko‘rilmasligiga olib keladi. Tarixan erta ogohlantirish tizimlaridagi aksariyat xatoliklar asbob-uskunalar yoki infratuzilma bilan bog‘liq muammolar emas, balki tushunmovchilik va beparvolik tufayli yuzaga kelgan, bu esa aniq kommunikatsiyaning juda muhimligini ko‘rsatadi.
Jamoatchilik bilan muloqot ma’rifiy ishlar bilan bir qatorda axborotni yetkazish masalasiga qaratilishi lozim. Odamlar nafaqat falokat yaqinlashayotganini, balki unga qanday munosabat bildirish kerakligini ham tushunishlari zarur. Buning uchun aholini evakuatsiya qilish tartib-taomillari, xavfsizlik choralari va oldindan harakat qilish muhimligi haqida doimiy ravishda xabardor qilib borish kerak.
O‘z vaqtida yetkazilgan va tushunarli muloqot har bir inson, shu jumladan aholining zaif guruhlari, qanday harakatlarni amalga oshirish kerakligini tezda tushunishi uchun ustuvor ahamiyatga ega, bu esa ijtimoiy muloqotni tabiiy ofatlarga tayyorgarlik strategiyasining va mamlakatning barqarorligi uchun tamal tayanchiga aylantiradi.
Har bir fuqaroning jamoa barqarorligini ta’minlashdagi roli
Jamoat ta’limi milliy strategiyaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Muntazam ravishda o‘tkaziladigan kampaniyalar, jamoatchilik seminarlari va maktab mashg‘ulotlari fuqarolarni favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga o‘rgatadi. Bu tashabbuslar odamlarning evakuatsiya yo‘llari, xavfsizlik tartib-taomillari va o‘z uylarini potentsial xavflardan qanday himoya qilishlarini tushunishini ta’minlaydi.
BMTTD, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va "O‘zgidromet" o‘zlarining qo‘shma tashabbuslari doirasida mahalliy aholini jalb etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bunda ko‘ngilli qutqaruv guruhlarini o‘qitish, jamoalar darajasida mashg‘ulotlar o‘tkazish va aholining zaif qatlamlariga e’tibor qaratgan holda evakuatsiya rejalarini ishlab chiqish kabi ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi uch yil davomida biz tabiiy ofatlarga moyil hududlardagi maqsadli mahallalarimizning 850 dan ortiq aholisini iqlim xavflari va tabiiy ofatlarga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha o‘qitdik. Shuningdek, ularning tabiiy ofatlar xavfiga tayyorgarligini oshirish maqsadida evakuatsiya bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlariga 3000 dan ortiq kishini jalb etdik. Ushbu tadbirlar davomida jamoa faollari mahalliy aholi punktlarining xaritalarini tuzib, ularda xavfli hududlarni aniqladilar va evakuatsiya yo‘nalishlarini belgiladilar.
Ushbu tashabbuslar aholining nafaqat xavf-xatarlardan xabardorligini, balki tabiiy ofatlar yuz berganda qat’iy choralar ko‘rishga qodirligini ta’minlaydi, deb hisoblaymiz.
Tayyorgarlik har bir insonning turli ehtiyojlarini inobatga olishi, ularning zaif tomonlarini anglashi va rejalarni shunga muvofiq moslashtirishi lozim. Gender yondashuvi muhim ahamiyatga ega: masalan, favqulodda holatlar uchun to‘plamlarda ayollar gigiyena vositalari kabi eng zarur buyumlarning mavjudligini ta’minlash kerak. Odatiy kunlarda kambag‘allik va tengsizlikni qisqartirish jamiyatni mustahkamlaydi. Yordam eng ko‘p kerak bo‘lganlar uchun puxta ishlab chiqilgan maqsadli reja katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Zamonaviy texnologiyalar erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirganiga qaramay, haqiqiy bardoshlilikning negizi hamon inson omili hisoblanadi - ya’ni ta’lim, xabardorlik va tayyorgarlik madaniyati. Har birimiz - sizmi, menmi yoki qo‘shnilarimizmi - ayniqsa iqlim o‘zgarishi sharoitida, yanada xavfsiz va bardoshli O‘zbekistonni yaratishda o‘z rolimizni o‘ynab kelmoqdamiz.