BMTTD tomonidan O‘zgidromet bilan hamkorlikda iqlim o‘zgarishlari, shuningdek O‘zbekistonda birinchi Gidrometeorologik va iqlim xizmatlarining milliy hadli asosini (GIXMHA) yaratish va rivojlantirish masalalari bo‘yicha forum o‘tkazildi. Tadbirda O‘zgidromet hududiy vakillari, shuningdek iqlim xizmatlarining iste’molchilari hisoblangan vazirlik va idoralarning mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekistonda ilk marotaba Gidrometeorologik va iqlim xizmatlari milliy hadli asosi ishlab chiqildi
10-December, 2024
O‘zbekiston o‘zining geografik va iqlim sharoitlari tufayli iqlim o‘zgarishiga ko'proq moyildir. Masalan, keyingi o‘n yillikda kuchli yog‘ingarchiliklar sonining ko‘paygani halokatli suv toshqinlari tez-tez yuz berishiga, haroratning ko'tarilishi esa qurg‘oqchilikka sabab bo‘lmoqda. Bu hodisalar mamlakatning qishloq xo‘jaligi unumdorligiga tahdid solish bilan bir qatorda, infratuzilma va jamoatchilik salomatligi uchun jiddiy xatarlarni yuzaga keltirmoqda. Shu o‘rinda, GIXMHAning yaratilishi barqaror rivojlanishni ta’minlash va aholini iqlim o‘zgarishlarining noxush oqibatlaridan himoya qilishda muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
BMTTD Vakilining o‘rinbosari, janob Anas Fayad Karman o‘zining chiqish nutqida qayd etishicha, “Gidrometeorologik va iqlim xizmatlarining milliy hadli asosining (GIXMHA) ishlab chiqilishi O‘zbekiston turli tarmoqlarda yanada samarali qarorlarni qabul qilishi uchun iqlimga doir axborotni yaxshiroq taqdim etishi va undan foydalana olishi uchun zarurdir. Bu iqlim o‘zgarishi oqibatlariga eng yaxshi tayyorgarlikni ta’minlagan holda, qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, halokatlar xavfini kamaytirish va sog‘liqni saqlashga moslashtirilgan iqlim xizmatlarini yaratishga yordam beradi”.
GIXMHA iqlimga doir ma’lumotlardan foydalanishni yaxshilash, O‘zgidromet infratuzilmasini modernizatsiya qilish va axborot uzatishning innovatsion usullarini joriy qilish orqali iqlim o‘zgarishi va tabiiy hodisalarga chidamlilikni oshirishga qaratilgan strategik tashabbus hisoblanadi. GIXMHA iqtisodiyotning turli tarmoqlari ehtiyojlariga moslashtirilgan iqlim ma’lumotlari va xizmatlarini taqdim etish uchun yangi texnik va operatsion mexanizmlarni ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalarni qamrab olgan. Qayd etish joizki, GIXMHA gidrometeorologik va iqlim xizmatlari bo‘yicha idoraviy emas, balki milliy hadli asos sifatida tayyorlangan. Aynan shu holat mamlakatimiz iqtisodiyotining manfaatdor tarmoqlari uchun uning ahamiyatini belgilab beradi.
Forum davomida O‘zbekiston uchun GIXMHA ishlab chiqishga jalb qilingan xalqaro ekspertlar GIXMHA loyihasini taqdim etib, mazkur sohadagi xalqaro tajribani O‘zbekistonda qo‘llash borasida fikr bildirib, o‘z tavsiyalari va kelgusi harakatlarni taklif qildilar. Avvalroq vazirlik va idoralar ishtirokida tashkil qilingan “davra suhbati” davomida ishtirokchilar GIXMHA loyihasi yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etib, uni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etdilar.
Rejaga muvofiq, GIXMHA O‘zbekistonda iqlimga doir xizmat ko‘rsatish sohasida strategiyalar va harakatlarni ishlab chiqishda davom etish uchun zamin yaratib, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirishga va tegishli xizmatlar taqdim etilishidan iqtisodiy foyda olishga yordam beradi.
***
BMTTD, FVV va O‘zgidromet xizmatining “O‘zbekiston aholisining iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga nisbatan chidamliligini oshirishgaqaratilgan kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish” nomli qo‘shma loyihasi Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha faoliyati Farg‘ona vodiysining aholisi zich va iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan tog‘li hududlaridagi suv toshqinlari, sellar, ko‘chkilar, qor ko‘chkilari va gidrologik qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlarga urg‘u bergan holda mamlakatdagi erta ogohlantirish tizimini modernizatsiya qilish va qayta shakllantirishga qaratilgan.