Mualliflar: Otabek Eshmatov va Ivan Horvat
Kelajakdagi qishloq xoʻjaligi bilan tanishuv: Italiyaga oʻquv safaridan yangicha gʻoyalar
19-June, 2024
Agro-oziq-ovqat sohasidagi tadqiqotlarga investitsiya qilish yangi bilimlarni taqdim etishi va innovatsiyalarga koʻmaklashishi mumkin. O‘zbekiston hozirda fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalari duch kelayotgan ko‘plab muammolarni hal qilish uchun yetarli bilimga ega. Biroq fermerlar va agrobiznesning ehtiyojlari hamda qishloq xoʻjaligi sohasidagi tadqiqotchilarning muammolarga oʻz vaqtida yechim topishlari oʻrtasida tafovut yuzaga kelib ulgurgan.
Bu boʻshliqni bartaraf etish maqsadida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriluvchi, BMTTDning “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o`tishini qo`llab quvvatlash va iqlimga yoʻnaltirilgan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” (UAKIS) loyihasi doirasida Italiyaga ikkinchi oʻquv safari tashkil etildi. Safardan maqsad – qishloq xoʻjaligi sohasidagi tadqiqotchilar va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi (QXV) vakillarining texnik tajribasi va amaliy bilimlarini boyitishdir.
O‘zbekistondagi innovatsion guruhlarining dastlabki bosqichlarida olingan tayanch bilimlarga va CREA ekspertlari boshchiligidagi tadqiqot institutlari uchun yaqinda o‘tkazilgan treninglarga asoslangan holda, ushbu tanishuv safari qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va ishlanmalarini kengaytirish uchun innovatsion hamkorlikni boshqarish va ulardan foydalanish jihatlarini yanada o‘rganishga koʻmaklashishni maqsad qilgan edi.
Italiyani qishloq xoʻjaligi innovatsiyalarining yuragi deb atash mumkin. Besh kun davomida safar ishtirokchilari Italiya qishloq xo‘jaligining turli jabhalarini o‘rganishdi; mahalliy sharoitlarga asoslangan dehqonchilikdan tortib to uzumchilikgacha, bebaho bilim va tajribaga ega bo‘lishdi.
Mahalliy sharoitlarga asoslangan dehqonchilik va barqaror amaliyotlar
Ushbu tanishuv safari CREAʼning Treviglio shahridagi Oziq-ovqat muhandisligi va qayta ishlash markaziga tashrif buyurishdan boshlandi, u yerda tadqiqotchilar innovatsion mashinalar va mahalliy sharoitlarga asoslangan dehqonchilik usullari bilan yaqindan tanishdilar. Ular optimallashtirilgan o‘g‘itlash uchun sun’iy yo‘ldoshdan kuzatish usulidan tortib, sohadagi eng ilg‘or usullargacha boʻlgan, sanoat kelajagini belgilab beruvchi texnologiya va barqaror dehqonchilik amaliyotlari uyg‘unligi haqida qimmatli bilimlarni oldilar.
Chorvachilik va sut mahsulotlari ishlab chiqarish
Ikkinchi kuni asosiy eʼtibor Lodi shahridagi CREA chorvachilik va suv xoʻjaligi markazida chorvachilik va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni oʻrganishga qaratildi. Bu yerda tadqiqotchilar fermer xo‘jaliklari samaradorligi va chorva mollari salomatligini optimallashtirishga qaratilgan genetik takomillashtirish dasturlari va innovatsion texnologiyalarni o‘rganishdi. Ular chorva mollarining holatidan kelib chiqqan holda oziqlantirish tizimlari, yirik shoxli qoramollarning xatti-harakatlarini oʻrganish kabi sohalarni tahlil qilib, sut ishlab chiqarish sanoatining murakkab jihatlari haqida chuqurroq bilimga ega boʻlishdi.
Uzumchilik va enologiya
Uchinchi kuni tadqiqotchilar Asti shahridagi CREA uzumchilik va enologiya markazida uzum yetishtirish va enologiyaning alohida jihatlari bilan yaqindan tanishdilar. Ularga uzumning ekologik barqarorligini taʼminlash va sifatini yaxshilashga qaratilgan innovatsion yetishtirish usullari va enologik amaliyotlari haqida maʼlumot berildi. Ishtirokchilar sensorli tadqiqotlardan tortib biologik xilma-xillikni saqlashgacha boʻlgan usullar bilan tanishib, Italiyaning boy vinochilik anʼanalarining xilma-xilligi haqida qimmatli tushunchaga ega boʻlishdi.
Funduq yetishtirish va akvakultura
Toʻrtinchi kun tadqiqotchilar Albaga borishdi, u yerda ular funduq ishlab chiqarishning barqaror usullari va tuproqqa ishlov berish amaliyotini oʻrganishdi. Ular tuproq eroziyasining oldini olish uchun zararkunandalarga qarshi biologik kurash va funduq sanoatini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar haqida ma’lumot oldilar Soʻngra ular Kuneo shahriga sayohat qilishdi va u yerda baliq yetishtirishning barqaror usullari hamda oqsilga boʻlgan talabni qondirish uchun kasalliklarning oldini olish strategiyalari bilan yaqindan tanishdilar.
Sabzavot yetishtirish va innovatsiyalar
Oʻquv safarining oxirgi kuni San-Remoda sabzavot yetishtirish uchun innovatsion yechimlarni oʻrganishga bagʻishlandi. Ishtirokchilar issiqxonada shifobaxsh va isteʼmol qilinuvchi o‘simliklarni intensiv yetishtirish hamda sabzavotchilik sanoatida inqilob yaratayotgan zamonaviy barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlari bilan tanishdilar. Shuningdek, ular mahalliy innovatsion guruhlarga tashrif buyurib, sabzavot qiymat zanjiri, issiqxonalarni boshqarish va o‘simliklarning yangi navlari bilan tanishdilar.
O‘zbekistonlik tadqiqotchilar o‘quv safarini yakunlab, qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga erishishda hamkorlik va innovatsiyalarning salohiyatini yangicha anglagan holda, vatanga qaytishdi. Italiyada olingan bilim va tajribaga asoslangan holda ular bu oʻz bilimlarini O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasini o‘sish va barqarorlikning yangi davriga olib chiqish uchun qo‘llashga hozir. O‘quv safari nafaqat yangi bilimlar safari, balki O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini o‘zgartirish va modernizatsiya qilishni boshlash uchun jiddiy turtki bo‘ldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.