Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha yangi milliy majbariyatlar belgilash orqali “yashil” iqtisodiyot” sari katta qadamlar qo‘yildi
O‘zbekiston xalqi va hukumati iqlim inqiroziga birgalikda qarshi turish choralarini ko‘rmoqda
1-November, 2021
O‘zbekiston Respublikasi iqlim inqiroziga eng kam ta’sir ko‘rsatayotgan davlatlardan biri bo‘lsa-da, uning nomutanosib oqibatlariga duch kelmoqda. Prognoz qilinayotgan suv resurslarining kamayishi va yog‘ingarchilik rejimidagi o‘zgarishlar uzoq davom etadigan qurg‘oqchilikka va sug‘orish uchun suv miqdorining kamayishiga olib kelishi kutilmoqda, bu esa aholining katta qismini oziq-ovqat xavfsizligi xatari ostida qoldiradi. Suv tanqisligi mamlakatda hosildorlikning pasayishiga va natijada tez o‘sib borayotgan aholini yetarli darajada mahsulot bilan ta’minlay olmaslikka olib keladi. Orol dengizining to‘xtovsiz davom etayotgan qurishi muammoni yanada kuchaytirmoqda, u so‘nggi 40 yil ichida o‘z maydonining 57 foizini, hajmining 80 foizini va chuqurligining 64 foizini yo‘qotdi.
Boshqa tomondan, O‘zbekiston “yashil” iqtisodiyotni yaratish orqali uglerod izini kamaytirish yo‘lida muhim qadamlar tashlamoqda. Uning iqlim oqibatlariga nisbatan yuqori darajada himoyasizligini hisobga olgan holda, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish choralari mamlakat uchun ustuvor vazifaga aylanmoqda. 2021 yilning sentabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Parij bitimi bo‘yicha maqsadlarga erishish, uglerod gazidan xoli iqtisodiyot qurish yo‘lida aniq qadamlar qo‘yish borasidagi majburiaytini yana bir bor tasdiqladi.
Shu hafta e'lon qilingan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimi doirasidagi ikkinchi Milliy miqyosda belgilangan hissasida (MMBH) O‘zbekiston o‘z majburiyatlarini 300 foizdan ko‘proqqa oshirdi va birinchi MMBHda ko‘rsatilgan 10 foizga qisqartirish maqsadidan farqli ravishda, 2030 yilga borib YaIM birligiga nisbatan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010 yil darajasidan 35 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Mazkur ulkan maqsadga erishish uchun Hukumat boshqa chora-tadbirlar qatorida umumiy energiya ishlab chiqarish hajmida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish, energiya samaradorligi ko‘rsatkichini 2018 yil darajasiga nisbatan ikki baravar oshirish, YaIM energiya sarfini ikki baravar kamaytirish, energiya sarfini kamaytirish va tabiiy resurslarning sanoat maqsadlaridagi iste'molini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Muvaffaqiyatli natijani ta'minlash uchun natijaga erishishga asoslangan o‘lchanadigan ko‘rsatkichlar mamlakatning Milliy rivojlanish maqsadlari, “Yashil” iqtisodiyot strategiyasi, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha strategiyasi, Bioxilma-xillikni saqlash milliy strategiyasi va Elektroenergetika sohasini rivojlantirish konsepsiyasi bilan bog‘langan va ularga kiritilgan.
Ikkinchi MMBHdagi moslashish choralari hamjamiyatlarni iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siridan himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli harakatlarni qamrab oladi. Asosiy maqsadlar qatoriga strategik infratuzilma va ekotizimlarning barqarorligini oshirish, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish va Orol dengizi inqirozining salbiy ta’sirini kamaytirish, shu jumladan BMTTD tomonidan qo‘llab-quvvatlayotgan tizimli fikrlash yondashuvini ilgari surish va maqsadli dasturlarni amalga oshirish kiradi. Shuningdek, suv resurslaridan foydalanishni takomillashtirish, gidrotexnika inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish, ekinlar diversifikatsiyasini kengaytirish, organik dehqonchilik amaliyotlarini joriy etish, qishloq xo‘jaligining iqlimga chidamliligini oshirish, tog‘ etaklaridagi o‘rmonzorlarni tiklash, yarim cho‘l va cho‘llarda mahalliy o‘simlik turlarini saqlab qolish va gidrometeorologik xavflar to‘g‘risida erta ogohlantirish tizimlarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Mazkur rejalarga erishish uchun O‘zbekiston o‘zining moslashuvchanlik salohiyatini kuchaytirish va barcha darajalarda iqlim o‘zgarishi oqbatlarini yumshatish bo‘yicha harakatlar bilan uyg‘unlikdagi xatarlarni boshqarish tizimlarini yaratish niyatida.
Amalga oshirish strategiyasi
Ikkinchi MMBHda belgilangan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish maqsadlarini amalga oshirish uchun strategik vositalar allaqachon mavjud yoki joriy qilinmoqda. Mamlakatning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha milliy majburiyatlarining oshirilganini aks ettirish uchun yaqinda allaqachon amalga oshirilayotgan 2030 yilga kelib “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini amalga oshirish jadallashtirildi. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish choralari bilan bog‘liq chora-tadbirlar deyarli barcha tarqmoq strategiyalari, rejalari va rivojlanish dasturlarida o‘z aksini topgan.
Shu bilan birga, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BRMga erishish uchun qayta tiklanuvchi energiya va energiya samaradorligi sohalarida institutsional salohiyat mustahkamlanib, me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda. Moslashish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar suv resurslari, energiya ishlab chiqarish, o‘rmonlarni asrash sohalaridagi strategiyalar va chora-tadbirlar hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritalarida o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, hozirgi kunda BMTTD ko‘magida va Yashil iqlim jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, sog‘liqni saqlash, uy-joy qurish va favqulodda vaziyatlarni boshqarish sohalariga alohida e’tibor qaratilgan Milliy moslashish rejasi ishlab chiqilmoqda.
Natijalar allaqachon namoyon bo‘lmoqda: 1990-2017 yillarda amalga oshirilgan sanoat tarmoqlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish va bir qator boshqa chora-tadbirlar YaIM energiya sarfiining qariyb 250 foizga kamayishiga olib keldi. Bundan tashqari, YaIM birligiga nisbatan CO2 ning solishtirma tashlamalari deyarli 40 foizga qisqardi. Mamlakat “yashil” iqtisodiyotni yaratish strategiyasini amalga oshirar ekan, bu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar davom etishi kutilmoqda.
Biroq, MMBH2 bo‘yicha uzoq muddatli maqsadlarga erishish xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining ko‘magiga bog‘liq. Ilg‘or energiya tejaydigan va ekologik xavfsiz texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirish uchun ularning ko‘magi zarur. Bu yoʻnalishdagi katta qadam 19 may kuni qo‘yildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan Orolboʻyi mintaqasi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilinib, unda mintaqa ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilindi hamda mintaqani qayta tiklash va u yerdai ekologik muhitni yaxshilash boʻyicha tadqiqot va ilmiy saʼy-harakatlarni kengaytirish majburiyati belgilandi.
Kelajakdagi rejalar: “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish
“2019-2030 yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotiga oʻtish strategiyasi” amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini kiritgan holda ijtimoiy taraqqiyotga koʻmaklashish, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish, iqlim va atrof-muhitni muhofaza qilish orqali barqaror va inklyuziv asosda barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishga qaratilgan. Oʻzgidromet rahbarligi va nazorati ostida ishlab chiqilgan va BMTTD tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Ikkinchi MMBH deyarli butunlay “yashil” iqtisodiyot tamoyillariga asoslangan boʻlib, mazkur strategiyaga kiritilgan va unga bogʻliqdir. Darhaqiqat, MMBH2da “yashil iqtisodiyot” haqida 17 marta so‘z yuritilgan.
MMBH2 “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish milliy strategiyasidan tashqari, Oʻzbekistonning 16 Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlari (BRM) va Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Parij bitimi bilan ham bogʻliqdir. O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha barcha xalqaro shartnomalarni samarali va shaffof tarzda amalga oshirish tarafdori bo‘lsa ham, bu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishish jahon hamjamiyatining salohiyati va majburiyatiga ham bog‘liq bo‘lib, uglerod tashlamalarini har bir davlatning imkoniyatlari va mas’uliyatiga muvofiq ravishda cheklash bo‘yicha barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilishi lozim. O‘zbekiston o‘z hissasini qo‘shishga tayyor, qodir va allaqachon faol ravishda hissa qo‘shayotgan bo‘lsa-da, yakuniy natija jahon hamjamiyatining jamoaviy majburiyat va harakatlariga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Jahon davlatlari rahbarlari 2021-yil 31-oktabrdan 12-noyabrgacha Glazgoda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konventsiyasining (BMT IO‘HK) Tomonlar 26-konferentsiyasi (COP26) doirasida yig‘ilayotgan bir vaqtda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha global harakat va hamkorlikni kuchaytirish juda ham muhim. Buni O‘zbekiston xalqi ham, butun dunyo ham kuzatib turibdi.
Matilda Dimovska Birlashgan Millatlar Tashkiloti taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili |
Sherzod Habibullayev O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi Bosh direktori |