O‘zbekiston shaharlarini ayollar uchun xavfsiz makonlarga aylantirish maqsad qilingan “Umidani chaqiring” innovatsion pilot loyihasining shakllanish yo‘li
Xavfsiz joylardan xavfsiz va farovon hamjamiyatlar sari
19-July, 2023
Shaharlar yashash, ishlash va yangi tajriba va kechinmalarni kashf qilish uchun jo‘shqin va jozibador makon bo‘lishi mumkin. Ammo, shaharlar osonlik bilan ayollar taʼqib, haqorat va xavfsizlik bilan bog‘liq boshqa tahdidlarga duch keladigan xavf-xatarli joyga aylanishi ham hech gap emas. 2023 yil 12 aprelda O‘zbekistonda jinsiy taʼqibni taqiqlovchi yangi qonun kuchga kirib, gender tengligini taʼminlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu blogda O‘zbekistonda va undan tashqarida shahar maʼmuriyatlari hamda mahalliy guruhlar o‘z shaharlarini ayollar uchun, jumladan, innovatsion texnologiyalar, jamoatchilik tashabbuslari va siyosat darajasidagi o‘zgarishlar orqali xavfsizroq qilayotgani to‘g‘risida gap boradi.
Biz ko‘zlarini yumgan odamlar bilan to‘lgan xonada tarang bir sukunatda o‘tirardik. Shu payt qizlardan biri ko‘chada unga nisbatan qilingan taʼqiblar to‘g‘risida hikoya qila boshladi. U bunday munosabatga duchor bo‘lgan dunyodagi yagona qiz emas- bizning sonimiz millionlarni tashkil etadi. Ular qachonlardir ko‘chadagi taʼqibchining hushtak chalishi, behayolarcha urib ketishi, hirsga to‘la so‘zlari, jirkanch teginishlaridan qo‘rqib qaltirab qochganlar. Tinglovchilarning munosabati o‘xshash edi – kimdir g‘azablangan, kimdirning yuzida norozilik paydo bo‘lgan, umuman olganda esa, ular shahrimiz ko‘chalari ayol va erkaklar, qiz va o‘g‘il bolalar uchun xavfsizroq bo‘lishi kerak degan ishonch atrofida birlashgan edi. Shu tariqa biz O‘zbekistonda ko‘chadagi taʼqiblarga qarshi qaratilgan bo’lib, “Call Umida (“Umidani chaqiring”) deb nomlangan eksperimental tashabbusimizni yo‘lga qo‘ydik.
Ko‘chadagi taʼqib - har qanday noxush ko‘rinishda – gap otish, hushtak chalish, imo-ishoralar qilish, teginish kabi og‘zaki yoki so’zsiz jismoniy harakatlar bilan ifodalanishi mumkin. Erkaklarga hokimiyat va o‘z xatti-harakatlari uchun jazosizlik tuyg‘usi singdirilgan patriarxatli madaniyatlarda bunday munosabatlar, asosan, xotin-qizlarga qaratilgan bo‘ladi. Zo‘ravonlikka duchor bo‘lishdan qo‘rqish esa ayollarni sukut saqlashga majbur qilib, buning natijasida jamoat joylaridagi jinsiy taʼqib odatiy holatga aylantiradi.
Ko‘chadagi taʼqib ayollar huquqlarini amalga oshirish yo‘lidagi jiddiy to‘siqlardan biri. Buning oqibatida ayollar o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi va to‘laqonli hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan taʼlim, mehnat va dam olish huquqlarining asosi bo‘lgan harakatlanish erkinligi xavf ostida qoladi. Ko‘chalardagi shilqimlik va taʼqib xotin-qizlarga nomutanosib ravishda taʼsir qiladigan global muammodir. Bu hodisalar bilan bog‘liq tamg‘alash darajasi shu qadar yuqoriki, bunday holatlar hattoki samarali huquqni muhofaza qilish tizimiga ega bo‘lgan rivojlangan mamlakatlarda ham jazosiz qolmoqda. 2016 yildagi “Xavfsiz shaharlar va xavfsiz jamoat joylari” hisobotida BMT-Ayollar tuzilmasi ko‘chada taʼqibga uchragan qizlar va yosh ayollarning 90 foizdan ko‘prog‘i hodisa to‘g‘risida huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bermaganini aytib o‘tgan.
Ko‘chadagi taʼqib, gender asosidagi zo‘ravonlikning boshqa shakllari kabi, o‘zaro munosabatlar dinamikasi, toksik erkaklik yoki maskulinlik tushunchasini to‘liq tushunib yetmaslik va jamiyatda hukmron bo‘lgan gender stereotiplarida chuqur ildiz otib, inson rivojlanishi yo‘lidagi jiddiy to‘siq hisoblanadi. Garchi ko‘chalar ayollar uchun xavfsiz bo‘lmasligi oqibatidagi iqtisodiy zarar miqdorini hali aniqlashimiz kerak bo‘lsada, gender tengsizlik dunyo mamlakatlari taraqqiyotiga naqadar to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsatadigan ishonchli dalillar mavjud. BMTTD tomonidan tayyorlangan 2023 yilgi Ijtimoiy gender meʼyorlari indeksida so‘nggi o‘n yilda ayollarga nisbatan noxolis munosabatda umuman yaxshilanish kuzatilmayotgani ko‘rsatilgan. Binobarin, “Gender borasidagi xato tushunchalarga barham berish” hisobotida siyosiy chora va institutsional islohotlar, jumladan, investitsiyalar, sug‘urta mexanizmlari va innovatsion yondashuvlarga shoshilinch ehtiyoj borligi ta’kidlangan. Mazkur tashabbuslar e’tirof etish, vakillik va ta’lim bilan tavsiflangan yangi ijtimoiy sharoitni yaratishga qaratilgan. Ko‘chalarni xavfsizroq qilish orqali ayollarga harakatlanish huquqini taqdim etish ushbu maqsadlarga erishishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
“Umidani chaqiring”
2021 yil noyabr oyida BMTTDning O‘zbekistondagi Akselerator laboratoriyasi tomonidan gender bilan bog‘liq muammolarni hamkorlikda o‘rganish uchun jamoaviy tahlil sessiyasi tashkil etildi. Ushbu tadbirga eng mashhur va nufuzli ijtimoiy media platformalaridan biri bo‘lgan “NeMolchi.uz/SukutSaqlama.uz” ham jalb qilingan bo‘lib, u ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq eng dolzarb va hayotiy mavzularni ko‘taradi va, ko‘pincha, jamiyatda diqqatni tortadigan gender asosidagi zo‘ravonlik holatlariga katta urg‘u beradi. Manfaatdor tomonlar orasida o‘tkazilgan dastlabki so‘rovlar va suhbatlar natijalariga asoslangan holda, BMTTD 2022 yil mart oyida “Umidani chaqiring” deb nomlangan sinov tashabbusini boshladi. Umida qizlar orasida keng tarqalgan ism bo‘lib, o‘zagi “umid” so‘zidan olingan va bu holatda kimdir ko‘chada ta’qibga uchraganida panoh topishi mumkin bo‘lgan xavfsiz joy topish umidini anglatadi. Tashabbus bolalar va ayollar ko‘cha taʼqibiga duch kelganda vaqtinchalik boshpana topishi mumkin bo‘lgan 300 dan ziyod xavfsiz joydan iborat tarmoqni yaratishga yordam berdi.
Tashabbus yo‘lga qo‘yilganidan bir oy o‘tib, O‘zbekistonda ilk bor ko‘chalardagi taʼqib holatlariga qarshi kurashish haftaligi o‘tkazildi. Bir guruh ko‘ngillilar “Umidani chaqiring” tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida targ‘ibot-tashviqot kompaniyasini uyushtirib, unga nisbatan ijobiy munosabat hamda ko‘cha ta’qibini muhokama qilish va muammoning ham an’anaviy, ham innovatsion yechimlarini izlash borasida ochiqlik kuzatildi.
Tashabbus xususiy sektorga ayollarning ko‘chada taʼqib qilinishidek murakkab ijtimoiy muammoni hal qilishda ishtirok etish imkoniyatini berdi. BMTning Biznes va inson huquqlari bo‘yicha asosiy prinsiplari hamda tadbirkorlik subyektlarining ayollar huquqlarini ilgari surish va ularga rioya qilishdagi o‘rni inobatga olinib, ushbu tashabbus Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan ko‘plab xususiy kompaniyalarga taklif etildi. Biz ko‘rsatilgan ijobiy munosabatdan juda xursand bo‘ldik va hatto hayratda qoldik. Tashabbusga qo‘shilgan birinchi hamkorlar orasida yirik supermarketlar tarmoqlari, restoranlar, kompyuter o‘yinlari klublari, dorixonalar tarmoqlari, kovorking markazlari va ilm-fan dargohlari vakillari bor edi. Mahalliy darajada obro‘-eʼtiborga sazovor bo‘lgan shaxslar, ya’ni inflyuenserlar munozaralarga qo‘shilib, o‘z tarmoqlari orqali tashabbus to‘g‘risida maʼlumotlar ulashdi.
Keyingi qadamlar: xavfsiz nuqtalardan xavfsiz ko‘chalar sari
Ko‘chalar xavfsizligi - asosiy eʼtibor quyidagi uchta muhim jihatga qaratilgan kompleks yondashuvni talab qiladigan murakkab masala: 1) jinsiy taʼqib uchun jinoiy javobgarlikni taʼminlash 2) bunday xatti-harakatlarga nisbatdan qabul qilmaslik madaniyatini yaratish; va 3) shaharlarni gender jihatlarini hisobga olgan holda rejalashtirish orqali ko‘chalarda shilqimlik va taʼqib holatlari ehtimolini minimallashtirish.
Jamoat joylarda jinsiy taʼqib uchun jinoiy javobgarlik kiritilishi xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda muhim qadam bo‘ladi. Bu O‘zbekistonda eng yuqori darajada namoyon bo‘lgan gender tengligini taʼminlash yo‘lidagi sodiqlikning mantiqiy davomidir. Yaqinda qabul qilingan qonunga ko‘ra, jamoat joylarida taʼqib qilish maʼmuriy huquqbuzarlik deb belgilanib, 660 ming so‘mdan 1,65 million so‘mgacha (60-150 dollar) jarimaga tortilishi mumkin. Bu to‘g‘ri yo‘nalishdagi muhim qadam va hozir uni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Taʼkidlash joizki, jinsiy taʼqib uchun javobgarlik belgilanganiga ancha vaqt bo‘lgan ko‘plab mamlakatlarda hozirgi kunda jamoat joylarida jinsiy taʼqibning og‘zaki ko‘rinishi bo‘lgan gap otish uchun jinoiy javobgarlik belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Masalan, Fransiyada politsiya xodimlariga ko‘chada bunday huquqbuzarliklarga qarshi turish va huquqbuzarlarga jarima solish imkoniyatini taqdim etish uchun ularning vakolatlari kengaytirildi. O‘zbekistonda mazkur qonunning hamda bunday huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar berish va ro‘yxatga olishning soddalashtirilgan tartibi tatbiq etilishi ko‘chalarni xotin-qizlar uchun xavfsizroq qilishdagi samarali omil bo‘ladi.
Ko‘cha ta’qibiga toqatsizlik madaniyatini yuksaltirish uchun mazkur muammo to‘g‘risida xabardorlikni oshirish va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning hech qanday ko‘rinishi qabul qilinmasligini keng e’tirof etish uchun davlat, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatining faol ishtiroki talab etiladi. Javobgarlik faqat ta’qib qiluvchi, ya’ni huquqbuzarlarda bo‘lishini ta’minlash uchun aybni jabrlanuvchilarning o‘ziga o‘tkazishga moyil bo‘lgan ommaviy yanglish tushunchalarga barham berilishi kerak. Bu maqsadda axborot kampaniyalarida taniqli shaxslar, san’atkorlar, jamoat arboblari, influyenserlar, nufuzli shaxslar va davlat rahbariyat vakillari ishtirok etishi mumkin. Mavzu bo‘yicha umummilliy munozaralar keng miqyosdagi manfaatdor tomonlarning faol ishtirokida o‘tishi kerak. Zo‘ravonlikka toqatsizlik madaniyatini o‘rnatish, aslida, yoshlikdan boshlanadi va bunda taʼlim tizimi muhim rol o‘ynaydi.
Kompleks yondashuv va shaharlarni xavfsizroq qilishga yordam beradigan yangi texnologiyalar
Huquqiy va axborot-targ‘ibot tadbirlari shahar infratuzilmasini yaxshilash va ko‘chalarda taʼqib qilish holatlari ehtimolini minimallashtiradigan va bunday holat sodir bo‘lganda tezkor va qatʼiy javob choralari qo‘llashga imkon beradigan yangi texnologiyalarni joriy etish bilan birga olib borilishi kerak. Ushbu mulohazaga hamda 2023 yilgi Xalqaro xotin-qizlar kunining “DigitALL: gender tengligini taʼminlashga qaratilgan innovatsiyalar va texnologiyalar” mavzusiga muvofiq, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardagi ko‘plab shaharlar ayollar xavfsizligini oshirishga qaratilgan texnologiyalardan foydalanish yo‘llarini o‘rganmoqda. Ushbu muammolarning ko‘pchiligi uchun texnologik yechimlar talaygina bo‘lsa-da, shaharlar texnologiyaning o‘zi, masalan, shaxsiy hayot daxlsizligi bilan bog‘liq huquqlarni buzish orqali muammo keltirib chiqarmasligini taʼminlashga qaratilgan xavfsizlik choralarini joriy etishi kerak.
Dunyoda gender jihatlarini hisobga olingan shaharsozlikning ko‘plab yaxshi misollari borki, ularni qabul qilib, O‘zbekiston mahalliy sharoitida qo‘llash mumkin. Ular qatoriga takomillashtirilgan ko‘cha yoritgichlari, aqlli jamoat transporti tizimlari, avtobus bekatlari, ko‘cha videokuzatuvining kompleks tizimlari va shahar infratuzilmasining boshqa elementlari kiradi. Misol uchun, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (BMT NJQKB)[i], tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki- ko‘chalar, parklar va shahar transportida yoritgichlarni samarali o‘rnatish jinsiy taʼqib va tajovuz xavfini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Potensial tajovuzkorlarni ko‘rishni osonlashtirish orqali yaxshi yoritgichlar jinoyatchilikning oldini olish va ayollar shahar bo‘ylab harakatlanayotganda o‘zini xavfsizroq va ishonchliroq his qilishiga hissa qo‘shishi mumkin. Tadqiqotda shuningdek, yoritish tizimlari samarali bo‘lishi va ayollarning ehtiyojlariga mos kelishini taʼminlash uchun ularni loyihalasida ayollar ishtirok etishi lozimligi taʼkidlangan.
Bundan tashqari, agar ayol xavf ostida bo‘lsa yoki o‘zini xavf ostida deb his qilsa, do‘stlari yoki rasmiy idoralarni ogohlantirish uchun foydalanish mumkin bo‘lgan ko‘plab mobil ilovalar mavjud. Bunday ilovalar, shuningdek, xavfsiz yo‘nalishlar va uzoqroq yurish kerak bo‘lgan joylar to‘g‘risida maʼlumot berishi mumkin. Shuningdek, jamoat transporti uchun ilovalar ham ayollarga o‘z safarini rejalashtirish va potensial xavfli hududlarda ko‘p qolib ketmaslik uchun jamoat transporti jadvali va yo‘nalishlari to‘g‘risida real vaqt rejimida maʼlumot berishi mumkin.
Texnologiyalarning imkoniyat va salohiyatidan foydalanish barobarida, bunday tizimlar ayollar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan kompleks yondashuvning bir qismi bo‘lishi lozimligi va mazkur yondashuv uchun samarali va qulay siyosiy asoslar mavjud bo‘lishi, taʼqib uchun jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qonunning samarali ijrosini taʼminlash hamda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka turtki beradigan asosiy ijtimoiy va madaniy omillarni bartaraf etish uchun jamiyatdagi qarashlar va xulq-atvorni o‘zgartirish muhim. O‘zbekiston hukumati bu yo‘nalishda muhim qadamlar qo‘ymoqda va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi o‘z tomonidan dasturlariga gender jihatlar hisobga olingan shaharsozlikni kiritish, ilg‘or xalqaro tajribalar bilan o‘rtoqlashish, innovatsiyalarni sinovdan o‘tkazish va keng doiradagi manfaatdor tomonlarning muloqotiga ko‘maklashish orqali O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Ishonchim komilki, mustahkam hamkorlik aloqalari, o‘z ishiga sadoqat rahbarlik va umumiy qarashlar bilan O‘zbekistonda hech bir ayolni va umuman hech kimni ortda qoldirmagan holda barcha uchun adolatli, inklyuziv va farovon jamiyatni barpo etamiz.
[i] BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining “2019 yilgi Qotilliklar to‘g‘risida global tadqiqot”ida qayd etilishicha, jamoat joylarida yoritish tizimini yaxshilash jinoyatchilikni kamaytirish va ayollar shaharlarda o‘zini xavfsizroq his qilishiga yordam berishi mumkin. Hisobot bilan quyidagi havola orqali o‘tib tanishishingiz mumkin:
https://www.unodc.org/documents/data-and-analysis/gsh/Booklet1.pdf