Biznes loyihalar tanlovi e'lon qilinadi

6-August, 2020

Image: UNDP Uzbekistan

Bizning “O'zbekistonda savdo rivojlanishiga ko'maklashish” qo'shma loyihamiz doirasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari, fermer xo'jaliklari va agrofirmalarning ishlab-chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga yo'naltirilgan texnik yordam ko'rsatish maqsadida biznes loyihalar ta'nlovi e'lon qilinadi.

Asosiy maqsad

Mazkur tanlovning asosiy maqsadi ayrim qishloq xo'jaligi va agro-qayta ishlash qiymat zanjirlarida ishtirok etuvchi mahalliy ishlab-chiqaruvchilarning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini mustahkamlashdan iborat.

Biznes loyihalarni tanlashda, asosan, yoshlar va ayollar uchun ish o'rinlarini yaratishga, ichki va tashqi savdoni rivojlanishiga, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishni takomillashtirishga qaratilgan hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo'nalishlariga mos keladigan loyiha takliflari afzalroq hisoblanadi.

Tanlovda ishtirok etishi mumkin bo'lgan xo'jaliklar

Tanlov qatnashchilari o'z biznes loyihalarini taklif etish paytigacha davlat ro'yxatidan o'tgan, bir yildan ortiq faoliyat yuritib keluvchi, moliyaviy jihatdan barqaror kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari, fermer xo'jaligi yoki agrofirma bo'lishi lozim.

Mazkur tanlov hamda uning asosida texnik yordam ko'rsatish ishlari O'zbekiston Respublikasining Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari  hududida amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqqan holda, tanlov qatnashchilari ushbu viloyatlarda joylashgan (ro'yxatdan o'tgan) bo'lishlari kerak.

Taklif etiladigan biznes loyihalar yo'nalishlari

Quyidagi qiymat zanjirlari doirasida mahsulot turlarini ishlab chiqarish va eksport qilishga ixtisoslashgan tanlov ishtirokchilarini qo'llab-quvvatlash va ularni raqobatbardoshligini oshirish ko'zda tutilgan:

- yong'oq va quritilgan mevalar, ularning aralashmasi;

- quritilgan sabzavotlar va sabzavot aralashmalari;

- mosh;

- yer yong'oq va yer yong'oq yog'i;

- murabbo, jem, jele, meva pyuresi.

Loyiha takliflari mahsulotni ishlab chiqarish, uni qayta ishlash, saqlash, mahsulot sifatini oshirishga va eksportga (ichki va tashqi bozorlarga) qaratilgan bo'lishi lozim. Loyiha takliflari tashabbuskorlarning asosiy amaldagi yo'nalishi bilan mos kelishi kerak.

Biznes loyihalarni moliyalashtirish

Tanlab olingan har bir biznes loyiha uchun ko'rsatiladigan texnik yordam miqdori  30 000 (o'ttiz ming) AQSh dollarigacha bo'ladi.

Biz tomonidan ko'rsatiladigan texnik yordam biznes loyihada amalga oshirilishi rejalashtirilgan faoliyat uchun ishlab chiqarish uskunalari va texnikalari sotib olib berish orqali amalga oshiriladi. 

Naqd pul ko'rinishida, aylanma mablag'larni shakllantirish uchun, qurilish ishlari uchun, qurilish materiallari uchun, xom-ashyo va materiallar sotib olish uchun mablag' ajratilmaydi.

Taklif etiladigan biznes loyihalar sheriklik asosida moliyalashtirish orqali amalga oshiriladi. Ya'ni, biznes loyihalar tashabbuskorlari ham o'zlari taklif etayotgan loyihalarini amalga oshirilishini moliyalashtirishda ishtirok etishlari lozim. Biznes loyiha tashabbuskorining moliyalashtirishdagi ulushi biznes loyiha umumiy summasining eng kamida 40% ini (qirq foizini) tashkil etishi lozim.

Tashabbuskorlarning loyihani amalga oshirish uchun qo'shadigan ulushlari loyihani amalga oshirish uchun zarur bo'ladigan binolarni tayyorlash va jixozlash, qo'shimcha uskuna va dastgohlarni sotib olish, aylanma mablag'lari va boshqa shu kabi vositalar ko'rinishida bo'lishi mumkin. 

Tanlovni o'tkazish tartibi va muddatlari

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan har bir ishtirokchi amalga oshirilishi mumkin bo'lgan BIZNES LOYIHA takliflari bo'yicha dastlabki SO'ROVNOMAni to'ldirishlari lozim (shakl ilova qilinadi). So'ngra, tayyor bo'lgan SO'ROVNOMAni “O'zbekistonda savdo rivojlanishiga ko'maklashish” loyihamizning Qarshi yoki Toshkent shaxridagi vakillariga bevosita taqdim etishlari yoki hozirda karantin cheklovlari davom etayotganligini inobatga olgan holda barcha SO'ROVNOMAlar skaner qilinib, internet orqali (elektron pochta yoki telegramm ilovasi orqali) topshirilishi mumkin. 

Biznes loyihalar yuqorida aytib o'tilgan barcha minimal talablarga mos kelgan taqdirdagina rasman qabul qilingan xisoblanadi.

SO'ROVNOMALAR qabul qilingandan so'ng loyihamiz vakillari qo'shimcha ma'lumotlar va xujjatlar uchun loyiha tashabbuskorlariga murojaat qilishadi. Shuningdek, Loyiha vakillari tomonidan, taklif etilgan biznes loyihaning real xolatini, mavjud imkoniyatlari va sharoitlarini o'rganish maqsadida tashabbuskorlarning joylariga borib o'rganish ishlari amalga oshiriladi. Joylarga borib o'rganish ishlari tanlovga taqdim etilgan va ishtirokchilar uchun belgilangan minimal talablarga javob beradigan barcha loyihalar bo'yicha amalga oshiriladi.

Biznes loyiha tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilgan SO'ROVNOMALAR maxsus tashkil etilgan viloyat “Tanlov komissiyasi” tomonidan ko'rib chiqiladi va tanlov uchun ishlab chiqilgan “Biznes loyihalarni baxolash me'zonlari” asosida baxolanadi. Eng yaxshi deb topilgan va eng yuqori ball to'plagan loyiha takliflari Komissiya tomonidan moliyalashtirishga tavsiya qilinadi. Faqat g'olib bo'lgan loyihalar tashabbuskorlariga tanlov natijalari haqida rasman xabar beriladi va ushbu loyixalarni amalga oshirish uchun Biznes-reja ishlab chiqish tavsiya etiladi.

Mazkur e'lon rasman e'lon qilingan kundan boshlab 1 oy (30 kun) davomida loyiha takliflari tanlovda ishtirok etish uchun qabul qilinadi.

Murojaat uchun Tel.: +998 93 501-59-89, elektron manzil: botir.toshniyozov@undp.org; Telegramm orqali murojaat uchun raqam: +998 90 722-00-10 (Toshniyozov Botir – komponent menejeri).