BMTTD INNOVATSION QISHLOQ XO‘JALIGINI RIVOJLANTIRISHGA QARATILGAN INNOVATSION G‘OYALAR TANLOVINI E’LON QILADI
21-December, 2022
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi tomonidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan Innovatsion g‘oyalar tanlovi e’lon qilinadi.
Taqdim etiladigan innovatsion g‘oyalar faqat Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida amalga oshirilishi lozim.
Ariza topshiruvchi innovatsion g‘oyani amalga oshirish uchun kamida 2 yoki undan ortiq tashkilotlar bilan hamkorlikda 2 yilgacha davom etuvchi qisqa muddatli loyiha doirasida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni yaxshilash uchun zarur bo‘lgan innovatsion yechimlarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish yoki amalga oshirish uchun Innovatsion guruhlar tuzishi zarur.
Potensial innovatsion guruhlar tomonidan taklif qilinadigan har qanday loyiha g‘oyasi qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va suvni tejash, tuproqni saqlash va undan unumli foydalanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va salbiy ta’sirlarni yumshatish kabi mavzular bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak. Tanlov shartlari haqida batafsil ma’lumot.
Loyihani amalga oshirish jarayonida muayyan Innovatsion guruhning hamkorlari o‘z faoliyati uchun moliyaviy yordam olishlari va belgilangan tartiblarga muvofiq zarur jihozlarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Innovatsion guruhlar har qanday faoliyat/loyihaga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha murojaat qilishlari mumkin:
- Qayta tiklanuvchi energiya (quyosh energiyasi va bioenergiya)
- Qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat sohasi ta’minot zanjirlarida energiya samarador va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish
- Qishloq xo‘jaligining iqlimga zarar yetkazmaydigan oziq-ovqat zanjirlari uchun raqamli texnologiyalar
- Qishloq xo‘jaligi ekinlarining zararkunandalarga chidamli va/yoki issiqlikka chidamli urug‘lari va navlari
- Qishloq xo‘jaligida issiqxona gazlari chiqindilarini cheklash bo‘yicha iqlimga zarar yetkazmaydigan loyiha tashabbuslari (ekinlar va chorvachilikka oid)
- Yer va suv resurslarini kompleks boshqarish
- Hosil yig‘ilgandan keyingi yo‘qotishlarni kamaytirish
- Qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat sanoatida aylanma iqtisodiyot / chiqindilarni boshqarish
- Resurs tejamkor qishloq xo‘jaligi
Innovatsion guruhlarni tanlash jarayoni 2 bosqichdan iborat.
Birinchi bosqichda ehtimoliy Innovatsion guruhlar loyiha g‘oyasi va guruhning rejalashtirilayotgan tarkibi (hamkorlar) to‘g‘risida umumiy ma’lumot taqdim qiladilar. Loyiha g‘oyalarining dastlabki tanlovi maxsus Texnik baholash qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqich. Saralash bosqichidan muvaffaqiyatli tanlangan loyiha mualliflaridan, keyingi bosqichda ko‘rib chiqish uchun loyihaning, shu jumladan metodologiya, batafsil ish rejasi va byudjetni taqdim etishlari so‘raladi. Loyiha takliflari maxsus texnik baholash qo‘mitasi tomonidan yakuniy baholanadi.
Moliyalashtirish tanlovda g‘olib chiqqan innovatsion loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashni ko‘zda tutadi.
Tanlovda g‘olib bo‘lgan har bir loyiha 450 000 000 so‘mgacha moliyalashtiriladi.
Loyiha g‘oyalari Innovatsion guruhning istalgan a’zosi tomonidan topshirilishi mumkin.
Ariza topshiruvchi Innovatsion guruh loyiha g‘oyasini maxsus ariza shaklida keltirilgan namunaga ko‘ra 2023-yilning 9-yanvariga qadar 4agroinnovation@gmail.com elektron pochtasiga yuborish lozim.