BMTTD va “UzStandart” fermerlarga muvofiq qishloq xo‘jaligi amaliyotini joriy etishda yordam bermoqda

6-November, 2020

Photos: UNDP Uzbekistan

Joriy yilning 5-6 noyabr kunlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida BMTTD va “Oʻzstandart” agentligi ekspertlari tomonidan 120 dan ziyod fermerlar uchun “GLOBALG.A.P.” xalqaro standartini joriy etish bo‘yicha seminarlar o‘tkazilmoqda. Mazkur standarning joriy etilishi agromahsulotlar sifatini oshirishi bilan bir qatorda, eksport mahsulotlarini sotish bozorlarini kengaytirish hamda fermer xo‘jaliklarining daromadlarini oshirish imkonini beradi.

«GLOBALG.A.P.» – bu yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining havfsizligini hamda ishlab chiqarish texnologik zanjirining zamonaviy sifat va texnika talablariga muvofiqligini ta’minlashga qaratilgan e’tirof etilgan xalqaro standartlar tizimidir. Xozirgi vaqtda «GLOBALG.A.P.» tizimida dunyoning 130 mamlakatidan ziyod qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari sertifikatlanganlar, sertifikatga ega xo‘jaliklar soni 200 mingdan ortiq bo‘lib, ularning 75% o‘simlikshunoslik mahsulotlari (sabzavot va mevalar)ga to‘g‘ri keladi.

«GLOBALG.A.P.» sertifikatsiyasi fermerga nima uchun kerak?

Jahon bozoriga chiqish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari havfsiz sharoitda va ekologik talablar hisobga olingan holda yetishtirilganligiga kafolat berishlari kerak. Ular kimyoviy moddalarni qo‘llash me’yorlariga amal qilishlari hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishlari, shuningdek, ishchilari va atrof-muhitga g‘amho‘r munosabatda bo‘lishlari zarur.

Ko‘plab xorijiy kompaniyalar uchun «GLOBALG.A.P.» sertifikatining mavjudligi - agromahsulot bilan savdo qilishning muhim shartlaridan biridir. Xalqaro chakana savdo tarmoqlari va supermarketlar, sifati xalqaro standartlar tomonidan tasdiqlangan mahsulotlarni xarid qilishga qiziqish bildirishadi.

Qishloq xo‘jalik mahsulotlarining bozorlarida kuzatilayotgan keskin raqobat sharoitida «GLOBALG.A.P.»  sertifikatining mavjudiligi, yetishtirilgan mahsulot barcha sifat talablariga mos kelishini tasdiqlaydi, bu o‘z navbatida iste’molchilarning sodiqligini ortishi hamda savdolar o‘sishiga xizmat qiladi.

«GLOBALG.A.P.» sertifikatini olish ko‘p bosqichli jarayon bo‘lib, bunda ma’lum hujjatlar hamda yetishtirilgan mahsulotning oziq-ovqat xavfsizligi va sifati xalqaro standartlariga muvofiqligini talab qiladi. Standart 218 ta mezondan iborat bo‘lib, aynan ularga muvofiq meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni sertifikatlash amalga oshiriladi, jumladan, mehnat gigiyenasi, atrof-muhit muhofazasi, o‘g‘itlardan foydalanish kabi qator talablar tekshiriladi.

Seminarlar davomida BMTTD loyihasining va “Oʻzstandart” agentligi ekspertlari standartning asosiy mezonlari va talablarini tushuntirib, ularni fermer xo‘jaliklarida joriy etish, jumladan meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, yig‘ish va saralash bo‘yicha amaliy misollar, shuningdek sertifikat olish bo‘yicha bosqichma-bosqich yo‘riqlarni izohlab beradilar.

- Biz meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiramiz va hozirda mahsulotimiz Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinadi. Biroq, sotish bozorini kengaytirish va Yevropa bozorlarini zabt etishni maqsad qilganmiz. Seminar menga «GLOBALG.A.P.» xalqaro sertifikatining xususiyatini yaxshiroq tushunish, sertifikatlashning fermer xo‘jaligimiz uchun eng maqbul yo‘llari haqida ma’lumot olish, shuningdek, «GLOBALG.A.P.» auditini o‘tkazishga ariza topshirishdan avval amalga oshiriladigan ishlar rejasini o‘zimiz uchun aniqlashtirishga yordam berdi, - deya qayd etdi «Agro Exim» agrofirmasining direktori Sherali Shukurov.

«GLOBALG.A.P.» xalqaro standartining talablari asosida O‘zbekistonda Muvofiq Qishloq xo‘jaligi Amaliyoti (G.A.P. – Good Agricultural Practice) bo‘yicha davlat standarti ishlab chiqilib 2018 yilda tasdiqlangan. Natijada, mahalliy kompaniyalar jahon bozoriga chiqish uchun yanada qisqa muddat ichida va kamroq qiymat evaziga «GLOBALG.A.P.» xalqaro sertifikatiga ega bo‘lishlari mumkin.

“O’zbekistonda savdo rivojlanishiga ko‘maklashish” BMTTD loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “Oʻzstandart” agentligi bilan hamkorlikda xalqaro standartlar bo‘yicha sertifikatlashni joriy etish yordamida mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozorlarga chiqishi sharoitlarini yengillashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, fermerlar uchun qator seminarlar va anjumanlar o‘tkazilib, agrokompaniyalarga «GLOBALG.A.P.» sertifikatini olishda amalga oshiriladigan auditga tayyorlanish borasida yordam ko‘rsatilmogda. BMTTD «GLOBALG.A.P.» xalqaro standarti bo‘yicha meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishini sertifikatlash uchun asosiy talablarga oid qo‘llanmasini rus va o‘zbek tillarda chop etib, fermerlar orasida tarqatdi.

Savdo rivojlanishi sohasiga oid BMTTDning faoliyati 2017—2021 yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi, shuningdek BMT aʼzo davlatlari tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda amalga oshirilmoqda.

***

BMTTDning "O'zbekistonda savdoni rivojlantirishga ko'maklashish" loyihasi O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lish jarayonini qo'llab-quvvatlash, savdoni rivojlantirish, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik barqaror o'sish modellariga o'z hissasini qo'shish maqsadida ish bilan ta'minlash va potentsial ekologik sohalarda qishloq xo'jaligi mahsulotlarining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Loyiha Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va O'zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda Birlashgan Millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshiriladi.