Ekspertlar fuqarolarning byudjet jarayonidagi ishtirokini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar
22-September, 2022
2022-yil 30-avgust kuni BMTTD tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro Forumda fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb etish masalalari muhokama qilinib, O‘zbekistonda tashabbusli byudjetlashtirish (TB)ni kengaytirish hamda uning inklyuzivligini kuchaytirish yuzasidan ilg‘or xalqaro amaliyotlar va ularni amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Tadbirda xalqaro ekspertlar, Moliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotlarni bajarish jarayoniga aloqador vazirlik va idoralarning mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy xodimlari va o‘qituvchilari, shuningdek O‘zbekistondagi PBda ishtirok etuvchi fuqarolar qatnashdilar.
Tadbirning birinchi yalpi sessiyasida Moliya vazirining o‘rinbosari Axadbek Haydarov, BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska, BMT-XABITAT eksperti Roberto Herrera hamda Nyu-York universiteti professori Asad Esanov ishtirok etdilar.
Axadbek Haydarovning ta’kidlashicha, jahon tajribasi an’anaviy byudjet aholi va jamiyatning muammolarini to‘liq hal qilish imkonini bermasligini ko‘rsatdi. Shu bois, so‘nggi 10 yil ichida byudjetning bir qismini fuqarolarning bevosita ishtiroki orqali taqsimlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish faollashdi. Respublikamizda fuqarolarni byudjet mablag‘larini taqsimlashga jalb etishga doir dastlabki qadamlar 2018-yilda qo‘yilgan, ammo tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotining yanada faol rivojlanishi 2021-yilga to‘g‘ri keldi.
Fuqarolarga qulayliklar yaratish uchun “Ochiq byudjet” portalining funksional imkoniyatlarini yangilash, ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar va blogerlar ishtirokida “Ovozli chat”ning yaratilishi kabi yaqinda amalga oshirilgan choralar partisipativ byudjetlashtirishga ko‘proq fuqarolarni jalb etish imkonini berdi. “Xususan, joriy yil o‘tkazilgan “Tashabbusli byudjetlashtirish”ning 1-davri doirasida fuqarolar tomonidan 69 000ta loyiha ilgari surilib, ular bo‘yicha 6 700 000 fuqaro ovoz bergan. Ovoz berish yakunlari bo‘yicha 2 354ta loyiha g‘olib deb topilib, ularni moliyalashtirish uchun tuman va shahar byudjetlaridan 1,2 trln. so‘m mablag‘ ajratildi”, - deya qayd etdi Axadbek Xaydarov.
Matilda Dimovska o‘z nutqida BMTTD ushbu yutuqlarning bir qismi bo‘lishdan mamnunligini ma’lum qildi. “Fikrimizcha, shaffof fiskal tizim davlat moliyasi samaradorligi va ta’sirchanligini oshirishning bir qismi va vositasidir. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolar ishtiroki mexanizmlari bilan birga yuqori “byudjet shaffofligi”ga erishgan mamlakatlar odamlarning turmush sharoitini yaxshilash uchun ularning ehtiyojlariga ko‘proq ahamiyat qaratadi”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Navbatdagi sessiya xalqaro tajriba taqdimoti va muhokamasiga bag‘ishlandi. Bunda, spikerlar tashabbusli byudjetlashtirishning dunyoda rivojlanish dinamikasi, uning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi roli haqida so‘zlab, Byudjet ochiqligi indeksi doirasida shaffoflikni oshirish va yaxshi natijalarga erishish yuzasidag Gruziya tajribasiga to‘xtalib o‘tdilar hamda yevropa va MDHning bir qator davlatlarida tashabbusli byudjetlashtirishning eng yaxshi amaliyotlari bilan tanishtirib, O‘zbekiston uchun tavsiyalarini taklif qildilar.
Yakuniy sessiya doirasida spikerlar o‘z nutqlari davomida O‘zbekistonda tashabbusli byudjetlashtirishni joriy etish va rivojlantirishning xususiyatlari haqida so‘zlab, ushbu jarayonning turli bosqichlarida yuzaga keladigan muammolar va ularni hal qilish yo‘llarini muhokama qildilar.
Mazkur Forum O‘zbekistonning tashabbusli byudjetlashtirishni amalga oshirishga doir tajribasini o‘rganish, fuqarolarning byudjet jarayoniga jalb etilishi, ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish va ularning asosida O‘zbekistonda tashabbusli byudjetlashtirishni kengaytirish uchun istiqbollarni aniqlash masalalarida muhokama qilish va tajriba almashish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.