O'zbekistonda fermerlarga yo'naltirilgan qishloq xo'jaligi sug'urtasini joriy qilish uchun davlat-xususiy sheriklik tuzildi
7-September, 2023
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Sugʻurtani rivojlantirish forumi (IDF), Germaniya hukumati va Oʻzbekiston hukumati bilan yangi hamkorlik boshlanganini faxr bilan eʼlon qiladi. 2023-yil 7-sentabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Oziq-ovqat xavfsizligiga bag’ishlangan xalqaro anjumanida kelishuvning imzolanishi va yangi maxsus loyihaning ishga tushirilishiga doir tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, bu O‘zbekistonda fermerlarga yo‘naltirilgan yondashuvga asoslangan qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Ushbu hamkorlik suveren xatarlarni uzatish sxemasini ishlab chiqish va amalga oshirishga qaratilgan 1,9 million yevrolik loyihaning boshlanishini anglatadi. Ushbu sxema O'zbekistonda iqlim ta'siri oldida zaif fermerlarni himoya qilishga mo'ljallangan ko’plab xatarlardan sug'urtalash mahsulotini joriy qiladi.
Qishloq xoʻjaligi Oʻzbekiston iqtisodiyotining tamal toshi hisoblanadi. Uning milliy yalpi ichki mahsulotga qo’shadidan hissasi salmoqli bo’lib, qariyb 25 foizni tashkil etadi. Bu muhim sohada, joylarda dehqon-fermerlar deb ataladigan kichik fermerlar mamlakat qishloq xoʻjaligi maydonlarining 13 foizida faoliyat yuritadi, ular yalpi qishloq xoʻjaligi mahsulotiga 65 foizlik salmoqli hissa qoʻshmoqda.
O'zbekistonning qishloq xo'jaligiga, ayniqsa kichik fermer xo'jaliklariga qaramligi mamlakatni iqlim o'zgarishi va tabiiy ofatlarning oldindan aytib bo'lmaydigan oqibatlariga duchor qilmoqda. Ushbu hamkorlik va uch tomonlama kelishuv asosida ishlab chiqilgan innovatsion sug'urta yechimi bilan biz 16 910 nafar fermer va ularning oila a'zolarini qamrab olishni rejalashtirmoqdamiz. Ushbu tashabbus kichik fermerlarga samarali va keng qamrovli sug'urta himoyasiga ega bo’lish imkonini berish barobarida, ularning iqlim o’zgarishlari bilan bog’liq muammolar oldida barqarorligini oshiradi.
O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari Janob Alisher Shukurov bu xususda quyidagilarni ta’kidlab o’tdi:
"BMTTD O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligining qishloq xo'jaligidagi iqlim o’zgarishlari bilan bog’liq xatarlarga qarshi kurashda hamda fermerlar va kichik yer egalarining barqarorligini oshirishda ishonchli hamkoridir. Shu bois yangi qo‘shma tashabbus mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasidagi sug‘urta bozorini o‘zgartirib, agrosanoat majmuasini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish va uning oqibatlarini yumshatish borasidagi sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz”.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi Anas Fayyad Qarman loyihaning ahamiyati to’g’risida so’z yuritar ekan, shunday dedi:
"Dunyo bo‘ylab, hususan O‘zbekistonda iqlim o’zgarishlari va tabiiy ofatlar bilan bog’liq xatarlar tezlashib borayotgan bir paytda, bo‘lajak loyiha mamlakat fermerlari va dehqon xo‘jaliklarining barqarorligini oshirishga yordam beradi. Shu maqsadda loyiha fermerlar va hukumat uchun qishloq xo'jaligi sohasidagi xatarlarni hisobga olgan holda qarorlar qabul qilishni rag'batlantirish, ularning bilimlarini kengaytirish va sohaning xalqaro vakillari bilan hamkorlikda salohiyatni oshirishga qaratilgan. Bundan tashqari, loyiha milliy oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga va qishloq jamoalarining iqlim o’zgarishi bilan bog’liq xatarlarga bardoshligini oshirishga yordam beradi va mamlakatning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini tezlashtiradi."
Ushbu loyihaning markazidan zararni qoplash asosida sug'urta yechimini ishlab chiqish ishlari o’rin olgan bo'lib, u zararni boshqarish bo'yicha o'qitilgan mutaxassislar tomonidan baholangan real hosil yo'qotishlari asosida kompensatsiya to'lanishini ta'minlaydi. Fermerga yo‘naltirilgan bu yondashuv fermerlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro hamkorlik qilish imkonini beradi, mahalliy sug‘urta bozorlarining rivojlanishiga hissa qo‘shadi, xatarlar va ekinlarga oid bilimlarni taqdim etadi.
Kichik fermer xo‘jaliklarining iqlim o‘zgarishi ta’siriga bardoshligini oshirish uchun xalqaro Europa Re va Swiss Re sug‘urta kompaniyalari mahalliy “O‘zagrosug‘urta” va “Semurg‘” sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda. Ular birgalikda o‘zbekistonlik fermerlarning o‘ziga xos ehtiyojlarini hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi sohasidagi sug‘urta mahsulotini ishlab chiqadilar.
Loyihaning dastlabki bosqichida birinchi yil davomida Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida sug‘urta mahsulotlarini joriy etish sinovdan o‘tkaziladi, ikkinchi yilda esa qo‘shimcha meva-sabzavot turlarini kiritish hisobiga sug‘urta qoplamasini kengaytirish rejalashtirilgan.
Europa RE loyihalari direktori Nadika Yovanovska Boshkovskaning so'zlariga ko'ra,
"mahalliy bilimlarni yetkazishga ko'maklashish va benefitsiarlar bilan to'g'ridan-to'g'ri munosabatlarni o'rnatish orqali biz nafaqat dolzarb bo’lgan, balki O'zbekistondagi kichik fermerlar hayotiga haqiqiy ta'sir ko'rsatadigan sug'urta mahsulotlarini yaratishimiz mumkin".
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi loyihani amalga oshirish ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMTTD-ning mamlakatdagi vakolatxonasi bilan yaqindan hamkorlik qiladi. InsuResilience Solutions Fund (XVJ) loyihani boshqa donorlar bilan birgalikda moliyalashtiradi, bu esa o'sishni tezlashtirish va tashabbusni butun mamlakat bo'ylab tarqatishda hal qiluvchi rol o'ynaydi.