Qonunchilikdan ijroga: O‘zbekistonda gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi huquqiy javobni kuchaytirish
10-March, 2025
Toshkent shahri, 2025-yil 5-mart Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va "MADAD" nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda gender zo‘ravonligiga qarshi qonunchilikni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazdi. Tadbirda davlat idoralari, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etib, erishilgan yutuqlar va oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildilar.
O‘zbekistonda 2023-yilda oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi qonunchilik o‘zgartirishlari qabul qilinganidan beri huquqiy sohada sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Ishtirokchilar bu islohotlarni ilgari surishda fuqarolik jamiyati va faollarning asosiy rolini ta’kidlab, yangi normalarning samarali tatbiq etilishini ta’minlash uchun doimiy hamkorlik muhimligini qayd etdilar.
“BMT Taraqqiyot Dasturi fuqarolik jamiyati tashkilotlari va manfaatdor tomonlar o‘rtasida inson huquqlari, jumladan, ayollar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha muntazam va konstruktiv muloqot maydonchalarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, — dedi Akiko Fujii xonim. — Biz bunday muloqot formati mavjud muammolarni chuqurroq tushunish, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlaridagi bo‘shliqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish uchun samarali strategiyalar ishlab chiqish imkonini beradi, deb ishonamiz”.
2017-yildan beri BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash, gender tengligini ilgari surish hamda davlat institutlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda faol yordam berib kelmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi muhim faoliyatlardan biri sud amaliyotini monitoring qilish va qonunchilikni takomillashtirish uchun tahliliy ma’lumotlardan foydalanish hisoblanadi. Masalan, ilgari o‘tkazilgan "Uy-joyga kiritib qo‘yish to‘g‘risidagi da’vo ishlarining sudlarda ko‘rish amaliyoti haqida tahliliy ma’lumotnoma" va "Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarni sudlarda ko‘rish amaliyoti haqida tahliliy ma’lumotnoma" kabi tadqiqotlar muhim qonunchilik o‘zgarishlariga hissa qo‘shdi. Natijada, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan yuridik yordam imkoniyatlari kengaytirildi, ayollar huquqlariga oid fuqarolik ishlarini sud tomonidan nazorat qilish kuchaytirildi va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga nisbatan uy-joy himoyasi yaxshilandi.
"Bunday jamoatchilik monitoringini o‘tkazish qonun normalarining qo‘llanilishini baholashga yordam beradi va takomillashtirishga muhtoj bo‘lgan qonunlarni aniqlashga xizmat qiladi. Shuningdek, keng muhokamalar davlat organlari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning muhimligini ko‘rsatadi,"— dedi NNT "Madad" ijrochi direktori Tulkin Tursunov.
BMT Taraqqiyot Dasturining "O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash" loyihasi doirasida ikkita yangi tadqiqot e’lon qilindi: "Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik ma’muriy huquqbuzarliklarni sudlarda ko‘rish amaliyoti" va "Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatlarini sudlarda ko‘rish amaliyoti". Ushbu tadqiqotlar oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish jarayonining batafsil sharhini taqdim etib, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Tadqiqot natijalari davlat idoralari, yuridik ekspertlar va fuqarolik jamiyatiga O‘zbekistonda gender zo‘ravonligiga qarshi qonunchilikni samarali amalga oshirishni ta’minlashda ko‘mak berishga qaratilgan.
“Ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik – eng keng tarqalgan va tizimli inson huquqlari buzilishlaridan biridir. Yevropa Ittifoqining 2020–2025-yillarga mo‘ljallangan gender tengligi strategiyasi Yevropa komissiyasining genderga asoslangan zo‘ravonlikni oldini olish va unga qarshi kurashish, jabrlanuvchilarni himoya qilish va aybdorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini tasdiqlaydi. Taxminan bir yil muqaddam Yevropa Ittifoqi Kengashi va Yevropa parlamenti ilk bor Yevropa miqyosida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha kelishuvga erishdi. U qabul qilingach, mazkur qonun bu jinoyatlarning aniq ta’riflari va tegishli jazo choralari belgilaydi. Shuningdek, u jabrlanuvchilar uchun adolatga erishishni osonlashtiradi va a’zo davlatlarni maxsus himoya va qo‘llab-quvvatlashning zarur darajasini ta’minlash majburiyatini yuklaydi”,– dedi Finlyandiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha ko‘chma elchisi Ilkka Räisänen.
Davra suhbati yakunida davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qonunchilik ijrosini samarali monitoring qilish va yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.
Mazkur tashabbus Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan BMT Taraqqiyot Dasturining "O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish" loyihasi doirasida qo‘llab-quvvatlanadi.
BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekistonning gender tengligini ilgari surish va inson huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqlaydi.