
Suv taqsimlash stantsiyasining ochilish marosimi
5-aprel 2025-yil, Nukus, Qoraqalpog‘iston. Bugun Qoraqalpog‘istonda suv va sanitariya sharoitlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashda ikkita muhim infratuzilma loyihasida yangi bosqichlar amalga oshirildi: Aqmangit jamoasidagi reabilitatsiya markazidagi zamonaviy oqava suvlarni tozalash inshooti va Amudaryo jamoasidagi to‘liq rekonstruksiya qilingan toza ichimlik suv taqsimlash stansiyasi ishga tushirildi.
Qoraqalpog‘iston bo‘ylab har yili 3,500 ga yaqin nogironligi bor davolanuvchilarga xizmat ko‘rsatadigan Reabilitatsiya markazi ilgari oqava suvlarni tozalashda jiddiy muammolarga duch kelgan. An’anaviy usul, ya’ni kanalizatsiya mashinalaridan foydalanilgan, bu logistik qiyinchiliklar va muhim ekologik xavflarni keltirib chiqargan. Ushbu muammoni hal qilish uchun BMTTD mahalliy hokimiyat muassasalari bilan hamkorlikda va Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida kuniga 20m3 quvvatga ega innovatsion markazlashtirilmagan yapon oqava suvlarini tozalash tizimi "Jokhasou" ni joriy etdi. Ushbu tizim oqava suvlarni joyida qayta ishlaydi, bu esa ularni texnik va iqtisodiy maqsadlarda qayta ishlatishga imkon beradi va atrof-muhit ifloslanishini sezilarli darajada kamaytiradi.

Qoraqalpog'iston Reabilitatsiya markazi xodimlari
Ochilish marosimida BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim ishtirok etdi, u Qoraqalpog‘istonga "Aral Culture Summit" tadbirida ishtirok etish hamda hamkorlar bilan muhim uchrashuvlar o‘tkazish maqsadida tashrif buyurgan edi.
"Men hamkorlar bilan birgalikda global isish, ekologik falokat, iqlim oqibatlari va xususan, suv tanqisligiga duch kelganimizda jamoatchilikni jalb qilishning muhimligini muhokama qildim. Sizning mintaqangizdagi loyihalar bu kabi yangi texnologiyalar orqali katta miqdordagi suvni tejash va ko‘pgina insonlarning hayotini yaxshilashning ajoyib namunasi deya olamiz ", dedi Akiko Fujii xonim ochilish marosimida.

BMTTDning O'zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujiining ochilish marosimidagi nutqi
Xo‘jayli tumanidagi Amudaryo jamoasida mingga yaqin aholi, shu jumladan 514 nafar ayol o‘zlarining yangi rekonstruksiya qilingan suv taqsimlash stansiyasining tantanali ochilishini nishonladilar. Rekonstruksiyadan oldin, aholi jamiyatning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondira olmaydigan, ishlamaydigan inshoot bilan aziyat chekkan edi. Loyiha har bir xonadonni toza ichimlik suviga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulaydigan 4,900 metr uzunlikdagi yangi quvur liniyasini, shuningdek, 48 m3/soat quvvatga ega zamonaviy nasos uskunalarini o‘rnatishni o‘z ichiga oladi, bu esa rivojlanib borayotgan jamoaga uzluksiz suv ta’minotini ta’minlaydi.
Xo‘jayli tumani hokimi Jenis Ermashev ham jamoatchilikni global muammolarni hal qilishga jalb qilish muhimligi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: "Eng chekka hududlarni suv bilan ta’minlash har doim bizning ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib kelgan. Bugun biz Xo‘jayli tumanini toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganligini faxr bilan ta’kidlaymiz".
Amudaryo jamoasida yashovchi Guliston Reimova hayajonini bekitolmay shunday dedi: "Uzoq vaqt davomida bizning suv ta’minoti obyektimiz ta’mirga muhtoj edi. Endi biz ta’mirlash ishlari yakunlanganidan va jamoatimiz toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganidan xursandmiz".
Ushbu tashabbuslar Aqmangit va Amudaryoda kundalik hayotni yaxshilash, aholi farovonligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilishda muhim qadamdir. Ochilish marosimida mahalliy hukumat vakillari, xalqaro hamkorlar va jamoat a’zolari ishtirok etib, atrof-muhit va sog‘liqni saqlashni barqaror yaxshilashga erishish uchun zarur bo‘lgan birgalikdagi sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladilar.
Loyiha haqida: BMTTDning “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihasi" Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, 2023-2025 yillarda amalga oshirilmoqda. Qoraqalpog‘istonning eng zaif hududlarida yashovchi aholining iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etishga qaratilgan va ular Orol dengizidagi inqirozni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining siyosati va strategiyalariga to‘liq mos keladi.