Standartlashtirilgan bepul yuridik yordam adolatni mustahkamlash omili
22-August, 2024
TOSHKENT, O‘zbekiston — Bugun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMT Taraqqiyot Dasturi) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida muhim qadam sifatida bepul yuridik yordam tizimiga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazmoqda. Ushbu muhim voqea bir qator manfaatdor tomonlar, jumladan, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi, “MADAD” nodavlat notijorat tashkiloti mas’ullari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini bir stol atrofiga jamladi. Davra suhbati e’tibori barcha fuqarolar uchun yuridik yordam xizmatlaridan foydalanishni yaxshilash bo‘yicha doimiy majburiyatni ta’kidlagan holda butun mamlakat miqyosida adolatni mustahkamlovchi omil sifatida standartlashtirilgan bepul yuridik yordamning muhim roliga qaratildi. Ushbu tashabbus Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshiriladi.
Ushbu qo‘shma loyiha bepul yuridik yordamning asosiy va ikkilamchi subyektlarini o‘z ichiga olgan mamlakatning bepul yuridik yordam tizimini sezilarli darajada yaxshilashga qaratilgan. Tizimdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va to‘ldirish, yuridik yordam ko‘rsatishning yanada mustahkam asoslarini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Hamkorlik tashabbusi doirasida Adliya vazirligi va loyiha davlat tomonidan moliyalashtiriladigan yuridik yordam uchun minimal standartlarni ishlab chiqdi. Ushbu standartlar jinoiy, ma’muriy va fuqarolik protsessi doirasida, shuningdek, asosiy bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimi miqyosida qo‘llaniladi.
BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim bepul yuridik yordam tizimi muhimligini e’tirof etib, quyidagilarni ta’kidladi:
“Ushbu uchrashuv O‘zbekistonda bepul yuridik yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha umumiy maqsadlarimiz yo‘lida o‘zaro tushunish, fikr almashish va birgalikda ishlash uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi. Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli biz inson huquqlarini himoya qilish, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, xalqaro standartlarga javob beradigan adolatli va samarali huquqiy tizimga barchaning ishonishini ta’minlashga intilamiz.”
O‘zbekiston Respublikasi bepul yuridik yordam mexanizmlarini yaratishni talab qiluvchi BMTning asosiy shartnoma va konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. Ushbu tizimlar huquqiy vakillikni takomillashtirish orqali sud bilan bog‘liq jarayonlarni soddalashtirish, bu orqali hujjatlarni yanada puxta va sifatli tayyorlash asosida ishlarni tez hal etish va samaradorlikni oshirishni maqsad qilgan.
Tadbirda qo‘shma loyiha doirasidagi “O‘zbekiston bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimi haqida qisqacha ma’lumot” mavzusida taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda O‘zbekiston bepul yuridik yordam tizimidagi bir qancha muhim ijobiy holatlar ko‘rsatilgan. Aholining tizimli huquqiy ehtiyojlarini o‘rganish, ham birlamchi, ham ikkilamchi yuridik yordam ko‘rsatuvchilar uchun ishlarni yuritishning kompleks tizimini yo‘lga qo‘yish, birlamchi yuridik yordam ko‘rsatuvchi shaxslarga minimal malaka va tashkiliy talablarni belgilash, akkreditatsiyadan o‘tish huquqiga ega bo‘lgan barcha subyektlarni qamrab olish shular jumlasidandir. Shuningdek, unda ikkilamchi yuridik yordamga, xususan, davlat tomonidan moliyalashtiriladiganlariga nisbatan standartlar va talablar qo‘yish batafsil bayon etilgan.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi vakili “Yuridik yordamning minimal standartlari: dolzarbligi va ahamiyati” mavzusida muhokamada chiqish qilib, samarali yuridik yordam ko‘rsatishda ishonchli standartlarning muhim rolini ta’kidladi. Adliya vazirligi vakili esa, texnologik yechimlarni qo‘shgan holda “Yangi tahrirdagi yuridik yordam axborot tizimi” mavzusida taqdimotini davra suhbati ishtirokchilariga taqdim etdi. Ushbu tizim butun mamlakat bo‘ylab yuridik yordam ko‘rsatish xizmatlarini boshqarish va yetkazish sohasida muhim ijobiy burilish bo‘lib, shaffoflik va samaradorlikni oshiradi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar yuridik yordam samaradorligi va qulayligini oshirishga qaratilgan bir qator boshqa masalalarni ham muhokama qildilar. Ushbu hamkorlik O‘zbekistonda adolat tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash va bepul yuridik yordamdan teng foydalanish huquqiga ega bo‘lish bo‘yicha mas’uliyatli faoliyatni qo‘llab-quvvatlaydi.
Tadbir beshta yuridik yordam ko’rsatuvchi tashkilotga AKT jihozlarini tantanali ravishda berish bilan yakunlandi, bu esa, mavjud NNTlarning amaliy imkoniyatlarini kengaytirish uchun xizmat qiladi. Bu tashabbuslar nafaqat O‘zbekistonning qonun ustuvorligini ta’minlashga sodiqligini aks ettiradi, balki butun mamlakat bo‘ylab har bir fuqaro uchun adolatga bevosita ochiq bo‘lishlikni ta’minlaydi. Mazkur tadbir Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTD va Adliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O’zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etildi.