TOSHKENT, 2020 yil 16 oktyabr – O‘zbekistonning turli viloyatlaridan yoshlar har yili 17 oktyabrda nishonlanadigan Xalqaro qashshoqlikka qarshi kurash kuni arafasida bo‘lib o‘tgan virtual uchrashuvda ishtirok etdilar. Ushbu tadbir BMTTD va Jahon banki tomonidan Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Vebinar davomida mamlakat bo‘ylab turli xil universitetlar nomidan qatnashuvchi 90 nafardan ortiq ishtirokchilar COVID-19 pandemiyasining iqtisodiyotga, bandlikka, pul o‘tkazmalariga, fuqarolar farovonligiga, mamlakatning ta'lim tizimiga va h.k. ta'siri to‘g‘risida axborot oldilar.
BMTTD va Jahon banki mutaxassislari kuniga 1.90 AQSh dollaridan kam mablag‘ga yashash deb tavsiflanuvchi jahondagi o‘ta qashshoqlik darajasi, taxminlarga ko‘ra, pandemiya natijasida so‘ngi 20 yildan ortiq davr mobaynida ilk bora o‘sib ketadi. Bu esa aholi jon boshiga YaIMning umumjahon o‘sish darajasini 5-8 foizga qisqartiradi, natijada, baholashlarga ko‘ra, 2020 yilda yana 88 million nafardan 115 million nafargacha odamlar o‘ta qashshoqlikka yuz tutadi.
COVID-19 pandemiyasi O‘zbekiston Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng iqtisodiyotini tiklaganidan keyin duch kelgan eng katta inqirozdir. U deyarli to‘liqligicha YaIM o‘sishini so‘ndirib qo‘ydi. Prognozlarga ko‘ra, YaIM o‘tgan yilgi 5.6 foiz bilan taqqoslaganda 2020 yilda 0.6 foizga yetadi.
Pandemiya O‘zbekistondagi fuqarolarning farovonligiga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi va kambag‘allik darajasini oshirdi. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilning avgust oyi holatiga pandemiya mamlakat bo‘ylab qo‘shimcha 900 000 nafar odamlarni kambag‘allik girdobiga tortib ketdi.
O‘zbekiston Hukumati 2030 yilgacha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida tinimsiz harakat qilmoqda, shu jumladan, kambag‘allikka barham berish uchun 1-sonli BRMga ham. Amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar natijasida mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 2000 yildagi 24 foizdan 2019 yildagi 11 foizga pasaydi, ya'ni 2.2 million nafar aholi kambag‘allikdan qutulishda yordam oldilar. Ammo pandemiya ushbu erishilgan natijalarni yo‘qqa chiqardi.
«Kambag‘allik ko‘p qirralarga ega va yaqindan ijtimoiy tengsizlik bilan bog‘liqdir, masalan gender tengsizlik, ta'lim olish imkoniyatlari, ijtimoiy himoyaning yetarli emasligi yoki imkoniyati cheklangan shaxslarni kamsitish kabi. Kambag‘allikni tugatish nafaqat ijtimoiy yordam ko‘rsatishni, balki barcha uchun teng imkoniyatlarni taqdim etuvchi ochiq jamiyat qurishni ham anglatadi», - deya qayd etdi Matilda Dimovska, BMTTDning doimiy vakili.
O‘zbekiston pandemiya asoratlari bilan kurashar ekan, hozir kambag‘allik muammosini negizidan hal etish imkoniyati mavjud. COVID-19 munosabati bilan O‘zbekistonda o‘zgarishlar uchun to‘rt yo‘nalish mavjud, jumladan, ish joylarini yaratish va ijtimoiy himoya, yashil iqtisodiyot, korxonalar va xizmatlarni raqamlashtirish, shuningdek yangi jamoatchilik shartnomasini tuzish uchun boshqaruvni takomillashtirish.
«COVID-19 inqirozi O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun burilish yasaydigan lahzaga aylandi. Asosiy olingan saboq shundan iborat-ki, odamlar va korxonalar moslashuvchan bo‘lishi kerak va vaziyatlarga qarab o‘zgarishga qodir bo‘lishlari lozim», - dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev. «Butun umr davomida o‘qish hamda inson kapitaliga investisiyalar mamlakatga oldinga qarab siljish uchun yordam berishi mumkin».
«Garchi O‘zbekiston pandemiyaning salbiy ijtimoiy va iqtisodiy asoratlaridan aziyat chekayotganigan bo‘lsa ham, bizning ishonchimiz komil, har tomonlama tiklanishni qo‘llab-quvvatlash va kelajakda kambag‘allikka barham berishni tezlashtirish uchun barcha zaruriy sharoitlar mavjud», - ta'kidladi vebinar so‘ngida Jahon bankining O‘zbekistondagi Vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Tadbirni BMTTD ning YouTube dagi kanalida ko’rishingiz mumkin.