Oilaviy budjetda quyosh nurlari

Muallif: Guzal Fayzieva

26-August, 2024
a person standing in front of a computer

Husnida Karimjonova

Foto: BMT Taraqqiyot Dasturi, Guzal Fayzieva

Qishloq oilasi qanday qilib elektr energiyasi to‘lovlarini tejaydi

Oydin va Husnida Karimjonovalar — ikki tug‘ishgan aka-ukaning ayollari, ya’ni ovsinlar. Ular, siz an’anaviy hayot tarzini, ko‘p asrlik urf-odatlar va qadriyatlarni his qilishingiz mumkin bo‘lgan Andijon viloyatining, Xo‘jaobod tumanidagi Bahrin qishlog‘ida yashashadi. Qishloq joylarda odamlar asosan bir necha avlod vakillaridan iborat katta oilalarda yashaydilar. Bizning hikoyamiz qahramonlari o‘rtasida do‘stona va an'anaviy qarindoshlik munosabatlari shakllangan – bir tom ostida yashab, ular o‘zaro yordamga o‘rganib qolishgan.

Oila a’zolari nonushta uchun hovlidagi supaga yig‘ilgan. Yozning issiq shabadasi daraxtlarni mayin tebratadi, olisdan bedana sayrashi eshitilib turadi. Achchiqqina damlangan ko‘k choy piyolalarga hurmat va e’tiborni bildirib oz-ozdan quyiladi. Dasturxon o‘rtasida oltin rangli novvot va hozirgina tandirdan chiqqan issiq non... Dasturxon atrofida tonggi suhbat qizigan. Suhbat bank g‘aznasida ishlaydigan katta kelin Oydinning hamkasblaridan bilib kelgan quyosh panellariga subsidiyalar olish mavzusida. U bu uskunalar quyosh nurini elektr energiyasiga aylantirishini qiziqish bilan tushuntiradi. Ularni uy tomiga o‘rnatib, elektr energiyasi xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish, shuningdek, uning barqarorligini ta’minlash mumkin. Eng asosiysi – ayollar uchun yuqori stavkali subsidiyalar taqdim etiladi. Nonushta ustida qizg‘in bahs-munozaralar boshlandi – albatta, hamma yangi va noma’lum narsalarni sinab ko‘rishdan qo‘rqadi. Shu o‘rinda bu oila ham. Hozrigacha ular muammosiz bir navi yashab yurishibdi, uning ustiga boshqa xarajatlar ham yetarlicha... Biroq, quyosh panellaridan foydalanish, kutilmagan elektr o‘chishlaridagi muammolardan qutulish degani – bu esa jiddiy dalil. Chunki qishloqlarda elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasi dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda, ayniqsa qishda. Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, qaror qabul qilindi – Oydin o‘z nomiga kredit rasmiylashtiradi.

a little girl standing next to a child

Oydin Karimjonova farzandlari bilan

Foto: BMT Taraqqiyot Dasturi, Guzal Fayzieva

Energiya samarador texnologiyalar va materiallarga subsidiyalar O‘zbekistonda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMT Taraqqiyot Dasturi) tomonidan, Global Ekologik Fond (GEF) moliyaviy ko‘magida va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi doirasida taqdim etiladi. Quyosh fotoelektrik panellari va energiya saqlash qurilmalari, quyosh suv isitgichlari, issiqlik nasoslari, deraza romlari va tashqi devorlar va tomlar uchun issiqlik izolyatsiyasi materiallari kabi mahsulotlarni sotib olishda materiallar narxining bir qismi BMT Taraqqiyot Dasturi/GEF loyihasi subsidiyalari hisobidan qoplanadi. Ushbu materiallar va texnologiyalardan foydalanish issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga yordam beradi, bu esa loyiha maqsadi – O‘zbekistonning qishloq aholisini yaxshilangan va arzon uy-joy sharoitlari bilan ta’minlash, atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda amalga oshirishdan iboratdir. Shunday qilib, loyiha O‘zbekistonning qishloq aholisida energiya samarador va past uglerodli uy-joylarga talabni oshirishga yordam beradi. Shu bilan birga, ayollar, nafaqaxo‘rlar, nogironlar va “temir daftar”da ro‘yxatdan o‘tganlarga yuqori stavkali subsidiyalar – 2,5 % ga ko‘proq beriladi.

a group of people standing in front of a window
Foto: BMT Taraqqiyot Dasturi, Guzal Fayzieva

Subsidiyalarni olish uchun yetkazib beruvchi tashkilot bilan xarid yoki xizmat ko‘rsatish shartnomasini tuzish va bankning yaqin bo‘limida BMT Taraqqiyot Dasturi/GEF loyihasining qo‘shimcha qisman subsidiyasi bilan imtiyozli kredit olish lozim. Keyin esa energiya samarador qurilish materiallari va uskunalarni uyingizda o‘rnatishingiz kerak, Karimjonovlarning katta kelini Oydinning tashabbusi bilan bu oila ham shunday qildi. Loyiha shartlariga ko‘ra, ayol xarid uchun 32,5% subsidiya oldi. Hujjatlar rasmiylashtirilgandan so‘ng, mutaxassislar Karimjonovlarning uyiga kelib, qo‘shnilarda qiziqish va hayrat uyg‘otgan quyosh panellarini tomga o‘rnatib ketdilar.

“Qo‘shnilar tomingizga nima o‘rnatishyapti, bu nima o‘zi? Bu narsa ishlaydimi?, deb qayta qayta so‘rashdi. Keyin, mahallada elektr to‘satdan o‘chib, bizni uyda o‘chmaganiga hamma hayron qoldi”, - deb eslaydi Oydin Karimjonova tabassum bilan. “Biz, bunaqa texnikadan foydalanish qiyin bo‘ladi, deb o‘ylagandik, ammo hammasi oson ekan. Bu uskunaga alohida parvarish shart emas. Hammasi o‘zi ishlaydi. Panellarni o‘rnatganimizga bir necha oy bo‘ldi va ular juda yaxshi ishlayapti. Anchagina pul ham tejab qoldik. Masalan, uyimizdagi elektr energiyasi iste’moli qariyb 40 foizga kamaydi. Eng asosiysi, sovuq kunlarda bolalar iliq va qulay sharoitda bo‘ladi.”
a young boy sitting on a bed

Husnida Karimjonova

Foto: BMT Taraqqiyot Dasturi, Guzal Fayzieva

Mutaxassislarning aytishicha, muvaffaqiyatning asosiy shartlari – panellarni to‘g‘ri joylashtirish va samarali boshqaruv tizimidir. Bunday energiya ta’minoti markazlashtirilgan elektr ta’minotiga deyarli bog‘liq bo‘lmaslik imkonini beradi.

“Bir kuni qizimning tug‘ilgan kuni edi. Bayramga qarindoshlar va qo‘shnilarni taklif qildik, dasturxon tuzadik. Bayramni nishonlab o‘tirganimizda to‘satdan chiroq o‘chdi. Qachon berishlarini bilmadik. Nima ham qilardik, telefon fonarlaridan foydalanib, shamlarni yoqdik, tug‘ilgan kunni bazo‘r nishonladik. Endi bunday holatlardan himoyalanganmiz. Eng asosiysi, qishda konditsioner va isitgichlar ishlaydi – bu eng muhimi”, - deydi Husnida Karimjonova.

Uy ishlaridan tashqari, Husnida vaqtinchalik tikuvchilik bilan ham shug‘ullanadi, uyda buyurtmalar oladi. Ish qurollari -  tikuv mashinasi, shuning uchun ham elektr energiyasi mavjudligi uning uchun juda muhim. Bolalar biroz ulg‘aygach, u katta kelinga o‘xshab, mahalliy maktabda biologiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlashni rejalashtiradi. Husnida Namangan davlat universitetini tamomlagan, u ikkita mutaxassislikka ega – biolog va agronom.

a sunset over a city
Foto: BMT Taraqqiyot Dasturi, Guzal Fayzieva
"Ayol va qizlar uchun ta’lim olish, daromad keltiradigan kasbga ega bo‘lish muhim. Yurtimizda ayollar yuksak cho‘qqilarga erishayotganini ko‘rib, quvonaman, bu ilhomlantiradi. Aynan shu loyiha haqida gapiradigan bo‘lsak, ayollar uchun yuqoriroq subsidiya stavkasi taqdim etilayotgani ham juda xursand qiladi. Shunday choralarning ko‘rilishi bizga qo‘llab-quvvatlash va oldinga harakatlanish uchun turtki beradi," - deydi Husnida Karimjanova.

Oqshom butun oila sevimli seriallarini tomosha qilish uchun televizor oldida to‘planadi - bu oila uchun tinchlik va xotirjamlik onlari hisoblanadi. Shiftda chiroq yorug‘lik taratmoqda, konditsioner xonani salqinlatib turibdi, xorijiy "serial" qahramonlari yorqin ekranda "jon berib" rol o‘ynamoqda - elektr energiyasi esa uzluksiz ishlamoqda.

a group of people in a room

Husnida Karimjonova oilasi bilan

Foto: BMT Taraqqiyot Dasturi, Guzal Fayzieva

Bugungi kunga kelib, BMT Taraqqiyot Dasturi/GEF loyihasi doirasida deyarli 500 million so‘m miqdorida subsidiyalar berilgan. Energiya tejamkor texnologiyalar va materiallar uchun subsidiyalar olish uchun loyiha hamkor banklariga murojaat qilish yoki www.energymarket.uz saytida ariza topshirish zarur. Mazkur mahsulotlar yetkazib beruvchilari ham loyiha doirasida ishtirok etish uchun www.energymarket.uz onlayn platformasida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Subsidiyalar haqida yangiliklarni @BMTTDsubsidiyasi Telegram-kanalida kuzatib boring.