Muallif: Firuza Tadjimova
Trekking lageri: yoshlar va kattalar orasida atrof-muhit haqida xabardorlikni oshirishning yangi usuli
8-September, 2023
Toshkent viloyatining Yangiobod shaharchasi yaqinidagi so‘lim tog‘lar orasida yam-yashil o‘tloqda chodirlar lageri qad ko’tarmoqda. Yangiobodlik tadbirkor ayol, ushbu tashabbus g’oyasi bilan chiqqan Yelena Alekseeva ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston bo‘ylab ekologik va tarixiy sayohatlar tashkil etib keladi.
O‘choqda qaynatilgan choyni ho‘plar ekan, Yelena o‘z vazifasini shunday tavsiflaydi:
"Men bolalar va yoshlarni tabiat mo'jizalari bilan tanishtirmoqchiman. Bu bizning atrof-muhit bilan bog'liq bilim va qadriyatlarimizni rivojlantirish uchun asos bo'lishiga qat'iy ishonaman."
So'zidan davom etar ekan, u: "Bizning moslashtirilgan dasturimiz bolalarning aqliy va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirishga, shuningdek, kattalarga kundalik tashvishlardan yiroqlashib, munosib hordiq chiqarishlariga qaratilgan", - deydi.
O'n ikki kun davomida lagerda o'yinlari, kamondan otish, bumerang uloqtirish, asbob-uskunalar yordamida sayoz soylarda sayr qilish, shuningdek, zaharli va dorivor o'simliklar, hayvonlar va hasharotlar dunyosiga bag'ishlangan ta'lim komponenti kabi turli xil tadbirlar o'tkaziladi.
Chodir lageri g'oyasi Yelenaning hayolida ancha vaqtdan beri paydo bo'lgan, ammo uni hayotga tatbiq etish amalga oshirib bo'lmaydigan vazifa bo'lib tuyulgan. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan BMTTD loyihasi tomonidan o‘tkazilgan trening tufayligina Yelena o‘z biznes tajribasini oshirishga muvaffaqiyat bo’ldi.
“Ushbu treninglar davomida men malakali biznes-reja tayyorlashni o‘rgandim. Murabbiylar uzoq vaqt davomida menga rejani real sharoitlarga moslashtirishga yordam berishdi va uni optimallashtirish bo‘yicha bebaho maslahatlar berishdi. Mazkur ko’mak va maslahatlar hamda qiziqarli va foydali ish bilan shug'ullanishga bo'lgan katta ishtiyoq meni muvaffaqiyatga yetakladi”, – deb eslaydi u.
Yelena loyiha tomonidan tashkil etilgan tanlovda ishtirok etish uchun puxta tayyorlangan biznes rejasini taqdim etdi va uning fidoyiligi o'z samarasini keltirdi, u g'olib chiqdi va chodir lageri uchun zarur bo‘lgan jihozlarga ega bo‘ldi.
Yelena va uning jamoasi chodirlarni sinchkovlik bilan, eng mayda detallarigacha o‘rnatishar ekan lager bilan bog’liq faoliyatning nozik jihatlari haqida ishtiyoq bilan so‘z yuritishadi.
“Mening biznesim shahrimizdagi ishsizlikni yumshatishda, yoshlarimizga bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda muhim rol o‘ynashiga qat’iy ishonaman. Kelgusida mintaqamizda ekoturizmni targ‘ib qilish chorva mollarini ortiqcha o’tlatishni qisqartirishiga va yosh avlodlarimizda ekologik ongni yuksaltirish, shu orqali farzandlarimiz uchun porloq kelajak sari yo‘l ochishiga umid qilaman”.Yelena Alekseeva