BMTning innovasion qo‘shma dasturi qanday qilib O‘zbekistonning qishloq hududlaridagi aholiga o‘z taraqqiyot yo‘lini yaratishga ko‘maklashmoqda. Mualliflar: Malika Musaeva va Adam Rogers.
Alima Rzamuratova muvaffaqiyat sari eltuvchi mazali yo‘lni kashf etdi
24-August, 2022
O‘ttiz ikki yoshli Alima Rzamuratova O‘zbekistonning shimoli-g‘arbida joylashgan avtonom hudud - Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘zg‘or tebratayotgan olti opa-singildan biri. Alima pedagogika kolledjini tamomlagach, xuddi geografiya va tarix fanlaridan dars bergan otasi kabi, o‘qituvchi bo‘lishni rejalashtirgan edi.
O‘qituvchilik kasbi bo‘yicha ish topish oson bo‘lmadi. Ustiga-ustak, COVID-19 pandemiyasi tufayli 2020 yil boshida maktablar yopilgach, bu masala yanada qiyinlashdi. «Men o‘zimni har doim maqsadga intiluvchan odam deb bilganman va kolledjni tugatgach, ish so‘rab, turli idora va tashkilotlarga murojaat qildim, - deydi u. - Ammo tajribam yo‘qligi sababli urinishlarim besamar ketdi va menga hamma joyda rad javobi berishdi».
Bir necha yil davomida ish qidirib, maqsadiga yeta olmagach, Alima yangi kasb yo‘nalishini tanlash va buning uchun qanday ko‘nikmalar zarur bo‘lishini aniqlash vaqti kelganini tushundi. Pazandalikka bo‘lgan qiziqishi uni aynan manna shu yo‘nalishda ish topishga undadi. «O‘ylab ko‘rsam, yon-atrofimizda barcha pishiriq pishirishni yaxshi ko‘rib, hech bir ziyofat qandolat va shirinliklarsiz o‘tmaydi. Shu bilan birga, bizda yetkazib berish xizmati ham, qandolat do‘konlari ham yo‘q», – deydi Alima.
Darhaqiqat, uning ko‘plab qo‘shnilari o‘z tadbirlariga shirinlik va boshqa noz-ne'matlarni xarid qilish uchun bir necha kilometr uzoqlikdagi Bo‘zatov tumani markaziga borishiga to‘g‘ri keladi. O‘zida tadbirkorlik ishtiyoqini kashf etgan Alima bozor, korxona yuritishning o‘ziga xos jihatlari, uni ro‘yxatdan o‘tkazish va ishga tushirish tartib-qoidalarini o‘rgana boshladi. Aynan shu izlanishlar jarayonida u BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida BMTning «Orolbo‘yi hududining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillari orasida iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish uchun yoshlar va ijtimoiy zaif aholining moslashuv salohiyatini mustahkamlash orqali ularning ijodiy va innovasion imkoniyatlarini rivojlantirish» qo‘shma dasturi doirasida tashkil etilgan «Ayollarning jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan ayollar tadbirkorligi asoslari va ko‘nikmalari”mavzusidagi trening to‘g‘risidagi e'longa duch keldi.
«Omadim chopib, mazkur kursning 110 nafar talabasi qatoriga kirishga muyassar bo‘ldim, – deydi u. - Biz gender tengligi, jamoada ishlash, oilaviy byudjetni rejalashtirish, tadbirkorlik va biznes-rejani ishlab chiqish prinsiplari asoslarini o‘rgandik. Bu menga o‘z orzuim sari qanday harakat qilish kerakligini yaxshiroq tushunishga yordam berdi. Mutaxassislar treningning har bir bosqichida bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turdi. Shu tariqa biznes g‘oyamning dastlabki chizgilari paydo bo‘ldi».
Alima o‘zining yangi ko‘nikmalaridan foydalangan holda biznes-rejani ishlab chiqdi, uning byudjetini tuzdi va biznes g‘oyasini moliyalashtirish uchun tanlovga ariza berdi. Mahalliy iqtisodiy taraqqiyotga turtki berish hamda Alima kabi tadbirkorlarga muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini yaratish maqsadida, BMTTD ushbu tanlovni Qoraqalpog‘istonda har yili tashkil etadi. Tanlov komissiyasi Alimaning loyihasini o‘rganib chiqib, uning tashabbusini «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish» toifasi doirasida qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi.
BMTTDning Dasturlar bo‘yicha menedjeri Alisher Utemisovning aytishicha, Alima treninglarning eng faol ishtirokchilaridan biri bo‘lgan. «U o‘qishga jiddiy yondashdi, onlayn va oflayn rejimda barcha ma'ruzalarni diqqat bilan tinglab, ustozlarning barcha topshiriqlarini puxta bajarardi, - deydi u. - U o‘z taqdimotini tanlov komissiyasiga taqdim etganida, biz uning mustaqil ishlashga tayyor ekanini mamnuniyat bilan ta'kidladik».
Kasbiy tayyorgarlik kurslari orqali tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi yoshlar va xotin-qizlarning imkoniyatlarini oshirish qishloq joylarda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlabgina qolmasdan, ishsizlik va kambag‘allik darajasini pasaytirishga bevosita xizmat qilmoqda. 2021 yil oktyabr' oyida Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Bo‘zatov tumanlaridan bo‘lgan 30 nafar xotin-qiz, jumladan, Alima ham, oshpazlik yo‘nalishidagi kasbiy tayyorlov kursida qatnashdi. Imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, u imtiyozli diplom oldi. Shuningdek, Alima 8-sonli qishloq bolalar bog‘chasiga tarbiyachi sifatida ishga qabul qilindi.
«Kuch-g‘ayrat va shijoatim to‘lib-toshgan, o‘z bilim va ko‘nikmalarimni atrofdagilar bilan baham ko‘rsam deyman, - deydi u. – Bugungi faoliyatim nafaqat ayollarni “pishir-kuydir”dan biroz bo‘lsa-da xalos qiladi, balki bolalarga ham xush keladi, negaki ular nafaqat men tayyorlagan tortu shirinliklar, balki boshqa mazali taomlardan ham lazzat oladi».
Bugungi kunda Alimaning qandolatchilik korxonasida turfa xil mahsulotlar – tortlar, piroglar, kekslar, pryaniklar va boshqa qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilib, qo‘shni mahalla va do‘konlarga yetkazib berilmoqda. U muvaffaqiyatli tadbirkor, qandolatchi oshpaz va bolalar bog‘chasi o‘qituvchisi. U endi ishsizlik nimaligini bilmaydi.
Alima o‘z jamiyatining oziq-ovqat va iqtisodiy xavfsizligini ta'minlashga faol hissa qo‘shmoqda. Bog‘chaga tarbiyachilik qilish uchun ketganda korxonaga ko‘z-quloq bo‘lib turish uchun esa u ikki nafar qizni ishga olgan.
Qo‘shimcha ma'lumot
BMTTD, YuNFPA va FAOning «Orolbo‘yi hududining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillari orasida iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish uchun yoshlar va ijtimoiy zaif aholining moslashuv salohiyatini mustahkamlash orqali ularning ijodiy va innovasion imkoniyatlarini rivojlantirish» qo‘shma dasturi BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi tomonidan O‘zbekiston, Norvegiya, Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Janubiy Koreya hukumatlari hamda «Alwaleed Philanthropies” xayriya tashkiloti ko‘magida moliyalashtiriladi.
Dastur hamjamiyatlarni rivojlantirish, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, xotin-qizlar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar rahbarligi ostidagi oilalar, mehnat migrantlari, ishsiz yoshlar va boshqalarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashadi. Umuman olganda, dasturni amalga oshirishdan Qoraqalpog‘istondagi tajriba tumanlarining 183,2 ming nafar aholisi foyda ko‘radi.
"Kuch-g‘ayrat va shijoatim to‘lib-toshgan, o‘z bilim va ko‘nikmalarimni atrofdagilar bilan baham ko‘rsam deyman."Alima Rzamuratova