Gender zoʼravonlik oʼz-oʼzidan yoʼqolmaydi, harakat qilish payti keldi

Jamiyatning har qanday qismiga nisbatan ishlatilgan har qanday koʼrinishdagi zoʼravonlik jamiyatning har bir aʼzosiga taʼsir oʼtkazadi

13-March, 2023
Fotosurat: Elyor Nemat

Turli shakllari mavjud boʼlgan gender zoʼravonlik ostida ma’lum bir genderga mansub bo’lganligi uchun shaxslarga nisbatan ishlatilgan har qanday zoʼravonlik tushunilib, u dunyo boʼylab millionlab odamlarga taʼsir oʼtkazayotgan doimiy muammo boʼlib qolmoqda. U alohida shaxslar, oilalar, hamjamiyatlar va, umuman, jamiyatga jiddiy taʼsir koʼrsatib, iqtisodiy taraqqiyot hamda inson huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish yoʼlida toʼsiq boʼlmoqda. Gender zoʼravonlik inson huquqlarining buzilishi va gender tengsizligida namoyon boʼlib, erkaklarni ayollardan ustun qoʼyadigan patriarxal munosabat tuzilmalari va madaniy meʼyorlar tomonidan qoʼllab-quvvatlanadi. Uning oqibatlari keng qamrovli boʼlib, jismoniy, psixologik va ijtimoiy farovonlikka darhol va uzoq muddatli taʼsir koʼrsatishi mumkin.

Oiladagi zoʼravonlik, odatda, turmush oʼrtoqlar, sheriklar yoki oila aʼzolari oʼrtasidagi yaqin munosabatlar doirasida sodir boʼladigan gender zoʼravonlikning bir shaklidir. Bu holat jismoniy, hissiy va jinsiy zoʼravonlik hamda ruhiy qiynoq va moliyaviy holatini suiisteʼmol qilish kabi turli shakllarda namoyon boʼlishi mumkin. Oiladagi zoʼravonlik jinsidan qatʼi nazar, har qanday turdagi munosabatlarda sodir boʼlishi mumkin, ammo global dalillar shuni koʼrsatadiki, undan, asosan, ayollar azob chekadi.

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʼra, dunyodagi, taxminan, har uchinchi ayol oʼz hayoti davomida yaqin sherigi tomonidan jismoniy yoki jinsiy zoʼravonlikka yoki sherik boʼlmagan shaxs tomonidan jinsiy zoʼravonlikka duchor boʼladi. Afsuski, COVID-19 pandemiyasi gender zoʼravonlik va oiladagi zoʼravonlik muammosini yanada chuqurlashtirdi. Pandemiya oiladagi zoʼravonlik holatlarining global miqyosda keskin ortishiga olib kelib, uning koʼlami shu qadar kengaydiki, u “BMT-Ayollar” tuzilmasi unga “soya pandemiyasi” deb nom berdi. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan karantin, iqtisodiy beqarorlik va ijtimoiy izolyatsiya gender zoʼravonlikning paydo boʼlishi va davom etishi uchun qulay muhit yaratishi bu muammoni hal qilish va jabrlanganlarga yordam koʼrsatishni har qachongidan ham muhimroq vazifaga aylantirdi.

Ayitb o’tganimizdek, oiladagi zoʼravonlik yoshi, etnik kelib chiqishi, taʼlim darajasi yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qatʼi nazar, jamiyatning barcha qatlamlaridagi odamlarga taʼsir qilishi mumkin boʼlgan keng tarqalgan muammodir. Biroq marginallashgan guruhlar yoki ozchilik guruhlariga mansub ayollar kamsitishning turli shakllari oʼzaro kesishishi natijasida oiladagi zoʼravonlikni boshdan kechirish xavfi yuqori boʼlishi mumkin. Misol uchun, etnik ozchilik guruhlari vakillari yoki nogironligi boʼlgan ayollar yordam va qoʼllab-quvvatlash soʼrab murojaat qilishda qoʼshimcha toʼsiqlarga duch kelishi mumkin. Bu ayollar, shuningdek, xizmat koʼrsatuvchi tashkilotlar yoki huquq-tartibot idoralari tomonidan noxolis munosabatga uchrashining ehtimoli bor boʼlib, bu muammoni yanada chuqurlashtirishi mumkin. Shu bois ushbu shaxslar duch keladigan oʼziga xos muammolarni eʼtirof etish va hal qilish hamda ularga zoʼravonlik vaziyatlaridan chiqib ketish uchun tegishli yordam va resurslarni taqdim etish juda muhim.

Gender zoʼravonlik global miqyosda ham, muayyan mintaqalar darajasida ham katta iqtisodiy xarajatlarni keltirib chiqaradi. Tadqiqotlar shuni koʼrsatdiki, ayollarga nisbatan boʼlgan zoʼravonlikning global miqyosdagi iqtisodiy zarari global Yalpi ichki mahsulotning (YaIM), taxminan, 2 foizini tashkil qilishi mumkin boʼlib, bu, taxminan, 1,5 trillion dollarga, yaʼni Kanada iqtisodiyotining hajmiga teng. Bundan tashqari, Yevropa gender tengligi masalalari instituti (EIGE) tomonidan gender zoʼravonlikning Yevropa Ittifoqidagi iqtisodiy zarari yiliga 366 milliard yevro atrofida deb baholangan. Ushbu xarajatlarga tibbiyot va sud xarajatlari kabi toʼgʼridan-toʼgʼri xarajatlar, shuningdek, ish unumdorligini yoʼqotish, oʼtkazib yuborilgan ish kunlari va ruhiy salomatlik va farovonlikka taʼsir kabi bilvosita xarajatlar kiradi. Gender zoʼravonlikning iqtisodiy yuki nafaqat shaxslar va oilalarga taʼsir qiladi, balki milliy iqtisodiyotlar uchun ham jiddiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Gender zoʼravonlik va uning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish profilaktika, jabrlanganlarni himoya qilish va qoʼllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilgan keng qamrovli siyosat, dasturlar va tadbirlarni talab qiladi. Ushbu yoʼnalishdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish orqali jamiyatlar barcha uchun xavfsizroq, adolatliroq va farovonroq kelajakni yaratishi mumkin.

Global yechimlar

Oilaviy va gender zoʼravonlik keng tarqalgani hamda odamlar va jamiyatlarga halokatli taʼsir koʼrsatayotganini tan olgan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti zoʼravonlikning bu shakllariga barham berish uchun bir qator choralarni koʼrishga muvaffaq boʼldi. Ushbu yoʼnalishda amalga oshirilgan asosiy tashabbus va chora-tadbirlarga Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisidagi konventsiyaning qabul qilinishi; 1993-yilda BMTning Xotin-qizlarga nisbatan zoʼravonlikka barham berish toʼgʼrisidagi deklaratsiyaning qabul qilinishi; 1996-yilda Xotin-qizlarga nisbatan zoʼravonlikka barham berish boʼyicha harakatlarni qoʼllab-quvvatlash uchun BMT Trast fondining tashkil etilishi; xotin-qizlarga nisbatan zoʼravonlik muammosi toʼgʼrisida xabardorlikni oshirish va uni bartaraf etish boʼyicha harakatlarni safarbar etishga qaratilgan “Xotin-qizlarga nisbatan zoʼravonlikka birgalikda barham beramiz” (UNiTE) kampaniyasining boshlanishi; 2017-yilda BMTning “Spotlight” tashabbusining qabul qilinishi va boshqalarni kiritish mumkin.

BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) milliy hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ayollar guruhlari va xususiy sektorni gender zoʼravonlikning asosiy sabablarini, masalan, gender asosida kamsitilish va huquqlar borasidagi tengsizlikni bartaraf etishda qoʼllab-quvvatlaydi. BMTTD tomonidan bu saʼy-harakatlarni qoʼllab-quvvatlash usullaridan biri - xotin-qizlarni zoʼravonlikdan himoya qilishga qaratilgan siyosat va qonunchilikni ilgari surishdir. Bu, oʼz navbatida, hukumatlar bilan gender zoʼravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadigan va jabrlanuvchilar uchun yuridik, tibbiy va psixologik yordam olish imkoniyatini taʼminlaydigan qonunlarni ishlab chiqish va tatbiq etish yoʼlida hamkorlikni qamrab oladi.

Ilgʼor xalqaro amaliyot shuni koʼrsatadiki, keng ishtirokchilikka asoslangan yondashuvlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sudlar uchun samarali oʼquv dasturlarini ishlab chiqish orqali jinoiy sud tizimi qonunlar va tegishli meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etgan taqdirda, gender zoʼravonlik uchun jinoiy javobgarlikka tortishni belgilash samaraliroq boʼladi. BMTTD huquq-tartibot idoralari hamda sud organlarining gender zoʼravonlik, jumladan, oiladagi zoʼravonlikning oldini olish va unga nisbatan javob choralarini koʼrish salohiyatini mustahkamlashda ustida doimiy ishlaydi. Bu - ichki ishlar xodimlari, prokuror va sudyalarni samarali tergov qilish va aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish boʼyicha oʼqitish va qoʼllab-quvvatlashni oʼz ichiga oladi. Milliy hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilish orqali BMTTD gender zoʼravonlikning asosiy sabablarini, jumladan, gender asosida kamsitilish va huquqlar borasida tengsizlikni bartaraf etishga hamda xotin-qizlarni zoʼravonlikdan himoya qilishga qaratilgan siyosat va qonunchilikni ishlab chiqishni qoʼllab-quvvatlashga harakat qiladi.

2019-yilda xotin-qizlarga nisbatan zoʼravonlikning huquqiy taʼrifini qabul qilish orqali Oʼzbekiston gender zoʼravonlik muammosini hal etish yoʼlida yana bir qadam tashladi. Qonunda xotin-qizlarga nisbatan oiladagi zoʼravonlik va taʼqib holatlari eʼtirof etilib, uning oldini olish va himoya qilish, shu jumladan, sudlarning taqiq orderlari va boshpana bilan taʼminlash choralari belgilandi. Gender zoʼravonlikka qarshi samarali javob choralarini koʼrish uchun hukumat ichki ishlar xodimlari, sudyalar va boshqa mansabdor shaxslarni tayyorgarlikdan oʼtkazdi. Bundan tashqari, hukumat tomonidan Gender tengligi va xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish boʼyicha Milliy harakatlar rejasi qabul qilindi, Oliy Majlis Senati huzurida xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish yoʼlida faoliyat yuritadigan Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʼyicha komissiya tashkil etildi, siyosiy va iqtisodiy qarorlar qabul qilishda ayollarning ishtiroki ragʼbatlantirildi. Erishilgan barcha yutuqlarga qaramay, Oʼzbekistonda gender zoʼravonlikni toʼliq bartaraf etish boʼyicha hali ham qilinishi kerak boʼlgan ishlar koʼp.

Oʼzbekistonda gender zoʼravonlikni bartaraf etish boʼyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda, ammo qoʼllab-quvvatlash xizmatlari uchun mavjud resurslarning cheklangani, ayollarga nisbatan zoʼravonlikning tarqalganlik darajasi toʼgʼrisida maʼlumotlar yoʼqligi va jamiyatda ayollarga nisbatan zoʼravonlikni maʼqullash yoki oqlash kabi muammolarga duch kelinmoqda. Shunday boʼlsa-da, hukumatning ushbu muammolarni hal qilish va gender tenglikni taʼminlash masalalariga sodiqligi umid bagʼishlaydi. Oʼzbekistonda gender zoʼravonlikni bartaraf etish borasidagi yutuqlarni kuzatib borish va saʼy-harakatlarni qoʼllab-quvvatlashni davom ettirish muhim.

Oliy Majlis endilikda oʼz qonunchilik tizimida oiladagi zoʼravonlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash masalasini koʼrib chiqmoqda. Bu ish BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish boʼyicha qoʼmitasining Oʼzbekiston hukumatiga “amaldagi qonunchilik, jumladan, Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeks va “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʼravonlikdan himoya qilish toʼgʼrisida”gi qonunga oʼzgartirishlar kiritish toʼgʼrisida”gi tavsiyasiga muvofiq oiladagi zoʼravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi, sud tomonidan jinoiy javobgarlikka tortish va jinoyatning ogʼirlik darajasiga mos ravishda tegishli jazo choralari qoʼllashni taʼminlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisidagi konventsiya (CEDAW) qoʼmitasining 19-sonli umumiy tavsiyasi oiladagi ayollarga nisbatan zoʼravonlik holatlari jins asosida kamsitish hisoblanishini tasdiqlagan boʼlib, bu esa Oʼzbekiston Konstitutsiyasi tomonidan taqiqlangan. Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʼgʼrisidagi konventsiyaning (Oʼzbekiston 1995-yil iyulda ratifikatsiya qilingan) 35-sonli umumiy tavsiyasi “ayollarning jismoniy, jinsiy yoki ruhiy daxlsizligi buzilishiga olib keladigan barcha sohalarda ayollarga nisbatan gender zoʼravonlikning barcha shakllari uchun jinoiy javobgarlikka tortish va sodir etilgan huquqbuzarlikning ogʼirlik darajasiga mos ravishda huquqiy taʼsir choralari, shuningdek, fuqarolik-huquqiy himoya vositalarini zudlik bilan joriy etish yoki kuchaytirishni taʼminlash uchun” jinoiy javobgarlikni belgilashga chaqiradi.

Jinoiy javobgarlikni kiritish muhim

Inson huquqlari boʼyicha xalqaro shartnomalar va bitimlarga rioya qilishdan tashqari, gender zoʼravonlik uchun jinoiy javobgarlik kiritish uchun koʼplab jiddiy sabablar mavjud. Gender zoʼravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash potentsial tajovuzkorlarni tiyib turuvchi omil sifatida xizmat qilib, jabrlanganlar uchun yanada kuchli huquqiy himoyani taʼminlashi mumkin. Huquqbuzarlarni javobgarlikka tortish orqali bunday zoʼravonlikka yoʼl qoʼyilmasligi va unga toqat qilinmasligi toʼgʼrisida aniq tushuncha hosil qilinadi. Shuningdek, bu - jabrlanganlarni huquqiy himoya, masalan, sudlarning taqiq orderlari va zoʼravonlik davom etishining oldini olishga yordam beradigan himoya orderlarining boshqa shakllari bilan taʼminlashi mumkin.

Jinoiy javobgarlik belgilash oiladagi zoʼravonlikning barcha xususiyatlarini, jumladan, konteksti, sharoiti, takrorlanuvchanligi, majburiy nazorati, ko’zlangan maqsad(motiv)larini hisobga olish imkonini beradi. Bu - ushbu jinoyatning ogʼirlik darajasini baholash va zoʼravonlik sodir etayotgan shaxs jamiyat uchun xavfli deb topilgan taqdirda huquqlarni tiklash yoki qamoqqa olish tartibini qoʼllashni aniqlash imkonini beradi.

Nihoyat, jinoiy javobgarlik belgilash eʼtiborni jabrlangan shaxs o’zidan ayb qidirishga emas, tajovuzkorni oʼz qilmishlari uchun javobgarlikka tortishga qaratishga yordam beradi. Bu - jabrlanganlarga ularning murojaatiga jiddiy qaralishi va ularga nisbatan zoʼravonlik qilgan shaxs javobgar boʼlishini bilgan holda, yordam soʼrab murojaat qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa, oʼz navbatida, jamiyat munosabatlarida ikkita muhim oʼzgarishni olib keladi: zoʼravonlik jinoyat ekanini tushunish va bunday jinoyatlar toʼgʼrisida oshkora gapirish toʼgʼri ekanini anglash.

Gender zoʼravonlik insoniyat uchragan balo boʼlib, jinoyat sifatida taʼqib qilinishi kerak. Jamiyatda zoʼravonlikni jazosiz qoldirish madaniyati va uning normal holat sifatida qabul qilinishi davlat tomonidan aniq choralar koʼrilishini talab qiladi. Oʼzbekiston bugungi kunda ushbu sohadagi jazo choralarini qayta koʼrib chiqayotgan bir paytda - mamlakat ayollari va bolalarini himoya qilish uchun chora koʼrishning ayni vaqtidir. Biz Oʼzbekiston toʼgʼri yoʼl tutishiga ishonamiz.

 

 
Milliy hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilish orqali BMTTD gender zoʼravonlikning asosiy sabablarini, jumladan, gender asosida kamsitilish va huquqlar borasida tengsizlikni bartaraf etishga hamda xotin-qizlarni zoʼravonlikdan himoya qilishga qaratilgan siyosat va qonunchilikni ishlab chiqishni qoʼllab-quvvatlashga harakat qiladi.
Matilda Dimovska, BMT Taraqqiyot dasturining Oʼzbekistondagi doimiy vakili