Aholi bilan ishlash “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining asosiy tarkibiy qismlaridan biridir

24-July, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

2023-yilning 19-21-iyul kunlari Xorazm viloyati Urganch shahrida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish”  loyihasi xodimlari, ijtimoiy safarbarlik bo‘yicha mutaxassislar va fasilitatorlar uchun trening tashkil etildi.

2023-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bilan olib borilgan ishlar natijasida mahalliy infratuzilmani takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilinib, belgilanib olindi. Shuning asosida qishloqlarning arxitektura qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy ob’ektlarni obodonlashtirish va qurish, shuningdek, aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiluvchi kichik loyihalarni o‘z ichiga qamrab olgan Mahallani rivojlantirish rejalari (MRR) ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMTTDning “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida xalqaro maslahatchi Datze Gruberte aholi bilan ishlashning samarasini oshirishga yordam beradigan Mahallani rivojlantirishning integratsiyalashgan rejasini ishlab chiqish bo'yicha qo'llanmani tayyorladi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Mazkur qo‘llanma va yangilangan metodikani loyiha mutaxassislari bilan muhokama qilish maqsadida Urganch shahrida qo‘llanma muallifi Gruberte xonim ishtirokida uch kunlik trening tashkil etildi. 

Ushbu trening natijasida ishtirokchilar MRRni ishlab chiqish tamoyillari, usullari va vositalari hamda fasilitatorlar ishiga doir xususiyatlar bilan tanishdilar va endi treningda olingan bilimlar yordamida ular aholi bilan ishlashda yumshoq ko'nikmalarni takomillashtirish va samaradorlikni oshirish uchun qo'llanmadan foydalanishlari mumkin.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

“Ushbu trening fasilitatorlar jamoasiga Mahallani rivojlantirish rejasi nima ekanligini, u qanday tuzilganligi haqida tushuncha berdi. Trener biz bilan bu boradagi xalqaro tajriba bilan o‘rtoqlashdi. Biz bu tajribaning qaysi biridan foydalanish va O'zbekiston sharoitiga moslashtirish mumkinligini muhokama qildik, fasilitatorlar uchun zarur bo'lgan aholi bilan ishlash ko'nikmalari va usullariga batafsil to'xtalib o'tdik. Olingan bilimlar, yangicha yondashuv va usullar ishda juda qo‘l keladi”, - deydi Xorazm viloyatidagi loyiha fasilitatori Zuxra Bobojonova.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Eslatib o‘tamiz, trening O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Islom Taraqqiyot Banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Loyihani Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining maqsadli jamoalari uchun amalga oshirish uchun ITB tomonidan jami 200 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ ajratildi.

Loyiha haqida batafsil ma'lumot:

https://www.undp.org/uz/uzbekistan/projects/qishloq-joylarini-barqaror-rivojlantirish