Orolbo'yi mintaqasini barqaror rivojlantirish uchun resurslarni safarbar etish bo'yicha ko’nikmalarni oshirish
4-December, 2023
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda ВМТ Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-yanvardagi "Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha qo‘shimcha сhоrа-tadbirlar to‘g‘risida"gi 41-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 29-noyabr - 1-dekabr kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Orolbo‘уi mintaqasini barqaror rivojlantirishga yo‘naltirilgan dastur va loyihalarni amalga oshirilish doirasida "Resurslarni safarbar qilish va loyiha takliflarini ishlab chiqish"mavzusida uсh kunlik trening bo‘lib o‘tdi.
Ushbu qarorning ijrosini amalga oshirish maqsadida davlat xizmatchilarining loyiha takliflarini tayyorlash bo‘yicha yaxshi bilimga ega bo‘lishi muhimligi hisobga olingan holda trening tashkil etilgan bo‘lib, barcha tegishli vazirliklardan 40 qa yaqin vakillar loyiha ishlab chiqish jarayonidagi duch kelinayotgan muammolar, kamchiliklar, ularni hal qilish bo‘yicha shaxsiy yo‘l xaritasini ishlab chiqish strategiyalari haqida erkin suhbat olib borishdi.
Qatnashchilar guruhlarga bo'linib, olingan bilimlarni qarorda belgilangan dolzarb masalalarni, ya’ni Orolbo‘yi hududiga moliyaviy va texnik ko‘mak jalb qilish istiqbollarini qamrab oluvchi soddalashtirilgan loyiha takliflarini tayyorlab, ularni xalqaro hamkorlarni o‘z ichiga olgan ishchi guruhlarga taqdimot etishdi.
BMTTD Doimiy vakilining o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman Orolbo‘yi muammolarini ahamiyatini qayd etgan holda,
“Biz ishonamizki, integratsiyalashgan yo‘l xaritasi Orolbo‘yidagi muammolarni hal qilish uchun bir qator yechimlarni taklif etadi. Yo‘l xaritasi mintaqadagi barcha tashabbuslarni samarali monitoring qilish uchun yagona vositaga aylanishi kerak” deya ta’kidlab o’tdi.
Trening davomida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili Izzatbek Jo‘rayev Orolbo‘yi hududining muammolari qanchalar dolzarbligini ta’kidlab,
“Bizning umumiy maqsadimiz — Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish”, deydi.
Natijada trening qatnashchilari:
- resurslarni safarbar qilishning turli usullari;
- loyihani ishlab chiqish va taklif qilish tamoyillari;
- loyiha tuzish tartiblari;
- donorning talablari va ko‘rsatmalariga muvofiq samarali loyiha takliflarini tuzish;
- maqsadli auditoriyaga moslashtirilgan sifatli loyihalarni yozish;
- taklifni ishlab chiqishda monitoring va baholash (M&E) tizimidan foydalanish kabi bilimlarga ega bo‘ldilar.
Treningning so‘nggi kunida qatnashchilar o‘z loyihalarini Orol dengizi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhlarga taqdim etdilar. Ishchi guruhlar vakillari mazkur loyihalar yuzasidan xorijiy davlatlarning tajribalari orqali o‘z taklif va maslahatlarini berishdi.
Trening qatnashchilaridan biri
“Ushbu seminar biz uchun Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik inqiroz bilan bog‘liq dolzarb muammolarni tushunish va muhokama qilish uchun noyob imkoniyatdir. Biz mintaqaning barqaror rivojlanishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda yangi yondashuvlarni ishlab chiqishda, ayniqsa yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan mamnunmiz” deya ta’kidalb o‘tdi.
Treninglar BMTning O‘zbekistondagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi tomonidan moliyalashtiriladigan BMT Taraqqiyot dasturi, UNICEF va FAO hamkorlikdagi "Orolbo‘yi mintaqasida yashil va innovatsion rivojlanish orqali yoshlarning porloq kelajakka erishish yo‘lida imkoniyatlarini kengaytirish" dasturi doirasida tashkil etildi.