Ar-Riyoddagi COP16 doirasida kelishilgan biologik xilma-xillik bo‘yicha yangi loyiha

13-December, 2024
a man wearing a suit and tie and holding a sign
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi 2024-yil 4-dekabr kuni Ar-Riyodda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasining COP16 doirasida Niyatlar to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi. Ushbu bitimning imzolanishi O‘zbekistonda GEF-8 Soyabon dasturini amalga oshirish orqali Bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va harakatlar rejasini (NBSAP) hamda 7-Milliy hisobotni yangilashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni tasdiqlamoqda. U mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga o‘z vaqtida javob bermoqda, chunki O‘zbekiston hukumati yaqinlashib kelayotgan 2025-yilni atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish yili deb e’lon qildi. Yangilangan Milliy strategiya va Bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha Harakatlar rejasi O‘zbekistonning tabiati va noyob ekotizimlarini muhofaza qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarga yangi kuch baxsh etadi.

2023-2024-yillarda BMTTD O‘zbekistonga biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi milliy maqsadlarni belgilashda ko‘mak berdi va O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib ushbu maqsadlarni BMTning Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyasi (BXK) doirasida rasman e’lon qildi.  Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi Milliy strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda BXK uchun yettinchi milliy hisobotni tayyorlash navbatdagi muhim qadam bo‘ladi.

a group of people sitting at a table
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Ushbu bayonotning BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konvensiyasi COP16 doirasida imzolanishi ramziy ma’noga ega, chunki iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va yerlarning degradatsiyasi ikki tomonlama muammo - bir tomondan kambag‘allik va boshqa tomondan haddan tashqari iste’mol qilish, shu jumladan, tabiatning beqaror ekspluatatsiyasi tufayli yuzaga kelgan yagona global inqirozning turli ko‘rinishlari hisoblanadi.

BMTTD Markaziy Osiyo va Kavkaz uchun ishlab chiqilgan yangi mintaqaviy yondashuv asosida vazirlik bilan uzoq yillik samarali hamkorlikni davom ettiradi. Maqsad - yerlarning degradatsiyasi va cho‘llanishining asosiy sabablari hamda tizimli omillarini, shuningdek, qurg‘oqchilik kabi ko‘p qirrali xavflarni bartaraf etish orqali mamlakatlarning tashqi ta’sirlarga bardoshliligini oshirishdir. Bu maqsadga qurg‘oqchilik, cho‘llanish, barqarorlik, bioxilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha asosiy global siyosiy tamoyillarga asoslangan kompleks va puxta ishlab chiqilgan yondashuv orqali erishiladi. Ushbu yondashuv 30 ta milliy va submintaqaviy loyihalarni, shu jumladan Orolbo‘yi mintaqasiga qaratilgan tashabbuslarni qamrab oladi.

BMTTD hamkorlarni Markaziy Osiyo va Kavkazda dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun undan asos sifatida foydalanishni taklif qiladi.