Sun’iy Intellekt Inqilobi: nogironligi bor shaxslar inklyuziyasi uchun olamshumul imkoniyatmi?
18-July, 2024
Sun’iy intellekt (SI) taraqqiyoti katta hajmli ma’lumotlar, bulutli hisoblash xizmatlari, yangi algoritmlar, taqsimlangan intellekt va robototexnika kabi sohalar bilan chambarchas bog‘liq. SI raqamli texnologiyalarni inson aqli bilan birlashtirib, vositalarga murakkab sharoitlarda ishlash, ma’lumotlar bazasidan bilim olish va qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Dunyo mamlakatlari hukumatlari sun’iy intellektning afzalliklaridan foydalanish uchun milliy qonunlarni ishlab chiqmoqdalar. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) imkoniyatlarini kengaytirib, nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlarini hisobga olgan holda, inson huquqlarini amalga oshirish va raqamli tengsizlikni bartaraf etish uchun Internetga kirish imkoniyatining nihoyatda muhimligini ta’kidlab o‘tmoqda.
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (WHO)ning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab taxminan 1,3 milliard kishi qandaydir nogironlik bilan yashamoqda. SIdan foydalanish orqali nogironlar inklyuziyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni o‘rganish va alohida e’tibor berilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash muhim ahamiyatga ega. Eng muhim savol shundaki, jamiyat SIdan inklyuziv iqtisodiy va ijtimoiy tizimlarni yaratish uchun qanday foydalanadi? Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning e’tirof etishicha, nogironligi bo‘lgan insonlar mehnatga jalb etilishining pastligi, kasbiy ta’lim olish imkoniyatining deyarli yo‘qligi, ishga qabul qilish va martaba yuksalishi borasida bir qator noxolisliklarga duch kelishlari keng tarqalgan. BMT Taraqqiyot dasturining yaqinda e’lon qilingan hisoboti shuni ko‘rsatdiki, qishloq joylarda yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslarning atigi 5,8 foizi ish bilan ta’minlangan. Ushbu muammolar azaliy cheklovlar bilan emas, balki murakkab ijtimoiy, huquqiy va iqtisodiy tamoyillar bilan chambarchas bog‘liqdir.
Nogironligi bo‘lgan insonlar xususiy sektor va ta’lim sohasida ham bir qator to‘siqlarga duch kelmoqdalar, masalan, maktab infratuzilmasining yetarli darajada emasligi va ularning ehtiyojlariga javob bermaydigan o‘quv materiallari shular jumlasidandir. Oliy ta’limda ham ular mavjud noqulay binolar va nogironlar talablariga javob beradigan o‘quv sharoitlari yo‘qligi kabi muammolarga duch kelishmoqda. Xuddi shunday noqulay jismoniy infratuzilma, oqilona moslashtirishlar taklif qilishni istamaslik va nogironlar inklyuziyasiga salbiy ta’sir qiladigan nomutanosib tarafkashlik kabi to‘siqlar sog‘liqni saqlash tizimi va mehnat bozorida ham mavjud bo‘lib, oxir-oqibat bu muammolar nogironligi bo‘lgan insonlar imkoniyatlarini cheklanishiga olib kelmoqda.
Yuqoridagi muammolarga qaramasdan, SI texnologiyalari nogironlarga yordam berishda bir qator ijobiy natijalarni namoyon qilmoqda. Dunyo bo‘ylab kamida bitta qulog‘ida eshitish zaifligi bo‘lgan 1,5 milliarddan ortiq insonlar uchun SI qurilmalari nutqni matnga o‘girib berish, tovushlarni aniqlash va turli tovushlarni ajratish uchun dasturlardan foydalanish kabi xizmatlarni taklif etmoqda. Ko‘zi ojiz bo‘lgan 43 million, o‘rta va og‘ir darajada ko‘rish qobiliyati zaif bo‘lgan 295 million va ko‘rish qobiliyati engil darajada zaif bo‘lgan 258 million insonlar uchun SI yuz ifodalari va imo-ishoralarni ifodalab berish, shuningdek tasvirlar, atrof-muhit va masofani aniqroq tasvirlab berish orqali insonlar o‘rtasida o‘zaro muloqot sifatini oshirishda katta hissa qo‘shmoqda. Texnologiyaning ushbu yutuqlari izolyatsiya tuyg‘usini kamaytirishga, inson qobiliyatlarini takomillashtirish va mustaqil bo‘lishni rag‘batlantirishga ko‘maklashadi, albatta.
Assistiv texnologiyalarda SIni muvaffaqiyatli qo‘llash turli xil ma’lumotlar va bilimlarning mavjudligini kafolatlash uchun nogironlar jamoalari bilan yaqin hamkorlik qilishni talab qiladi. Tajribali foydalanuvchilarning xulosalariga asoslangan holda shuni aytishimiz mumkinki, SI assistiv texnologiyalarni tatbiq etish uchun moslashuvchan xizmatlarni taqdim etishni osonlashtiradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasida arzon narxdagi assistiv texnologiyalar va xizmatlardan teng foydalanish muhimligi ta’kidlangan, chunki qimmat qurilma va xizmatlar ko‘pincha rivojlanayotgan mamlakatlarda insonlarni tabaqalashdan boshqasiga yaramaydi.
Dunyo aholisining taxminan 1 foizi, ya’ni 75 milliondan ortiq odam, hozirda autizm spektri buzilishi tashxisiga ega, bu neyroxilma-xillikning bir qismi sifatida tan olingan tez rivojlanayotgan muammo bo‘lib hisoblanadi. Autizmi bor insonlarning 85 foizi ishsizligi sababli, SI yangi ish imkoniyatlarini yaratishda katta hissa qo‘shishi mumkin. 2004-yilda tashkil etilgan Specialisterni xalqaro tashkiloti kadrlar qobiliyatlarini hisobga olgan va texnologiya salohiyatiga e’tibor qaratgan holda korxonalarga neyroxilma-xilligi bo‘lgan insonlarga mos keladigan ish joylari topishda yordam berib kelmoqda. Xuddi shunday, Mentra startapi SI yordamida neyroxilma-xilligi bo‘lgan insonlarni asosan dasturshunoslik bilan bog‘liq sohalarda ish bilan ta’minlashda faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, assistiv texnologiyalarni yaxshilash uchun SIdan foydalanayotgan Limbitless Solutions kompaniyasi bolalar uchun 3D bionik qo‘llar kabi protez moslamalari yaratishni takomillashtirmoqda.
Nogironligi bo‘lgan insonlar uchun SIni samarali qo‘llash, neyro-rivojlanishida nuqsoni bo‘lganlarga yordam berish uchun robotlashtirilgan jarayonlarni tatbiq etish, paraplejik insonlar uchun ekzoskeletlardan foydalanish va SIga asoslangan ishga qabul qilish tizimi va qaror qabul qilish vositalarini joriy etishni o‘z ichiga oladi. Ushbu misollar qobiliyatni namoyish etishni kengaytirish va samaradorlikni oshirishda qo‘l keladi. SI yordamida yaratilayotgan katta imkoniyatlarga qaramay, inson omilining pasayishi va nuqsonli ishlab chiqilgan tizimlarni joriy etish bilan bog‘liq bir qator muammolar ham mavjudligini ta’kidlab o‘tish muhimdir. Agar ma’naviy rivojlanish va foydalanuvchilarga yo‘naltirilgan dizayn ustuvor vazifaga aylansa, SI hayotni sezilarli darajada yaxshilashi va foydalanish darajasini kengaytirishga katta hissa qo‘shish imkoniyatiga ega.
SIdan foydalanishning nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqlar yaratadigan bir misoli ovoz tanish texnologiyasi sohasida. Ko‘p SI tizimlari boshqarish uchun ovozli buyruqlarga tayanadi, bu nutqida kamchiliklari bo‘lgan yoki texnologiya tomonidan oson tushunilmaydigan aksentlari bo‘lgan shaxslar uchun qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Boshqa bir misol - bu kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan veb-saytlar va ilovalar sohasida, SI tomonidan boshqariladigan kontent va funksiyalar ko‘rish yoki harakatida nogironligi bo‘lgan insonlarning ehtiyojlarini hisobga olmagan holda loyihalashtirilishi mumkin, bu esa foydalanish imkoniyati to‘siqlarini yaratadi. Shuningdek, SI tomonidan boshqariladigan avtomatlashtirilgan qaror qabul qilish tizimlari nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘ziga xos ehtiyojlari va sharoitlarini hisobga olmay, ularni bilmasdan diskriminatsiya qilishi mumkin.
Ish joyida SIdan ko‘proq foydalanish uchun hukumatning har bir inson uchun asosiy farovonlikni ta’minlash yo‘lidagi tamoyillarni yana qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. Tadqiqotlarga asosan avtomatlashtirish oqibatida ishlab chiqarishdagi ish o‘rinlarining sezilarli darajada qisqarishi hammamizga ma’lum va SI barcha sohalarda xodimlarni ishga yollashda qo‘llanilish holatlari asta-sekin ortmoqda. SI davrida nogironlar inklyuziyasi va xavfsizligini ta’minlash, jamoat tarafkashliklarini bartaraf etish va keng qamrovli axloqiy va me’yoriy yo‘riqnomalarni amalga tatbiq etish nihoyatda katta ahamiyatga ega.
Nogironligi bo‘lgan insonlarga SIning, ayniqsa, dasturda o‘rganishga asoslangan SIning ta’siri juda katta. SI to‘siqlarni bartaraf etish va inklyuzivlikni rag‘batlantirish borasida katta imkoniyatlarga ega, ammo jarayonda nogironligi bo‘lgan insonlar uchun qo‘shimcha to‘siqlar yaratish xavfi ham e’tibordan xoli emas. SI jadal rivojlanayotgan bir paytda, inklyuzivlik va barcha uchun qulay muhitni yaratish borasida SIning afzalliklarini kengaytirish va yuzaga kelishi mavjud bo‘lgan xavflarni kamaytirish maqsadida turli SI yechimlarni ishlab chiqishda nogironligi bo‘lgan insonlarning faol ishtiroki juda muhimdir.