O‘zbekistonda GXFUni iste’moldan chiqarishni yakunlash bo‘yicha BMTTD va GEJ loyihasining sarhisoblari
5-November, 2024
Qibrayda Global ekologik jamg‘arma moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan BMTTD hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining “O‘zbekistonda ozonni buzuvchi salohiyati nolga teng va global isitish salohiyati past bo‘lgan energiya jihatidan samarali texnologiyalarni joriy etish orqali GXFUni butunlay iste’moldan chiqarishni yakunlash” qo‘shma loyihasining yakuniy tadbiri bo‘lib o‘tdi. 2019-yildan boshlab loyiha faoliyati Monreal bayonnomasi doirasida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun O‘zbekistonda GXFUdan bosqichma-bosqich voz kechishga yo‘naltirilgan.
1980-yillarda olimlar inson tomonidan yaratilgan sovutish texnikasi va havoni shamollatish tizimlarida qo‘llaniluvchi sovituvchi agentlar ozon qatlamini yemirishini aniqlaganlar. Shu munosabat bilan, butun dunyo mamlakatlari ozon qatlamini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi va uning Monreal bayonnomasi doirasida ozon qatlamini qayta tiklash uchun harakat qilishga kelishuvga erishgan.
Shunday qilib, BMTTD, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda GEJ loyihasi GXFU importi / eksporti va qo‘llanilishini nazorat qilishga doir milliy qonunchilikni takomillashtirish; bojxona organlari salohiyatini mustahkamlash; GXFU qayta qo‘llanilishi tizimini mustahkamlash va GXFUni almashtirish bo‘yicha ko'rgazmaviy loyihalarni amalga oshirish; axborot-tushuntirish faoliyatini olib borish va resurslarni safarbar qilish; shuningdek genderga oid integratsiya orqali Monreal bayonnomasi maqsadlariga erishish masalasida O‘zbekiston hukumatiga ko‘maklashib keldi.
Tadbir chog‘ida ishtirokchilar loyihaning asosiy natijalarini muhokama qilib, o‘z navbatida, loyiha hamkorlari loyihaning professional faoliyatiga ijobiy ta’sirini qayd etdilar.
Loyihaning asosiy yutuqlari qatorida ozonni buzuvchi moddalardan butunlay voz kechish bo‘yicha Milliy dastur qabul qilinganligi ta’kidlandi. Ishtirokchilarning aytishicha, ushbu dasturning qabul qilinishi global maqsadga erishish yo‘lida idoralararo hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratilishiga xizmat qildi.
Loyiha bojxona imkoniyatlarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Loyiha ko‘magi ostida Davlat bojxona qo‘mitasining laboratoriyasi milliy darajadagi ISO 17025 sertifikatini qo‘lga kiritib, Butunjahon bojxona tashkiloti tomonidan Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi sifatida e’tirof etildi. Loyiha yordamida Davlat bojxona qo‘mitasining 300 dan ortiq mutaxassisi o‘qitilib, bu O‘zbekistonning ozonni buzuvchi moddalarni nazorat qilish va xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta'minlash qobiliyatini oshirdi.
Ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston viloyatlarida “Monomarkaz” professional ta’lim markazlari negizida sovutish qurilmalari va havoni shamollatish tizimlari sohasida ishlaydigan mutaxassislarni ozon uchun xavfsiz xladagentlar asosida ishlaydigan qurilmalarni boshqarish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitish uchun professional tayyorlash markazlari tashkil etildi.
Xususan, ko‘rgazmaviy loyihalarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Loyiha doirasida butun mamlakat bo‘ylab oltita ko‘rgazmaviy obyektda GXFU asosida ishlaydigan qurilmalar past global isitish salohiyatiga ega bo‘lgan zamonaviy ozon uchun xavfsiz muqobil qurilmalarga almashtirildi. Bu loyihalar barqaror sovutish va shamollatish usullarini namoyish qilib, butun O‘zbekistondagi korxonalar uchun model sifatida xizmat qiladi hamda energiya jihatidan samarador, ozon uchun xavfsiz texnologiyalarning iqtisodiy va ekologik afzalliklarini ta’minlaydi.
Bu orada, GXFUni utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo‘yicha 12 ta markazni qamrab oluvchi GXFUni qayta ishlash tarmog'ining yaratilishi loyihaning yana bir ahamiyatli yutug‘i bo'ldi. Bugungi kunda 13 805 kg GXFU qayta ishlanib, 1 356 kg qayta tiklandi. Bu atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish borasida sezilarli qadam hisoblanadi.
Loyiha hamkorlari an’anaga ko‘ra erkaklarga xos bo‘lgan ushbu faoliyat sohasida ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan loyiha faoliyatini alohida qayd etdilar. Genderga oid integratsiya loyihaning asosiy yo‘nalishi bo‘lib, uning doirasida mazkur sohada ta’lim olayotgan xotin-qizlarga stipendiyalar taqdim etilib, shuningdek ayollar boshchiligidagi to‘rtta startapga ko‘mak ko‘rsatildi.
Ishtirokchilar loyiha GXFUdan voz kechish va muqobil ekologik xavfsiz xladagentlarga o‘tishni tezlashtirish sohasida mustahkam zamin yaratganligi yuzasidan yakdil fikrga keldilar. Loyiha yakunlanganiga qaramay, u hamkorlik tashkilotlari, trening markazlari, ko‘rgazmaviy loyihalar va yo‘lga qo‘yilgan raqamli platformalar orqali o‘z ta’sirini davom ettiradi.