Muallif: Guzal Fayziyeva
Energiya tejamkor kelajakni qurish: Samarqandlik qurilish muhandisi yashil texnologiyalarning afzalliklari haqida
7-November, 2024
Samarqandning qoq markazida joylashgan, uchta madrasadan iborat mashhur me’moriy ansamblga ega mahobatli Registon maydoni dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar uchun asosiy manzil, mahalliy aholi uchun esa bolalikdan tanish bo‘lgan ona shahrining ramzidir. 1993-yilda kuchli yomg‘irlar natijasida Tilla qori madrasasi qurilishida sezilarli deformatsiyalar sodir bo‘lganda, professor Asqar Hasanov rahbarligidagi korxona o‘rta asrlar inshootining markaziy gumbazli qismini mustahkamlash bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan edi, bu unga abadiylikka tegish va Samarqandning asosiy diqqatga sazovor joyini saqlab qolishga kichik bo‘lsa-da, o‘zining salmoqli hissasini qo‘shish imkonini berdi. Ota izidan borishga qaror qilgan o‘g‘il va hikoyamiz qahramoni Zohir Hasanov ham o‘z hayotini arxitektura va qurilish bilan bog‘lashga qaror qildi. Bugungi kunda u texnika fanlari nomzodi, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti dotsenti, shuningdek, arxitektura, muhandislik va qurilish sohasida keng ko‘lamli xizmatlar ko‘rsatuvchi “GeoFundamentProject” ilmiy-tadqiqot loyiha-qidiruv instituti direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.
Zamonaviy arxitektura jadal rivojlanmoqda, toboro mukammal loyihalar va energiya samaradorligiga qo‘yiladigan talablar ham ortib bormoqda – bu sog‘lom muhitni shakllantirishda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, energiya tejamkor texnologiyalar qishloq hududlarida juda zarur, chunki O‘zbekistonda uy-joylarning 70 foizi aynan qishloq hududlarida qurilmoqda va bu tabiiy resurslarga bosimni oshirmoqda.
Arxitektura va rejalashtirish passiv yechimlari ko‘p jihatdan zamonaviy qurilishda energiya samaradorligini ta’minlashga yordam beradi. Zohir Hasanov ham ko‘plab hamkasblari kabi BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan tashkil etilgan o‘quv treninglarida bunday passiv yechimlarining afzalliklari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishdi. Treninglar Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda va GEF ko‘magida, 2024-yilning aprel-iyun oylarida o‘zbekistonlik hamda qoraqalpog‘istonlik arxitektor, dizayner, professor va talabalarni bir joyga jamladi. BMTTD ekspertlari ishtirokchilarga passiv isitish va sovitish tizimlariga ega binolarni loyihalashning afzalliklarini taqdim etdilar, ulardan foydalanish atmosferaga zararli issiqxona gazlari chiqindilarini ancha kamaytiradi. Treninglar davomida ishtirokchilar binolarning quyosh nurlanishini hisoblash bo‘yicha dasturiy mahsulotlar va loyihalashda qo‘llaniladigan BIM (Building Information Modeling - Qurilish Ma’lumotlarini Modellashtirish) texnologiyalari bilan tanishdilar.
“Sanitariya me’yorlariga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri kuniga kamida 2 soat davomida turar-joy binolariga tushishi kerak. Yoz kunlarida binolarni haddan tashqari issiqlikdan himoya qilish juda muhimdir. Bizni binoning geografik joylashuvi, quyoshga nisbatan yo‘nalishi, hududning landshafti, atrofdagi obyektlar va boshqa omillarni hisobga oladigan bepul dasturiy mahsulotlar bilan tanishtirishdi. Bundan tashqari, loyihalash va qurilish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan BIM-texnologiyalari haqida ko‘proq ma’lumot olish qiziqarli bo‘ldi”,- deydi Zohir Hasanov.
Treningda ta’kidlanganidek, BIM-texnologiyalari o‘zaro bog‘liq ma’lumotlar muhitini yaratib, geodeziyachi, muhandis-geolog, geotexnik muhandis, arxitektor, dizayner, smetachilarning ishlarini sinxronlashtiradi. Bu nafaqat samaradorlikni oshiradi va xarajatlarni kamaytiradi, balki qurilish davomida shaffoflikni ta’minlab, sifat nazoratini yaxshilaydi.
Ilmiy dalillar shuni ko‘rsatadiki, iqlim o‘zgarishining eng yomon ta’siridan qochish uchun 2030 yilgacha issiqxona gazlari chiqindilari deyarli yarmiga qisqartirilishi kerak. Tabiiy resurslardan samarali foydalanish atrof-muhitga zararli ta’sirlarni kamaytirish va sog‘lom ekologiyani yaratishning eng samarali usullaridan biri bo‘lishi mumkin. Zohir Hasanov har birimiz energiya tejovchi texnologiyalar va materiallarni tanlash orqali bugun sayyoramizni saqlab qolishga hissa qo‘shishimizga ishonadi.
“Quyosh elektr stansiyalari qurilishining ko‘payishi hisobiga biz muhandislik tadqiqotlari, topografiya, loyihalash, shuningdek, stansiya tayanchlarini sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liq to‘liq xizmatlarni taqdim etamiz. Jamoamiz Buxoro, Namangan, Surxondaryo viloyatlari, shuningdek, Samarqand shahrida quyosh elektr stansiyalari qurilishida ishtirok etdi. Toza energiyaga o‘tishni jadallashtirish nafaqat barchamiz, balki kelajak avlodlar uchun ham sog‘lom va yashashga yaroqli sayyora sari yo‘l, deb hisoblayman”,— deydi Zohir.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan hamkorlikda Global Ekologik Jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan BMTTDning “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylarini qurishga ko‘maklashish” loyihasi qishloq aholisiga nafaqat pulni tejash balki o‘zlarining uglerod izlari uchun mas’uliyat bilan qarash uchun noyob imkoniyatni taqdim etdi.
Loyihasining asosiy yutuqlaridan biri turar-joy binolari uchun bir qator qurilish me’yorlarida energiya samaradorligi talablarining kuchaytirilishi bo‘ldi va ikkita yangi normativ hujjat ishlab chiqildi. Bu, o‘z navbatida, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va ularning tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha kelgusidagi loyihalarga asos bo‘ldi.
Yana bir loyiha - “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining qo‘shma tashabbusi bo‘lib, Islom taraqqiyot banki (ITB) va Xalqaro taraqqiyot uchun OPEK jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Ushbu loyiha qishloq aholisiga qulay yashash sharoitlarini yaratish, ularni asosiy infratuzilma, ijtimoiy-iqtisodiy xizmatlar, jumladan, sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlari bilan ta’minlashga qaratilgan. Loyiha maqsadlaridan biri mahalliy arxitektura va qurilish tashkilotlarining salohiyatini oshirishdir, bu esa mahalliy resurslardan foydalanishni rag‘batlantiruvchi, barqaror, energiyadan samarali foydalanadigan, uglerod chiqindilari kam, iqlimga mos va gender jihatidan sezgir dizaynlarni yaratishga yo‘naltirilgan. Bu BIM treninglariga hamohang bo‘lib, zamonaviy, samarali loyihalash va qurilish jarayonlariga barqarorlik tamoyillarini kiritish imkoniyatlarini kuchaytiradi.
Zohir Hasanov ta’kidlaganidek, “Shifokor va o‘qituvchi kasblari inson hayoti, salomatligi va farovonligi bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli eng muhim va mas’uliyatli kasb, lekin dizayner, arxitektor va muhandislar ham butun jamiyat xavfsizligini qo‘llarida ushlab turadi. Shifokor bir bemorning hayotini saqlab qolganiday, bu kasb egalari ham binoni loyihalashtirib, yaratish orqali yuzlab odamlarning farovonligi va xavfsizligi uchun javobgar bo‘ladi”.