Oʼzbekistonda erishilgan soʼnggi yutuqlar tahlili: olingan saboqlar asosida nimalarni takomillashtirish mumkin?
2-June, 2022
Soʼnggi yigirma yil davomida Oʼzbekistonda YaIMning barqaror oʼsishi kuzatilib, iqtisodiyot bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilindi. Kambagʼallik darajasi 2000 yildagi 24 foizdan 2020 yilda 11,5 foizga kamayib, bu 2,2 million kishi kambagʼallik holatidan chiqqanini anglatadi. Biroq, kambagʼallik ko’rsatkichining pasayishi mintaqalararo tengsizliklarga muvofiq boʼlmadi. Darhaqiqat, mintaqaviy tengsizlik saqlanib qolmoqda va yildan-yilga ortib bormoqda, shahar va qishloq joylarda kambagʼallik darajasidagi tafovut kattaligicha qolmoqda. Tahdidlar haqida soʼz ketganda Oʼzbekiston ham bundan mustasno emas: hisobotlarga koʼra, COVID-19 pandemiyasi yana 1 million kishini kambagʼallik holatiga tushirdi.
Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasida 2026 yilgacha kambagʼallikni ikki baravar qisqartirish va 2030 yilgacha daromad darajasi oʼrtadan yuqori boʼlgan mamlakat maqomiga erishish boʼyicha juda ulkan maqsadbelgilab qoʼyilgan. Va hozir Hukumatning kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha dasturlar, siyosat va chora-tadbirlarni amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlari qanchalik samarali boʼlganligi haqida fikr yuritish uchun ayni vaqtidir.
26 may kuni Oʼzbekistonda kambagʼallikni qisqartirish xalqaro forumi doirasida oʼzimiz va boshqalar orttirgan saboqlar bilan ulashish maqsadida «Oʼzbekistonda erishilgan soʼnggi yutuqlar tahlili: olingan saboqlar asosida nimalarni takomillashtirish mumkin» mavzusidagi muhokamani tashkil qilishda ishtirok etdik. Tadbirni BMT Taraqqiyot dasturining Oʼzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska olib bordi. «Oʼzbekiston hukumati islohotlar, oʼzgarishlar va tizimli takomillashtirishlarni amalga oshirish borasida qatʼiy yondashuvga ega va ochiq boʼlib, bularning barchasi kambagʼallikni qisqartirish maqsadiga qaratilgan. Biroq Hukumat samarali va maqsadga yoʼnaltirilgan siyosiy qarorlar qabul qilish uchun daromadlar nuqtai nazaridan kambag’allikni oʼlchashning o’zi yetarli emasligi va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligini eʼtirof etadi», — dedi u.
Tadbirda soʼzga chiqqan BMT Taraqqiyot dasturining Botsvanadagi doimiy vakili Balaj Xorvat «Daromadga asoslangan mutlaq va nisbiy kambagʼallik koʼrsatkichlariga ajoyib qoʼshimcha boʼlgan Koʼp oʼlchamli kambagʼallik indeksini qoʼllayotgan mamlakatlar faqat pul koʼrinishidagi daromadlar yondashuvidan chetga chiqqan holda, tengsizlik oʼlchamlari bilan birga taqsimlanish nuqtai nazarlarini joriy qila boshlaydi».
Oʼzbekistonda keyingi 5 yil ichida kambagʼallikni ikki baravar qisqartirishdan iborat ulkan maqsadni amalga oshirish uchun yanada koʼproq saʼy-harakat va investitsiyalar talab etiladi. Amalga oshirilayotgan siyosatning taʼsirini tushunish va muvaffaqiyatga erishishning asosiy omillarini umumlashtirishda tahlil markazlarining roli juda muhim. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha siyosat va chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʼyicha katta ishlarni amalga oshiruvchi asosiy muassasalardan biridir. Markaz Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi rahbarligi ostida va koʼplab hamkorlar, jumladan BMT Taraqqiyot dasturi koʼmagida amalga oshirilgan «Oʼzbekistonning 2022-2026 yillarga moʼljallangan qashshoqlikni qisqartirish boʼyicha strategiyasini ishlab chiqish jarayonida ishtirok etdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov shuni takidlab o’tdiki 2022-2026 yillarga moʼljallangan kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha Milliy strategiyada aholi bandlik darajasini oshirish va tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlash, taʼlim va sogʼliqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish orqali inson kapitalini rivojlantirish, davlat xizmatlari infratuzilmasidan foydalanish qulayligini oshirish, atrof-muhit degradatsiyasiga qarshi kurashishga qaratilgan keng koʼlamli chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Oʼzbekistonda 2022-2026 yillarga moʼljallangan qashshoqlikni qisqartirish strategiyasi loyihasini qoʼllab-quvvatlayotgan BMT Taraqqiyot dasturi xalqaro eksperti Rikardo Pinto shuni takidlab o’tdiki kambagʼallikni qisqartirish negizida ish oʼrinlarini yaratish masalasi yotadi. Shu bois, mamlakatning soni oʼsib borayotgan yosh aholisi ijobiy oʼzgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi boʼlish uchun misli koʼrilmagan imkoniyatga ega boʼlmoqda, biroq yoshlarning bu salohiyatini faqatgina yangi ish oʼrinlari, chunonchi XXI asr uchun dolzarb boʼlgan munosib ish oʼrinlari yaratish orqali ochish mumkin.
Kambagʼallik koʼp oʼlchamli tushuncha boʼlib, faqat daromadlar bilan bogʼliq emas. Hozirgi kunda koʼproq kambagʼallikka nisbatan koʼp oʼlchamli yondashuv: insonlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, taʼlim va, albatta, inkyuziv sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati toʼgʼrisida soʼz yuritilmoqda. Chunonchi COVID-19 pandemiyasi davrida inklyuziv tibbiy xizmatlaring ahamiyati yaqqol namoyon boʼldi.
Orttirilgan saboqlar boʼyicha muhokamalarning davomi sifatida tadbirdan soʼng «Koʼp oʼlchamli kambagʼallik: oʼlchashdan siyosiy qarorlar ishlab chiqishda foydalanishgacha» mavzusida maxsus davra suhbati boʼlib oʼtdi. Unda siyosatchilar, kambagʼallik va rivojlanish masalalari boʼyicha ekspertlar va boshqa manfaatdor tomonlar tomonidan Oʼzbekistondagi koʼp oʼlchamli kambagʼallikning oʼziga xos xususiyatlari va u bilan bogʼliq oʼlchov muammolari hamda fakt va dalillarga asoslangan siyosatni ishlab chiqish uchun koʼp oʼlchamli kambagʼallikka oid ishonchli, kontekstga xos koʼrsatkichlarning muhimligi yanada batafsil muhokama qilindi. Forumda ishtirok etish uchun alohida taklif etilgan Oksford universiteti qoshidagi Kambagʼallik va inson taraqqiyoti boʼyicha Oksford tashabbusining taniqli eksperti Sabina Аlkire Koʼp oʼlchamli kambagʼallik indeksi toʼgʼrisida maʼlumot berib, boshqa mamlakatlar tajribasi bilan oʼrtoqlashdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov BMT Taraqqiyot dasturi va YuNISEF bilan hamkorlikda Oʼzbekiston ehtiyojlari va sharoitlariga moslashtirilgan koʼp oʼlchamli kambagʼallikni oʼlchashning milliy vositasini ishlab chiqish boʼyicha olib borilayotgan ishlar toʼgʼrisida alohida toʼxtalib oʼtdi.