Qurg'oqchilik, iqlim va tuproq sho'rligi sharoitida dehqonchilik bo'yicha bilimlarni oshirish uchun samarali o'quv safari
9-June, 2023
31 may – 3 iyun kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Agrobiznes kasb-hunar ta’limi dasturi bo‘yicha tahsil olayotgan bir guruh afg‘onistonlik talaba qizlarning O‘zbekistonning shimoliy-g‘arbiy hududlarida o‘quv safari bo‘lib o‘tdi. Sayohat davomida talabalar qurg‘oqchil iqlim va tuproq sho‘rlangan sharoitda paxta, g‘alla, poliz va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun dala sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar.
Xususan, afg‘onistonlik talabalar Buxoro davlat universitetida bo‘lib, Robototexnika innovatsion markazi, Agronomiya va biotexnologiya fakultetining tuproqshunoslik, zoologiya va o‘simlikchilik laboratoriyalari faoliyati bilan real sharoitlarda tanishishdi. Romitanda tashkil etilgan “Buxoro Varnet” agroklasteri talabalarda alohida qiziqish uyg‘otdi, bu yerda ilgari cho‘lda yetishtirilmagan banan, qulupnay, papayya, 45 dan ortiq pomidor va boshqa noyob ekinlar himoyalangan er sharoitida yetishtirish o‘zlashtirilgan. Agroklasterga tashrif chog‘ida yangi qishloq xo‘jaligi texnologiyalari – InVitro laboratoriyasi ishi, mikroiqlim, gidro va akvaponika tizimlari bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi.
Xorazm viloyatidagi “Shovot-tekstil agroklaster” korxonasida mahorat saboqlari tashkil etilib, talabalar paxta ekish, tolani qayta ishlash, ip-kalava ishlab chiqarish va tayyor kiyim tikishdan tortib to‘qimachilik ishlab chiqarishning butun tsiklini ko‘rdilar.
O‘quv safari BMT Taraqqiyot dasturining Nukus shahridagi mintaqaviy vakolatxonasiga tashrif bilan yakunlandi va u yerda loyihalar xodimlari Qoraqalpog‘iston aholisining turmush sharoitini yaxshilash, Orolbo‘yida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini, ayniqsa ayollarni, qo‘llab-quvvatlash qaratilgan, shuningdek, Orolbo‘yidagi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga o‘z faoliyati natijalari, shuningdek, suv yetishmasligi, degradatsiya va tuproqlarning sho‘rlanishi ortib borayotgan sharoitda ekinlar hosildorligini oshirish uchun yangi agrotexnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari haqida so‘zlab berdilar.
Bundan tashqari, sayohat davomida afg‘onistonlik talabalar Ellikqal’ada o‘tkazilgan “Sahro sadosi” do‘stlik festivalida ishtirok etishdi, Buxoro, Xiva, Bo‘ston, Nukus, Samarqand shaharlarining tarixiy-madaniy maskanlarida bo‘ldi, O‘zbekiston tarixining muhim jihatlari bilan tanishdi.
Ushbu samarali o‘quv safari Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan va BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan “2-bosqich: Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda ta’lim va malaka oshirish orqali afg‘on ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash” mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi. Safar ishtirokchilarining fikriga ko'ra, olingan bilimlar bevosita dala sharoitida ustuvor o'qitishni ko'zda tutuvchi Agrobiznes kasb-hunar ta’limi dasturi uchun mustahkam asosdir.