BMT Taraqqiyot Dasturi mahalliy mutaxassislarni loyihalashda energiya tejamkor usullarni qo‘llashga o‘rgatadi

14-June, 2024

tadbir qatnashchilari o‘z sertifikatlari bilan

Rasm: O‘zbekistondagi BMTTD

Aholini energiya tejamkorligi bo‘yicha ta'lim bilan ta'minlash hozirgi davrning nihoyatda muhim va dolzarb vazifasidir. O‘zbekistonda energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish jarayoni BMTTD hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan, Global Ekologik Jamg‘armasi (GEF) tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar-joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasini amalga oshirish natijasida jadal rivojlanmoqda. Shuningdek, loyiha ushbu sohadagi tegishli mutaxassislarning xabardorligini oshirishga yordam beradi.

 

2024 yil aprel-iyun oylarida loyiha doirasida arxitektor-loyihachilar, shuningdek, ushbu soha professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun mamlakatimizning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida treninglar o‘tkazildi. Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Texnik me'yorlash va standartlashtirish ilmiy tadqiqot instituti ko‘magida hamda BMTTDning O‘zbekistondagi yana bir loyihasi – “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” bilan hamkorlikda tashkil etildi.

tadbir qatnashchilari kompyuter sinfida

Rasm: O'zbekistondagi BMTTD

BMTTD ekspertlari ishtirokchilarga passiv isitish va sovutish tizimlariga ega binolarni loyihalashning afzalliklarini taqdim etdilar, ulardan foydalanish atmosferaga zararli issiqxona gazlari chiqindilarini ancha kamaytiradi. Bir kunlik o‘quv seminarlari davomida ishtirokchilar bino insolyasiyasini hisoblaydigan onlayn va offlayn dasturiy ta'minotlar bilan tanishdilar. Treninglarda, shuningdek, loyihalash va qurilish jarayonlarining sifatini oshirish va shaffofligini ta'minlashda BIM (Building Information Modeling – Binoni Ma'lumotli Modellashtirish) texnologiyalarining o‘rni alohida ta'kidlandi. BMTTD/GEF loyihasining yana bir muhim faoliyati – energiya tejamkor qurilish materiallari va texnologiyalarini sotib olish uchun ajratilgan yashil investisiyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi taqdim etildi. Tadbirlarda jami 250 ga yaqin mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.

 

Eslatib o‘tamiz, BMTTD/GEF loyihasi 2017 yildan buyon amalga oshirilmoqda. Loyihaning muhim yutug‘i 24 turdagi energiya tejaydigan uylarning loyihalarini ishlab chiqish bo‘ldi. Loyiha, shuningdek, binolar uchun energiya samaradorligi bo‘yicha yanada qat'iy talablarni joriy etish uchun bir qator qurilish me'yorlarini qayta ko‘rib chiqdi. Bu butun respublika bo‘ylab energiya tejamkor va kam uglerodli uy-joylarni ommaviy qurilishiga turtki bo‘ldi. Bundan tashqari, loyiha 1358 ta energiya tejamkor va kam uglerodli uylar va ko‘p qavatli tarag‘joy binolarini qurishda moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatgan.

tadbir qatnashchilari stol atrofida, orqada BMTTD banneri

Rasm: O'zbekistondagi BMTTD