O‘zbekistonda binolarning energiya samaradorligini monitoring qilish sifat jihatidan yangi bosqichga chiqadi

2-October, 2024
a man standing in front of a computer screen

UNDP Uzbekistan

BMT Taraqqiyot Dasturi va hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari doirasida 2024-yil 30-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti negizida tashkil etilgan Raqamli Resurs Markaziga yangi zamonaviy uskunalar topshirildi. Raqamli resurs markazi energiya sarfini samarali kuzatib borish va energiyani tejash yo‘llarini ishlab chiqish uchun zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni birlashtirgan, ham byudjetga, ham atrof-muhitga foyda keltiradigan asosiy muassasa hisoblanadi.

Raqamli resurs markazi binolarning energiya iste’moli bo‘yicha ma’lumot to‘plash orqali energiyani behuda sarflash sabablarini aniqlash va energiya tejash choralarini rejalashtirish imkonini beradi. Bunday faoliyat atrof-muhitni muhofaza qilishga hissa qo‘shadi va Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishga xizmat qiladi. BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam markazning samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, bu IT- uskunalar, ofis mebellari va energiya auditini o‘tkazish uchun zamonaviy vositalarini taqdim etishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, tez orada institutning rasmiy veb-saytiga integratsiya qilingan va energiya tejamkor uy-joy qurilishi haqida xabardorlikni oshirishga xizmat qiladigan veb-platforma ham ishga tushirilishi kutilmoqda.

a person sitting at a desk in front of a window

UNDP Uzbekistan

Qayd etilishicha, yangi jihozlar Markaz jamoasiga energiya sarfi haqidagi ma’lumotlarni qabul qilish va qayta ishlashni avtomatlashtirish, tezkor monitoring o‘tkazish va binolarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish imkonini beradi. Shuningdek, yangi resurslar Markazga energiya tejamkor va kam uglerodli uy-joylarni loyihalash, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha muhim treninglar o‘tkazish, O‘zbekistonning energiya samaradorligini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

“Biz raqamli resurs markazini qo‘llab-quvvatlashdan va uning keyingi samarali faoliyati uchun poydevor qo‘yishdan mamnunmiz. Markaz faoliyati vazirlik xodimlarini o‘qitish va salohiyatini oshirish, shuningdek, energiya tejaydigan texnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishning afzalliklarini namoyish etishda muhim ahamiyatga ega”,
— dedi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim.

Ta’kidlash joizki, Global Ekologik Jamg’armasi (GEF) tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu yordam BMT Taraqqiyot Dasturi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” qoʻshma loyihasi doirasida ko‘rsatilmoqda. Loyihadan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston qishloq aholisini atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda yanada qulay va arzon turmush sharoitlari bilan taʼminlashdan iborat.