BMTTD binolarning energiya samaradorligini monitoring qilish uchun yuqori texnologiyali uskunalarni taqdim etdi

1-July, 2024
Surat: BMTTD O'zbekiston

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va hamkorlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari natijasida zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Raqamli resurs markaziga takdim etildi. Xususan, 15 ta monoblok, elektron doskasi, 16 ta uzluksiz quvvat manbalari (UPS), tarmoq kommutatori, Wi-Fi router va rangli ko‘p funksiyali printer taqdim etildi.

"Yangi uskunalar bizning ishimizni tezlashtiradi va osonlashtiradi, binolar energiya iste'moli to‘g‘risidagi ma'lumotlarni qabul qilish va qayta ishlashni avtomatlashtirishga, tezkor tartibda kuzatib borishga va binolarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishga imkon beradi",
- deb qayd etdi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Texnik me'yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Azamat Aliev.

Raqamli resurs markazining asosiy vazifasi binolarning energiya iste'moli to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘plash, shuningdek, energiya auditi asosida ularning energiya samaradorligini nazorat qilishdir. Bundan tashqari, maxsus xodimlar energiya tejamkor va kam uglerodli binolarni loyihalash, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha zarur treninglar va maslahatlar beradi. Shuningdek, Raqamli resurs markazini to‘laqonli ishlashi va zarur sharoit yaratish maqsadida BMTTD loyihasi doirasida yaqin kelajakda ofis mebellari va energiya auditi uchun zamonaviy uskunalar, jumladan, teplovizor, portativ issiqlik uzatish koeffisientini o‘lchash tizimi, elektr energiyasi sifati tahlil kilish uskunasi, elektromagnit maydon darajasini o‘lchagich va boshqa qimmatbaho qurilmalar topshiriladi.


Eslatib o‘tamiz, ko‘mak BMTTD va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uylari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha Global Ekologik Jamgarmasi (GEF) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha energiya samarador texnologiyalar va qurilish materiallarini kreditlash mexanizmini ishlab chiqish, sinab ko‘rish, keng ko‘lamda ommalashtirish vositasi orqali O‘zbekistonda tez rivojlanayotgan uy-joylar qurilishi sektorini yanada barqaror va kam-uglerodli uylarni qurishni yo‘liga qo‘yishga qaratilgan. Bu esa mamlakatning qishloq joylarida istiqomat qiluvchi aholining kam-uglerodli turar-joy binolariga bo‘lgan talabini o‘sishiga olib keladi. Loyihaning maqsadi respublikamiz hududlari aholisini atrof-muhitga zarar keltirmaydigan, takomillashtirilgan va arzon turmush sharoitlari bilan ta'minlashdan iborat.