O‘zbekistonlik talabalar Rimdagi ilm va innovatsiyani jamlagan butunjahon oziq-ovqat Forumida ishtirok etdilar
25-October, 2023
Toshkent davlat agrar universitetining bir guruh talabalari 16-20 oktyabr kunlari Rimdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan Butunjahon oziq-ovqat forumida faol ishtirok etdi. Yoshlar delegatsiyasining ishtiroki Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi hamda FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda turli mamlakatlardan ko‘plab yoshlar innovatsiyalar va texnologiyalar yordamida qishloq-oziq-ovqat tizimini o‘zgartirish va global muammolarga qarshi kurashishning eng samarali usullari va vositalarini muhokama qilish uchun yig‘ildilar. Ular orasida o‘zbekistonlik yoshlar delegatsiyasi aʼzolari – Toshkent Davlat agrar universiteti talabalari Abdusalom Abduroziqov, Aʼlo Xolmatova, Madina Saydullayeva, Farrux Ziyodullayev va Husniddin Yorqulovlar ham bor.
O‘zbekiston yoshlar delegatsiyasining Jahon yoshlar forumidagi Yevropa va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha sessiyasidagi murojaatida taʼkidlanganidek, “Mamlakatning zamonaviy yoshlari Orol dengizi inqirozi munosabati bilan O‘zbekiston duch kelayotgan qiyinchiliklarga qaramay, atrof-muhitni tiklash, qishloq xo‘jaligi barqaror rivojlantirish va suv resurslarini saqlash yo‘lida asosiy harakatlantiruvchi kuchdir. Bugungi va ertangi kunning himoyachilari sifatida biz taʼlimni qishloq xo‘jaligi-oziq-ovqat tarmog‘ini yana-da gullab-yashnashining asosi deb bilamiz”.
Forum doirasida O‘zbekiston yoshlar delegatsiyasi FAOning rivojlanayotgan kichik orol davlatlari, kam rivojlangan davlatlar va dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar bo‘limi direktori Anxelika Mariya Xakome Dasa bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham ishtirok etdi. Uchrashuvda dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlar, jumladan, Markaziy Osiyoda agro-oziq-ovqat tizimlari barqarorligini oshirish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) shtab-kvartirasida gibrid shaklda o‘tkazilgan forum butun dunyodan yuzlab manfaatdor tomonlarni jalb qildi. Unda dunyo olimlari, davlat va nodavlat tashkilotlar, shuningdek, mahalliy aholi vakillaridan iborat jaʼmi 150 ga yaqin maʼruzachilar o‘z tajribalari va istiqbollari bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, ishtirokchilarga FAO fan va innovatsiyalar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi taqdim etildi, bu esa agentlikning mamlakat, submintaqaviy, mintaqaviy va global miqyosdagi faoliyati uchun umumiy asosni taʼminlaydi.
Butunjahon oziq-ovqat forumi ekspertlari butun dunyo bo‘ylab yetakchi tahlil markazlari va tadqiqot markazlarini birlashtirgan Italiyaning rasmiy Think20 guruhi da ishtirok etdilar. T20 Italiya rahbarlik qiluvchi G20ning rasmiy ishtirokchilar guruhi bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab yetakchi tahlil markazlari va tadqiqot markazlarini birlashtiradi. U G20ning “g‘oyalar banki” bo‘lib xizmat qiladi va G20 yetakchilariga tadqiqotlarga asoslangan siyosat bo‘yicha tavsiyalar berish bilan shug‘ullanadi. T20 Italiyaning G20 ga bir yillik raisligi doirasida tadqiqot hamjamiyatini, siyosatchilarni va keng jamoatchilikni yaxshiroq jalb qilish uchun inklyuziv, raqamli va siyosatga yo‘naltirilgan bo‘lishga intiladi.
Forum doirasida o‘zaro bog‘liq holda tashkil etilgan uchta tadbir – Global yoshlar forumi, FAO fan va innovatsiyalar forumi va “Qo‘lni-qo‘lga beraylik” tashabbusining investitsiya forumi siyosat, fan, innovatsiya, taʼlim, madaniyat va investitsiya sohalarida avlodlar o‘rtasida ijodkorlik va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi. Tadbirning maqsadi hamma uchun barqaror, inklyuziv va ochlikdan xoli kelajakka erishish uchun milliy, mintaqaviy va global darajada yangi yo‘llar va yechimlarni topishdir.
O‘zining boy dastur tufayli Butunjahon oziq-ovqat forumi hafta davomida yoshlar, fermerlar, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, siyosatchilar, olimlar va investorlar o‘rtasida global oziq-ovqat muammolari bo‘yicha muloqotni rivojlantirishga hissa qo‘shdi.