Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi barqaror baliqchilikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi zamonaviy uskunalarni taqdim etdi
5-March, 2024
Bugun Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida baliq yetishtirishning barqaror amaliyotini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga zamonaviy anjom va uskunalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Taqdim etilgan asbob-uskunalar baliqchilik xo‘jaliklaridagi suvning sifati va energiya samaradorligini oshirish orqali baliqlarning yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Marosimda Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Botir Alimbekov so‘zga chiqib, baliqchilik tarmog‘i O‘zbekistonda oziq-ovqat ishlab chiqarishning muhim tarmog‘i hisoblanishi va ushbu tarmoq mamlakatimiz aholisini yuqori sifatli oqsil bilan oziqlantirishi orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlayotganini alohida ta’kidladi. Baliqchilik tarmog‘i esa, qishloq joylarida yangi ish o‘rinlari yaratish, shu orqali aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riepma o‘z nutqida, taqdim etilayotgan uskunalar yordamida baliq yetishtiruvchi suv havzalarida suvni tozalovchi va dezinfeksiyalashga mo‘ljallangan filtr uskunasi, havzalardagi baliqlar salomatligini yaxshilashini bildirdi. “Sog‘lom baliq, sog‘lom oziq-ovqat sifatida kishilarning sog‘lom boʻlishini anglatadi. Zamonaviy suv filtrlari esa, baliq fermasidan chiqivchi zararli va atrof-muhitni ifloslantiruvchi moddalardan halos etishga ko‘maklashadi va atrof-muhit yaxshilanishiga hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, baliqlar rivojlanishining ilk bosqichlarida ularning oʻsishiga sezirlarli darajada hissa qoʻshuvchi quyosh suv isitgichlaridan foydalanish orqali, elektr energiyasini barqaror ravishda tejashga erishiladi. Bunday nisbatan sodda texnikalarni qo‘llash orqali, baliqchilik tarmog‘i barqarorligiga erish mumkin”, – dedi u.
BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili v.b., Anas Qarman o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi: “Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, bir kishi bir yilda 16 kilogrammdan, milliy me’yor bo‘yicha esa, 12 kg dan kam bo‘lmagan miqdorda baliq iste’mol qilishi zarur. Biroq O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 3,5-4 kilogrammni tashkil etmoqda. Bu keng qamrovli baliq yetishtiruvchi texnologiyalarining eskirgani bilan bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi “Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmini ko‘paytirish hamda baliqchilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi”.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan va BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan EU-AGRIN loyihasi baliq yetishtirishda suvni qayta ishlash va uni quyosh energiyasi yordamida isitish va boshqa zamonaviy usullarni joriy etishga qaratilgan Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti boshchiligidagi Innovatsion guruh sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu guruh, kichik hajmli havzalarda (basseynlarda) intensiv usulda baliq yetishtirish texnologiyasini joriy etish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, ushbu guruh baliqlarning salomatligi va sog‘lom o‘sishini qo‘llab-quvvatlovchi kislorod miqdorini oshiruvchi tizimni havzalarga joriy qiladi. Yevropa Ittifoqi tomonidan beg‘araz taqdim etilgan uskunalar Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Fargʻona viloyatidagi Beshariq kasb-hunar maktabi orqali tadqiqot va amaliyot ishlarini olib borishga hamda loyiha natijalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
Yevropa Ittifoqi va BMTTD O‘zbekiston hukumatiga qishloq xo‘jaligida ayollar huquqlarini kengaytirish va innovatsiyalar orqali yordamida yashil iqtisodiyotga o‘tish yo‘lidagi sa’y-harakatlarida zarur yordam ko‘rsatishda davom etadi.