Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi qishloq xo‘jaligidagi innovator yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydi

14-June, 2024
Photo: UNDP Uzbekistan

Yoshlar kuni arafasida Toshkent davlat agrar universitetida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 10 ta oliy ta’lim muassasalaridagi talaba yoshlar o‘rtasida “Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi” ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Samarqand davlat veterinariya, chorvachilik va biotexnologiya universitetining Nukus filiali yosh ko‘chatlarni ochiq maydonga ekishdan oldin ishlatiladigan yelim plastik idishlar o‘rniga qo‘y junidan tayyorlanadigan biologik idishlarni yaratishga qaratilgan g‘oyasining iqlim va eko tizimga foydasi yuqorililigi bilan mutlaq g‘olib deb topildi va barqaror qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Yevropaning ilg‘or tajribasini o‘rganish uchun o‘quv safariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Toshkent davlat agrar universiteti uy xo‘jaliklari uchun smart veterinariya shifoxonasi taklifi uchun ikkinchi o‘rin va jamoa a’zolarining har biri uchun noutbuk, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti ekinlar bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Space agro” platformasi g‘oyasi uchun uchinchi o‘ringa loyiq deb topilib, jamoa a’zolariga planshetlar taqdim etildi.

Tanlov 3 bosqichdan iborat bo‘lib, dastlabki universitet va institut bosqichlarida 10 ta oliy ta’lim muassasalaridan jami 4099 nafar talaba-yoshlar ishtirok etish xohishini bildirgan bo‘lib, shundan 1851 nafarini xotin-qizlarni tashkil etdi.

Har bir oliy ta’lim muassasasida fakultetlar bo‘yicha jamoalar shakllantirilib, birinchi oliy ta’lim muassalari bosqichi o‘tkazildi. Ushbu tanlovlarda 10 ta oliy ta’lim muassasalarining 44 ta jamoalaridan 264 nafar talaba-yoshlarning (shundan 132 nafar xotin-qizlar) ishtirok etdi, g‘olib jamoalar yakuniy bosqichga yo‘llanma oldilar. 

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adriaen xonim O‘zbekistondagi yoshlarni iqlim o‘zgarishi kabi global muammolarni hal qilish bilan bog‘liq mavzularda Yevropada o‘qish yoki tadqiqot olib borish uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ERASMUS+  va HORIZON kabi boshqa dasturlarda ishtirok etishga undadi. 

Foto: BMTTD O'zbekiston
"Ayollarning ko‘proq tadqiqot olib borishi ilm-fanni yaxshilashga, qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va oilalarning daromadlarini oshirishga olib kelishi mumkin",
- dedi Sharlotta Adrian Xonim, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi.
Foto: BMTTD O'zbekiston
“Iqlim oʻzgarishining taʼsiri tobora yaqqol namoyon boʻlayotgan va barqaror yechimlarga boʻlgan ehtiyoj har qachongidan ham dolzarb boʻlib borayotgan paytda qishloq xoʻjaligi kelajagini shakllantirishda yoshlarning o‘rni beqiyos. Shu bois BMTTD va Yevropa Ittifoqi nafaqat iqlim o‘zgarishiga moslashish, balki qimmatli resurslarimizni asrashga qaratilgan loyihalarni yaratishga o‘zlarini bag‘ishlagan talabalarni qo‘llab quvvatlashdan faxrlanadi. Men ushbu tanlov orqali O‘zbekistonda Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini ta’minlashda, ayniqsa gender tengligi, iqlim o‘zgarishi, kabag’allikni qisqartirish va boshqa global maqsadlarga erishish uchun yangi tashabbuslar kashf etilishiga umid qilib qolaman”,
— dedi Anas Fayyad Qarman, BMT Taraqqiyot Dasturining Doimiy vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Eshmirza Abdualimov ishtirok etdi.  

Tanlovning final bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Agrar soha ayollari uyushmasi tomonidan “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasining moliyaviy ko‘magida amalga oshirildi. Loyiha BMTTD tomonidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi.

Yevropa Ittifoqi – bu 27 ta Yevropa davlatlarining iqtisodiy va siyosiy ittifoqidir. U inson qadr-qimmati, erkinligi, demokratiyasi, tengligi, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, shu jumladan ozchiliklarga mansub shaxslarning huquqlarini hurmat qilish qadriyatlariga asoslanadi. U jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini har kimning manfaati uchun targ'ib qilish maqsadida global darajada faoliyat yuritadi.


Batafsil ma’lumot olish uchun quyidagi emailga murojaat eting: Otabek Eshmatov, EU-AGRIN loyihasining Trening va jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha mutaxassisi, otabek.eshmatov@undp.org