Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) tomorqa yerlar uchun quyosh energiyasidan quvvat oladigan tomchilatib sug‘orish tizimini ishga tushirdi
8-August, 2024
Suv taqchilligi ortib borayotgani sabab, qishloqlardagi aholi o‘z tomorqa yerlarida sabzavot ekinlarini yetishtirishda tobora qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Bunday dolzarb muammoni hal etish uchun innovatsion yechimlar ilgari surilmoqda. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardan biri hisoblanmish Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi aholi tomorqa yerlarini suv bilan kafolatli ta’minlash maqsadida, yangi tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi.
Ushbu tizim uchun 180 metr chuqurlikdan suv chiqaradigan vertikal sug‘orish qudug‘ining suv nasoslari quyosh panellaridan quvvatlanadi. Loyiha doirasida bugungi kunda mazkur tizim 10 ta xonadonning 0,8 gektar yerni tomchilatib sug‘orishi orqali egatlab sug‘orishga nisbatan 60 foizga yaqin suv tejab qolinmoqda. Quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan ushbu sug‘orish tizimining umumiy quvvati esa uning foydasini yana 20 dan ortiq xonadonga kengaytirib jami 3 gektar yerni sug‘orish uchun ham yetadi.
O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va suvga bo‘lgan talabning ortishi atrof-muhit va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solar ekan, Hukumat iqlimga moslashishning asosiy chorasi sifatida fermer xo‘jaliklari boshchiligida tejamkor sug‘orish tizimini joriy qilishni targ‘ib qilmoqda. Quyosh panellari quvvatidan ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi Davlat elektr tizimiga sotiladi, olingan daromad esa sug‘orish qudug‘i va tomchilatib sug‘orish tizimini saqlash va boshqarish uchun sarflanadi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riepma marosimdagi kirish nutqida quyidagilarni ta’kidladi:
“Quyosh energiyasi bilan ishlaydigan ushbu tomchilatib sug‘orish tizimi nafaqat suv tanqisligini bartaraf etadi, balki O‘zbekistonda yanada barqaror qishloq xo‘jaligiga yo‘l ochadi. Eng muhimi, mahalliy tomorqa yer egalari muqobil elektr energiya va sug‘orish tizimidan samarali foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritmoqda, bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda ularning daromadlarini oshirishga xizmat qiladi”.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim ushbu loyihaning muhimligini quyidagicha izohladi:
“Bugun quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan tomchilatib sug‘orish tizimining ishga tushirilishi, butun O‘zbekiston aholisi hayotini yaxshilash yo‘lidagi muhim voqea bo‘ldi. Bugun texnologik innovatsiyalar qashshoqlikni qisqartirish, ochlikka barham berish, suv va energiya xavfsizligi ta’minlash hamda yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha bir nechta Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam berayotganiga guvoh bo‘layapmiz”.
“Iyun oyida qurg‘oqchilik bo‘lib qolar edi. Tomchilatib sug‘orish kelib, hatto yozning kunida ham, bog‘imiz yam-yashil, yangi pomidor, baqlajon va bulg‘or qalampirlarimiz pishib turibdi. Maza qilib bog‘dorchilik qilyapmiz", – deydi xonadonlardan birida yashovchi Maftuna Axmedova.
Rasmiy ochilish marosimida, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Butunboyev, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani hokimi To‘ra Bobolov, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti mutaxassislari, mahalliy hokimiyat vakillari, mahalliy aholi hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Muqobil energiya asosida tomchilatib sug‘orish” Innovatsion guruhi o‘z faoliyatini Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka ilmiy tadqiqot instituti, O‘zbekiston Respublikasi vazirligi huzuridagi Qishloq-oziq-ovqat mahsulotlarini rivojlantirish xalqaro strategik markazi (ISCAD) yetuk mutaxassislari, Toshkent viloyati Agroxizmatlar markazi (AKIS) va Qo‘shtepa mahalla fuqarolar yig‘ini vakillaridan iborat jamoa tomonidan amalga oshirmoqda.